Bu yil oktyabr oyida deputatlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylovga, shubhasiz, har bir partiya va deputatlar qattiq tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Ya’ni “jang”ga shaylanishi lozim. Sababiki, saylov ilgarigidek mojaritargina emas, aralasha ovoz berish yo‘li bilan bo‘lib o‘tadi. Bunda saylovchi tomonidan partiyalarga ovoz beriladi. Shuning uchun ham hamma partiyalar taraddudga tushishdi.
Saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashib, faoliyati davomida amalga oshirishi lozim bo‘lgan rejalarni belgilab olish, o‘tgan davr mobaynida ko‘rsatgan amaliy tashabbuslari bilan fuqarolarning oldiga yorug‘ yuz bilan borish uchun ham otni hozirdan “qamchilash” darkor. Buni yaxshi anglagan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Maxmudova bugun viloyatimizga tashrif buyurdi. Tashrif avvalida viloyat Kasaba uyushmalari federatsiyasida partiya yetakchisi partiyaning viloyati Kengashi oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan partiyaning viloyat, shahar va tuman Kengashlari vakillari, faollar va deputatlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda hududda partiya dasturiy vazifalarining bajarilishi, loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida qilinayotgan ishlar holati bilan yaqindan tanishildi. Yig‘ilishda partiya a’zolari safini kengaytirish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, kadrlar zahirasini mustahkamlash, a’zolik badallari tushumini tizimli yo‘lga qo‘yish, partiya a’zolarining siyosiy bilimlari hamda faolligini oshirish va boshqa ustuvor masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, “Adolat” SDP viloyat Kengashi hamda hududdagi partiyaning mahalliy Kengashlari o‘tgan davrdagi faoliyati davomida partiya loyihalari asosida qator ijobiy ishlarni amalga oshirdi. O‘tgan bir yil davomida partiya Siyosiy Kengashi tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar va partiyaning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘l xaritasiga muvofiq faoliyat olib borildi. Hisobot davrida mafkuraviy va dasturiy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq partiya loyihalarni hayotga tatbiq etish choralari ko‘rildi.
Jumladan, “Adolat” siyosiy-huquqiy o‘quvlar kuni” loyihasi doirasida partiya lektorlari tomonidan jami 231 marotaba siyosiy o‘quvlar tashkil etilib, bu tadbirlarga 3 235 nafar ishtirokchi qamrab olingan. “Muammo bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida esa partiyaning ishchi guruhi a’zolari tomonidan jami 251 ta mahallada 2 395 ta xonadon va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rganildi. Mazkur o‘rganishlarda aholi tomonidan 234 ta murojaat kelib tushib, ular yuzasidan 80 ta mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi. 70 ta murojaatlar mutasaddi organlarni jalb etish orqali, 65 ta murojaatlar esa huquqiy maslahatlar berish orqali joyida hal etildi. Partiyaning “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida 76 ta fuqaro ishga joylashtirildi.
Tadbirda kelgusida ijtimoiy sohaga oid partiya g‘oyalariga saylovchilarning keng qatlamini qiziqtirish, an’anaviy sotsial-demokratiyaning ijtimoiy adolat tamoyili va keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarining amalga oshirilishini ta’minlaydigan kuchli davlat g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash, bunda, ayniqsa, partiyaning ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi g‘oyalariga alohida ahamiyat qaratish kerakligi qayd etildi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturida ilgari surilgan ilg‘or g‘oyalar, hayotga tatbiq etilayotgan partiya loyihalari doirasida partiya tomonidan olib borilayotgan ishlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlarining faolligini oshirish va boshqa qator masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi. Partiyaga bildirilgan ishonch, taklif va mulohazalar qizg‘in tus olgan suhbatlar so‘nggida ishtirokchilar qiziqqan savollariga atroflicha javoblar olishdi. BPTlar faoliyatidagi kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, jamiyatimizda fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish har qachongidan dolzarb vazifaga aylandi. Bugun qonunchiligimizga kiritilayotgan o‘zgarishlar zamirida ayni shu maqsad yotadi. Aytish mumkinki, bu borada siyosiy partiyalar oldiga davlatimiz rahbari tomonidan katta vazifalar qo‘yilmoqda.
Partiya Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova Sherobod tuman Kengashi faoliyati bilan tanishib, jamoatchilik orasiga kirib borish, hududlardagi muammolarning yechimini topish va saylovchilar bilan ishlash barobarida “Adolat” SDPning siyosiy maydondagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan tadbirda Partiya raisi deputatlar tomonidan muhim masalalarni ko‘tarish, sessiyalarga ko‘ndalang qo‘yish, partiyaning ommaviy nashrlari, ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga a’zo bo‘lishga befarq qaralayotgani, deputatalr eng avvalo, o‘zlari partiya haqida tezkor yangiliklardan boxabar bo‘lishi va shu bilan bir qatorda, aholi orasiga kirib borish, partiyaning amaliy ishlari va tashabbuslarini ko‘rsata bilish muhim ekanligiga alohida urg‘u berdi. Partiya jonlanmas ekan, deputatlar el dardi, xalq manfaati bilan yashamas ekan, bugungi maydonda o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi hech gap emasligi borasida ham fikr-mulohazalarini yig‘ilganlarga bayon qildi. Shuningdek, partiyaning faol deputatlari ham ma’ruzalar bilan ishtirok etib, o‘zlarining takliflarini ilgari surdi.
Adolat MO‘MINOVA