Yurtimizda xalqaro, umumxalq bayram-u tadbirlari oldi hasharlar, obodonlashtirish ishlari tashkil etilishi qadriyat tusini olgan. Zero, har qanday bayram, xursandchilik, obod yurtga yarashadi. Mana shunday nufuzli festival, qolaversa, bahor mavsumi boshlanishi bilan Surxondaryo viloyatida, xususan, Boysun tumanida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish, manzarali va mevali ko‘chat ekish tadbirlari boshlab yuborildi. Bu borada Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgani dasturilamal bo‘lib xizmat qildi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, hududlarda amalga oshiriladigan vazifalarni belgilash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish tadbiriga start berish maqsadida Boysun tumaniga tashrif buyurdi. Dastlabki manzilda “Xo‘jabulg‘on” mahallasida joylashgan maktab, bog‘cha va tibbiyot maskani faoliyati bilan tanishish bilan birga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ushbu maskanlarida daraxt va gul ko‘chatlari ekish, hududlarini obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahalla “yettiligi”ning amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalari yuzasidan axboroti tinglandi.
Keyingi manzilda viloyat hokimi “Bibishirin” mahallasida joylashgan “chiqindi poligoni” bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan poligon atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadida o‘n qatorli daraxt ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Mutasaddilarga vohadagi barcha “chiqindi poligon”lari atrofida “yashil belbog‘” yaratish ishlarini jadallashtirish vazifasi topshirildi.
Boysun tumaniga tashrif “Boshrabot” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Eco Product” korxonasida davom etdi. Viloyat rahbari sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini olib boruvchi mazkur korxonada ish jarayonlari, tayyor mahsulotlar bilan tanishdi. Tadbirkor bilan suhbatda loyihani kengaytirish, ishlab chiqarish assortimentini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng, tumandagi barcha mahalla, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish tadbiriga start berildi. Viloyat rahbari ham ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etdi. Tuman bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy ko‘chat ekish tadbiri doirasida shu kunning o‘zida 140 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt hamda gul ko‘chatlari, tut va terak qalamchalari ekildi. Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilgan bo‘lib, ayni vaqtga qadar 400 mingga yaqin tut va terak qalamchalari, 100 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tadbirlar davom etmoqda.
Viloyat rahbari tumanga tashrifi davomida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali o‘tkaziladigan turizm kompleksida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi va yanada puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha vazifalar yuklandi.