Sinovdan-da “sinmay” o‘tayotgan qumqo‘rg‘onliklar yoxud sel-toshqin oqibatlari bartaraf etilmoqda

Date:

Xalqimizda “O‘t balosidan, suv balosidan, tuhmat balosidan Yaratganning o‘zi asrasin” degan gap bor. Ana shunday balolardan biri — sel-suv toshqinlari, joriy yilning 21-mart kuni taxminan soat 19:10 larda Qumqo‘rg‘on tuman hududidagi qir va adirliklarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida yig‘ilgan yomg‘ir suvlari, Azlarsoy orqali tumanning “Elobod”, “Yangi shahar”, “Bog‘aro” hamda “Azlarsoy” mahallalari hududiga kirib kelgan.
Ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari ichki suv tarmoqlariga sig‘masdan, mahallalar hududida joylashgan 208 ta xonadonlarning hovli va tomorqalariga, ayrim xonadonlarning uylari, 11 ta ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismlarida, 2 ta ijtimoiy soha obyektlari, qishloq xo‘jaligiga qarashli 157 gektar paxta va 2 gektar g‘alla ekin maydonlari hamda ichki yo‘llarning 8 kilometr masofasi loyqa suvlari kelishi natijasida zarar ko‘rdi.
Ayni odamlar iftorlik dasturxoniga o‘tirgan mahal kelgan ushbu tabiiy ofat hududda istiqomat qiluvchi fuqarolarni tamomila gangitib qo‘ydi. Biroq bundan qariyb 6 yil muqaddam xuddi shunday tabiiy ofat ushbu hudud aholisining sabotini sinovdan o‘tkazgani uchun ham irodali va sabrli qumqo‘rg‘onliklar tezda o‘zlarini qo‘lga olishib, uy-joyi, mol-holi ham ko‘ziga ko‘rinmay, jonlarini asrab qolish muhimligini anglagan holda sel bosgan xonadonlarni tark etib, xavfsiz hududga ko‘chib o‘tishga intilishdi.


Hududni sel bosgani haqidagi xabar barcha darajadagi rahbarlarni oyoqqa turg‘izdi. Shu zahoti favqulodda holat e’lon qilinib, Toshqinga qarshi viloyat shtabi tashkil etilib, shtabga turli tashkilotlardan vakillar biriktirildi. Tezkor ravishda fuqarolarga birlamchi yordam ko‘rsatish, ularni xavfsiz joyga ko‘chirish ishlari boshlab yuborildi. Barcha bir yoqadan bosh chiqarib, Qumqorg‘onga yordamga oshiqdi. Maxsus ishchi guruhlar jalb etilib, talafotlarni aniqlash, sel oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarga tegishlicha yordam ko‘rsatish choralari ko‘rila boshlandi.
Sel-toshqin oqibatida ko‘rilgan zararni aniqlash, bartaraf etish va aholiga ko‘maklashib, uy-joylarini loyqadan tozalash ishlari bilan yaqindan tanishish, aholi vakillarining ko‘ngliga “qo‘l” solib, hol-ahvolidan xabardor bo‘lish maqsadida tumanga tashrif buyurganimizda, sel oqibatlarini bartaraf etish jarayoni qizg‘in kechayotganiga guvoh bo‘ldik.
— Sel kelgani yomon bo‘ldi, biroq ayni hamma uyg‘oq paytda kelgani jonimizga ora kirdi, — deydi “Azlarsoy” mahallasida yashovchi Kumush Qo‘ziyeva. — Negaki, ofat tunda, odamlar uxlayotgan paytda kelganida omon qolish mushkul edi. Uy-joyimizni, mol-mulkimizni loyqa bosdi. Xat-hujjatimiz, kiyim-kechag-u osh-ovqatimiz, bor-budumiz sel suvlari ostida qoldi. Shukrki, jonimiz omon. Qolaversa, viloyat hamda tuman hokimlaridan tortib, mutasaddilar yordamga kelishib, xonadonlarimizga kirishib, loyqadan tozalashga, atrofni obodonlashtirishga jiddiy kirishgani, qiyin vaziyatda qolgan odamlarga yordamga oshiqishgani ortimizda tog‘dek tayanchimiz borligini, yolg‘iz emasligimizni ko‘rsatib turardi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov topshirig‘iga muvofiq, Qumqo‘rg‘on tumanining sel-suv toshqinlaridan talafot ko‘rgan “Elobod”, “Yangi shahar”, “Bog‘aro” va “Azlarsoy” mahallaridagi 61 ta ko‘cha shahar, tumanlar hamda korxona va tashkilotlarga biriktirildi. Hududlardan 10 mingga yaqin hasharchi, 200 dan ortiq yuk mashinalari, 100 ga yaqin maxsus transport, shuningdek, 50 ta motopompa vositalari jalb qilindi.

Hashar ishlari avvalida viloyat rahbari mutasaddilar, shahar va tumanlardan jalb qilingan ko‘ngillilar bilan uchrashib, aholi yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratish va talafot ko‘rgan hududlarni obod maskanga aylantirish bo‘yicha belgilab olingan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi. Shu kunning o‘zidayoq 130 dan ortiq xonadon loyqa suvlardan tozalandi, 12 kilometr ichki yo‘llar toshlandi, 3 mingdan ortiq obyekt hamda 2,5 mingga yaqin suv hovuzlari dezinfeksiyalandi. Aholi qaramog‘idagi 100 dan ortiq chorva mollari xavfsiz hududlarga o‘tkazilib, veterinariya xizmati ko‘rsatildi. Tozalangan va tartibga keltirilgan ko‘chalar bo‘ylab, mingdan ortiq, mavsumga mos daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi. Salomatligida muammosi bor fuqarolar aniqlanib, ularning salomatligini tiklash va tegishlicha ko‘mak berish maqsadida shifokorlar nazoratiga olindi. Eng muhimi, hech kim ushbu ofat tufayli shirin jonidan ayrilmadi, sog‘ligiga ham jiddiy ziyon yetish holatlari aniqlanmadi.
Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmalari boshliqlari, shahar va tumanlar hokimlari rahbarligida biriktirilgan ko‘chalar bo‘ylab, tozalash-ta’mirlash, obodonlashtirish, ko‘chalarni tartibga keltirish va daraxt ko‘chatlari ekish ishlari samarasi o‘laroq, hududga tashrif buyurgan kishi avvaliga sel-oqibatini uchratmaydi. Ko‘chalar toza, daraxtlar ko‘karib, devorlar oqlanib, ilgarigidek obod va fayzli ko‘rinishda. Bundan ko‘rinadiki, hech kim qumqo‘rg‘onliklar taqdiriga befarq emas. Ko‘nglida mehri jo‘sh urgan borki, qo‘lini cho‘zib, imkon darajasida seldan talafot ko‘rganlarga yordamlashishmoqda.


Shtab tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, birgina “Azlarsoy” mahallasida 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim xonadonlarning uylari va bitta umumta’lim maktabi, bitta maktabgacha ta’lim tashkilotiga suv kirgan. Mahallaning 2 kilometr ichki yo‘llarini loyqa suvlari bosgan. Mahalladagi suv bosgan xonadonlarida loyqa suvlarini FVB xodimlari tomonidan texnika va motapompa orqali tozalandi. Ichki yo‘llarni tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan avtogreydir, Pogruzchik JCB va Lebxir texnikalari orqali loyqa suvlaridan tozalash ishlari olib borildi. Qolaversa, tuman Sanitariya epidemelogik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari tomonidan sel suvlaridan tozalangan xonadon (oshxona, yashash uyi, xojatxona)larida va suv ichish xovuzlarida jami 2 665 m2 maydonda dezinfeksiya ishlari olib borildi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan 15 ta xonadonda jami 80 bosh aholi qaramog‘idagi chorva mollari xavfsiz hududga o‘tkazilib, veterinariya xizmati ko‘rsatildi.
— Sel oqibatida uyimizda hech narsa qolmadi, hammasi loyga qorishib, uyimiz ham yiqilay deb turibdi, — deydi Mavluda Savurova. — Oldin ham sel kelganida mutasaddilar yordam berib, sharoitimizni yaxshilashgandi. Ko‘rpa-yostiq, hattoki osh-ovqatimizgacha hozirlashgandi. Bunday g‘amxo‘r davlatda, inson qadri yuksalib, har qanday vaziyatda ham odamlarning qadr-qimmati, ularni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor berilayotgani bizni ruhlantirayotir. Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi, degan gapda jon bor, albatta. To‘g‘ri, yillar davomida mehnat qilib topgan mol-mulkimiz, uy-joyimiz yaroqsiz bo‘ldi, mollarimizdan ayrildik, lekin Yaratganning bergan sinovi-da. Bunday vaziyatda tezda uyimizni tozalab, tushkunlikka tushmasdan sabr bilan ushbu ofatni birgalikda yengib o‘tishimiz kerak. Mutasaddilar ham “uylaringizni qayta qurib beramiz, hech bir fuqaroning taqdiriga befarq qarab bo‘lmaydi”, deyishyapti. Bundan biz yanayam xursandmiz. Ming shukurki, sel-toshqin oqibatida hech kim jarohatlanmagan.

