O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrda qabul qilingan PF-246-sonli Farmoni iqtisodiyotning shaffofligini oshirish, naqdsiz to‘lovlarni keng ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha samarali mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan muhim hujjatdir.
Farmonda ta’kidlanishicha, biznes yuritishda raqobat muhitini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va tadbirkorlikni soyadan chiqarishni rag‘batlantirish mamlakatimiz iqtisodiy islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar quyidagi asosiy maqsadlarga erishish vazifasi qo‘yilgan:
— Yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;
— Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish;
— Iqtisodiyotning rasmiy sektorida band aholi ulushini jami iqtisodiy faol aholiga nisbatan 64 foizga oshirish;
— Iqtisodiy erkinlik indeksi va Korrupsiyani idrok qilish indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini kamida 30 pog‘onaga ko‘tarish.
2026-yil 1-apreldan boshlab quyidagi sohalarda to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
— Davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun;
— Elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanish uchun (bank kassalari orqali to‘lovlar bundan mustasno);
— Alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda;
— Yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektr transport vositalarini zaryadlash xizmatlarida;
— Qiymati 25 million so‘mdan ortiq tovar va xizmatlar uchun (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno);
— Ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdisida.
Ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarining oldi-sotdisida hisob-kitoblar bank va notarial organlarning axborot tizimlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab esa barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR-kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subektlarida o‘tkaziladigan ayrim tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu tadbirkorlikka asossiz aralashuvlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, farmonda soliq va bojxona sohasida qator muhim choralar belgilangan. Bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish maqsadida bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat bir yilga bir marotaba beriladi.
Prezidentning ushbu Farmoni iqtisodiyotni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va biznes muhitini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamdir. U nafaqat yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, balki aholi va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini ko‘tarishga xizmat qiladi.
Farmon talablarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi barcha davlat organlari, tadbirkorlik subektlari va fuqarolardan mas’uliyatli yondashuvni talab etadi. Bu islohotlar O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi.
Shavkat YAXSHIQULOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Surxondaryo viloyat sho‘basi yetakchi inspektori

