Janubda tinchlik, do‘stlik va farovonlik ulug‘lanadigan Termiz muloqoti bo‘lib o‘tmoqda

Date:

Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi boshlandi.
Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022-yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surishda ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirish uchun tashkil etilgan forum O‘zbekiston Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi bilan tanishuv bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazilayotgan forum jahon hamjamiyatida katta qiziqish o‘yg‘otdi. Muloqot mahalliy hamda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlarini yagona maqsad yo‘lida Termizda jamladi. Ular Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama etadi. Bunda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashadi.
“Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi bilan tanishuv doirasida 36 gektar maydonda qad rostlagan hozircha mintaqamizda yagona zamonaviy markazning taqdimoti o‘tkazildi.
Erkin savdo zonasida yaratilgan imtiyozlar doirasida barcha chet davlat fuqarolariga O‘zbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda bo‘lish va chiqish imkoniyati beriladi. Multivalyuta, ya’ni O‘zbekiston so‘mi bilan birga AQSH dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan qabul qilish tizimi joriy etilgan. Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona to‘lovlarisiz joylashtiriladi va chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan. Shuningdek, majmuada “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika mareazi, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilgan. Maydoni 50 ming kvadrat-metr bo‘lgan mingta savdo do‘koni, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan.
Xalqaro savdo markazi Karachi-Termiz-Toshkent-Qozoqiston-Rossiya transport koridorining muhim bog‘lovchi qismi hisoblanib, Hind okeani portlariga chiqish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir. Yirik majmuada zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash inshootlari mavjud bo‘lib, yuklarni “Yagona darcha” tamoyili asosida tezkor rasmiylashtirish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Shu yil Xitoy va Qozog‘iston davlatlari xalqaro savdo markazida savdo uylarini ochib, bu yerga keluvchilarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Ayni paytda Qirg‘iziston, Qozag‘iston, Belarus kabi davlatlar ham savdo uylarini ochishga qiziqish bildirmoqda.
Zamonaviy majmua mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Forum 21-may kuni yakunlanadi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Xayr bog‘cha – salom maktab”

Viloyatimizning barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Xayr bog‘cha – salom...

Yong‘in 14 soatda o‘chirildi

Boysun tumanidagi “Kengdala” o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash...

TerDU: targ‘ibot tadbirlari Boysunda

Yurtimizda oliy ta’lim dargohlari soni yil sayin oshib bormoqda....

“Yozgi sog‘lomlashtirish — muhim davr”

Uzun tumanidagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Yozgi sog‘lomlashtirish...
KunTun
KunTun