Ofat talafotsiz bo‘lmasligi aniq. Sel oqibatida aholi katta miqdorda zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, uy-joysiz yoxud mol-mulkidan-da ayrilganiga qaramay, ba’zi oilalardagi mayda shoxli qoramollar, parrandalar nobud bo‘lsa ham har jihatdan matonatli aholi vakillari vazminlik va sabr-qanoat bilan, yordamga kelganlar bilan birgalikda xonadonini, tom-toshini tozalashga kirishgan. Hech narsasiz qolish ham ularning irodasini buka olmagani esa tahsinga sazovor. Yana bir narsani alohida ta’kidlash joizki, hudud loyqadan tozalangach, ofat tufayli zarar ko‘rgan xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, tegishlicha yordam berish choralari ko‘rilishi belgilab olingan.
Viloyat hokimi amalga oshirilayotgan ishlarning boshida turib, fuqarolarga har jihatdan dalda berayotir. Yaroqsiz holga kelgan uy-joylar o‘rnida yangisini qurish, moddiy va ma’naviy zararni qoplash, salomatligida muammosi bor fuqarolarning davolanishiga sharoit yaratish, mahallalar infratuzilmasini ilgarigidan ham yaxshiroq qilish voha rahbarining diqqat markazida ekanligi talafot ko‘rgan fuqarolarga yanada kuch bag‘ishlab, tushkunlikka tushmasdan faol fuqarolik pozitsiyasi bilan yashashiga umid berayotir.
— O‘zim II guruh nogironiman, sel oqibatida sog‘ligim yanada yomonlashdi, — deydi O‘rozali Normatov. – Viloyat shtabidan biriktirilgan xodimlar kelishib, xonadonimizni loyqadan tozalashga ko‘maklashishayotir. Shifokorlar ham fuqarolarning sog‘ligini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishib, Jayronxonaga yotib davolanishim uchun menga ham yo‘llanma berishdi. Eng muhimi, mana shunday qiyin vaziyatda bizni, imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj fuqarolarni davlatimiz tashlab qo‘ymadi. Rahbarlar, ishchilar kelib yordam berishayotir.


Seldan zarar ko‘rgan xonadonlarda bo‘lib, aholi vakillari bilan suhbatlashganimizda sharoiti og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarning kamtarligi, yordam so‘rashga shoshilmayotgani, vayron bo‘lgan xonadonini-da mehr bilan tozalayotganini ko‘rib, rosti, xursand bo‘ldik.
Sel-toshqin oqibatida hosil bo‘lgan manzara diqqatni tortadi. Hamma tomon loy, suv, balchiq. Nuray deb turgan uy-joylar, ag‘anagan devorlar, loyga botgan buyumlar. Achinarli holatdagi hovli-joylar, ust-boshi bir ahvoldagi fuqarolar. Biroq seldan talafot ko‘rgan odamlarning yuz-ko‘zlarida qandaydir bir mehr, ishonch va shukronalik zohir. Qanoatli elning, oqibatli odamlari ana shunday bo‘ladi-da, mana shunday odamlar tufayli, ularning shukronasi, sabr-bardoshi sabab ham dunyo shunday mustahkam va yurtimiz tinch, vohamiz barokatli va obod ekanligini yana bir bora anglaganday bo‘lasan kishi. Zero, Yaratganning sinovidan “sinmayin” o‘tayotgan qumqo‘rg‘onliklarga qarata, barakalla, degimiz keldi.
Har qanday muammo ortida imkoniyat yotadi. Bu kunlar ham ortda qolib, taqdir hali hudud ahlini porloq kelajak, rivojlangan infratuzilma qolaversa, farovon hayot bilan siylashiga ishonamiz. Axir viloyat rahbarining ham eng birinchi galdagi maqsadi ham shu.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Rahbarlar kitob ulashdi

“O'zbеkiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Rеspublika...

“Chashma”dan birgalikda foydalanamiz

Oʻzbеkiston va Qirgʻiziston “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish boʻyicha kеlishuvga...

Milliy liboslar namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mahkamova raisligida 2025-yil 19-mart...

Mehnati muvaffaqiyat keltirdi

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2025” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika...
KunTun
KunTun