Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas ishchi tashrif bilan Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad viloyatda ish beruvchilar tomonidan yaratilgan munosib mehnat sharoitlari, ularning dam olish va sog‘liklarni tiklash uchun ko‘zda tutilgan qulayliklar hamda kasaba uyushmalari bilan hamkorlik masalalarini yanada rivojlantirishdan iborat.
Dastur bo‘yicha tashrifning ilk kunida mehmonlar viloyatimizning diqqatga sazovor joylari Al Hakim at-Termiziy, Abu Iso Muhammad Termiziy ziyoratgohlari, Termiz marvaridi hamda Sangardak sanatoriylari, viloyat Arxeologiya hamda Tarix va madaniyat muzeylari bilan yaqindan tanishish asnosida surxondaryoliklarning milliy an’ana va udumlari, milliy o‘yinlar-u vohaga xos aytimlarga ham alohida e’tibor qaratishdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish ishlarini tashkil etish yuzasidan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ayni kunlarda mazkur loyiha doirasida viloyatimizda ham qizg‘in ishlar olib borilmoqdaki, mehmonlar ham ushbu umummilliy loyihaga o‘z hissalarini qo‘shib, yaxshi niyat bilan yerga nihol qadadilar.
Tashrif davomida Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byuroning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas o‘tgan yili ilk marotaba Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkilotlari o‘rtasida tashkil etilgan “Eng namunali jamoa shartnomasi” xalqaro tanlovida munosib ishtirok etib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Termiz daryo porti” MCHJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotida bo‘lib, u yerda ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xodimlarga ish haqi va ijtimoiy to‘lovlarning o‘z vaqtida berilishi, mehnat sharoitlarining xalqaro standart normalariga mosligi bo‘yicha o‘rganib, tegishli tavsiyalarni berib o‘tdi.
O‘rganishlar yakunida tashkilotda mehnatkashlarga yaratilgan shart-sharoitlar alohida e’tirof etilib, kasaba uyushma tashkiloti raisi Ilmira Kalimulinaga Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudirining faxriy yorlig‘i topshirildi.
Shuningdek, Sergeyus Glovaskas ishtirokida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi majlislar zalida tarmoqlar raislari, viloyat kengashi xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, viloyatda ish beruvchilar tomonidan mehnatkashlarga yaratilgan munosib mehnat sharoitlari, bu borada kasaba uyushmalarining amalga oshirayotgan ishlari alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, bugungi kunda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan xodimlar uchun munosib mehnat faoliyati bo‘yicha amalga oshirlayotgan ishlar, qabul qilinayotgan normativ hujjatlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, kasaba uyushmasi faollarining mehnat munosabatlariga oid berilgan savollariga Sergeyus Glovaskas tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
Qizg‘in munozara va savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan mazkur tadbir yakunida munosib mehnat sharoitlari yaratishda ishlarni namunali tashkil etganligi uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi raisi A.Axmedovga Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudirining faxriy yorlig‘i topshirildi.