“Vatanparvarlar”da “Janub Qalqonlari” tengsiz bo‘ldi

Date:

Vatanni sevish, unga munosib farzand bo‘lish har bir insonning burchidir. Biroq Vatanni har kim har xil sevadi. Kimdir uning madhiga ash’or bitsa, yana kimdir shu vatanda ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya berish orqali ham vatanparvarligini ifoda etishi mumkin. Yana kimdir dala-dashtda ekin-tikin qilib, tag‘in boshqa kishilar aql-u salohiyati, yuragidagi samimiy va inja tuyg‘ulari ila Vatan bilan mushtarak.
Endigina o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtga daxldorlik hissi bilan ulg‘aytirish esa har bir davrda ustuvor vazifa sanalgan. Ayni shu maqsadda bugungi kunda umumta’lim muassasalarining 10-, 11-sinfida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlardan iborat “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu o‘quvchilarning har biri vatanparvarlik ruhida ta’lim-tarbiya olishmoqda. Harbiylik ko‘nikmalaridan ham boxabar bo‘lishib, vatanga sodiq, har tomonlama chiniqqan va sportsevar bo‘lib ulg‘ayayotgan o‘quvchilarning mehnati va olayotgan bilimi ham bevosita e’tibor markazida. Ularning turli xil musobaqalarda egallagan bilim va mahoratlari sinovdan o‘tkazilib kelinishining boisi ham shunda.


Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-, 11-sinflarida tahsil olayotgan “Vatan tayanchi” otryad a’zolari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy- sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda viloyatning Termiz shahri va 13 ta tumanlaridan tashrif buyurgan jamoalar o‘zaro bellashdi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida ta’kidlanganidek, yosh avlodni buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, sadoqatli, jismonan baquvvat, bilimli, vatanparvar, barkamol avlod etib tarbiyalashda bu kabi harbiy-sport musobaqalarining o‘rni katta.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022-yil 2-mart kuni tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha shakli va yo‘nalishining yaralishiga asos bo‘ldi.


Shijoatli bellashuvlar, murosasiz va qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan ushbu harbiy-sport musobaqasida yoshlar “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Duatlon”, “Safda qo‘shiq aytish” va “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni Denov tumanining “Janub qalqonlari” jamoasi, 2-o‘rinni Termiz shahrining “Vatanparvarlar” jamoasi va 3-o‘rinni Sho‘rchi tumanining “Temurbeklar” jamoasi qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Jaqo‘rg‘on tuman jamoasi vakili Sherxon Turonov “Eng yaxshi mergan”, Sariosiyo tumani vakili Azizbek Jo‘raqulov “Eng kuchli sportchi” va Qumqo‘rg‘on tumani vakili Javoxir Abdullayev “Temur tuzuklari bilimdoni” hamda Angor tumani vakilasi Durdona Abdullayeva “Eng yaxshi ijrochi” nominasiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.


“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining tantanali taqdirlash marosimida Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘lat Sativaldiyev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat kengashi raisi Jamoliddin Sherdonaqulov, faxriylar va jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar berildi. Musobaqa yakunida rahbar va yoshlar “Yashil makon” — bu kelajak avlod oldidagi bizning majburiyatimiz shiori ostida harbiy qism hududiga mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan holda uch bosqichda o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari yuksak intellektual bilim va yetuk jismoniy tayyorgarlikka, boy tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi avlodini tayyorlashga xizmat qilmoqda.

A.Safarova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun