“Otangga o‘xshama o‘g‘lim”

Date:

Endigina olti yoshga to‘lgan o‘g‘limning berilib rasm chizayotganini ko‘rib, qiziqqancha yoniga bordim.
— O‘g‘lim, nimaning rasmini chizayapsan?
— Sizni, oyimni va o‘zimni, — nigohlarini menga qadadi u.
Suratga ahamiyat bersam, o‘zining va mening ko‘ksimga yurak chizgan va negadir ularni qora rangga bo‘yagandi.
— O‘g‘lim, yurak qizil rangda bo‘ladi, mana bu qalamda bo‘yash kerak edi.
— Buni bilaman…
— Unda nega qoraga bo‘yading?
U menga aybdorona boqib, gapirishda davom etdi:
— Buvimning aytishicha, boshqalarni yig‘latgan odamlarning yuragi qora bo‘larkan, siz kecha oyimni yig‘latdingiz-ku?
Jajjigina o‘g‘limning so‘zlaridan kechagi dilxiralik yodimga tushib ketdi. Jahlimga erk berib qilgan ishimdan o‘z o‘g‘lim oldida uyalib qoldim.
Shunday bo‘lsada gapni hazilga burdim:
— Unda seniki nega qora. Yoki sen ham biror qo‘shni qizni yig‘latdingmi?
— Yo‘q. Men hech kimni yig‘latmadim. Shunchaki! O‘zingiz doim aytasiz-ku, “Sen xuddi menday bo‘lishing kerak”, deb. Shunga…
O‘zi bilib-bilmay dadasiga saboq berib qo‘ygan farzandimni bag‘rimga bosar ekanman, etim jimirlab ketdi. Bo‘g‘zimni kuydirib, bir jumla otilib chiqdi:
— Otangga o‘xshama o‘g‘lim!

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Huquqbuzarliklarning oldini olish — e’tiborda

Termiz harbiy prokuraturasi tomonidan Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismlardan...

Harbiy xizmat: huquq, tartib va mas’uliyat

Termiz harbiy prokurorining yordamchisi, adliya katta leytenanti S.Bebetov Oltinsoy...

Reja ortig‘i bilan bajarildi

Jarqo‘rg‘on tumanida To‘palang suvini aholi xonadonlariga yetkazish bo‘yicha ishlar...

Karta bloklandimi? Sababini bank aytadi

Bank kartasi bloklangan fuqarolar uchun muhim qulaylik yaratildi. Endilikda...
KunTun
KunTun