Psixologik xizmat-ijtimoiy psixologik muammo sifatida talqin qilinar ekan, barcha rivojlangan mamlakatlardagi kabi, O‘zbekistonda ham mazkur psixologik xizmat muammosining qay tariqa va qanday ilmiy-tashkiliy asoslarda bartaraf etilayotganligini o‘rganish, tahlil qilish va talqin qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda ta’lim tizimlarida psixologik xizmatni joriy etish borasida olib borilayotgan qator nazariy-ilmiy va amaliy-uslubiy ishlar psixologik xizmatni joriy etish va rivojlantirish uchun muhim darajada asos bo‘lmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Termiz davlat Pedagogika Instituti Psixologiya kafedrasi va Termiz shahridagi 13-sonli umumta’lim maktabi bilan doimiy tarzda rejali ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu safargi tabdir o‘zgacha tarzda tashkil qilindi. Bunda kafedra filialining navbatdagi “Ilk o‘spirinlik davrida psixik rivojlanish xususiyatlari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminarda maktabning O‘IBDO‘ Z.Achilova so‘zga chiqib, bugungi kunda ta’limda olib borilayotgan keng islohotlar hamda psixologiya sohasining yurtimizdagi rivoji, inson hayotida uning salmoqli o‘rni, bola tarbiyasi va oilada fanning ahamiyati va buning uchun bugunda talab, ehtiyoj hamda samara haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, psixologiya kafedra mudiri dotsent M. Narbasheva o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama shaxs sifatida kamol topishi bugungi kunda har bir pedagogning muhim vazifasi ekanligini, bunda u bilan ishlashda alohidalikka e’tibor qaratish lozimligi haqida batafsil to‘xtadilar. Shuningdek, ilk o‘spirinlik bu jismoniy hamda aqliy jihatdan voyaga etgan, kamolotga erishgan, dunyoqarashi, o‘z-o‘zini boshqarishi kabi yetuk insoniy xususiyatlari tarkib topgan davr bo‘lib, ijtimoiy rollar kengligi faqat miqdor tomondangina kengayib qolmay, balki sifat tomonidan ham o‘zgarib borishi haqida ta’kidlab o‘tildi.
— O‘spirinning o‘z-o‘zini anglashi o‘quv, mehnat va muloqot motivatsiyalarini o‘zgarishida o‘z aksini topadi, — deydi seminarning yana bir ishtirokchisi M.Imonova o‘z chiqishida. — Bunda o‘spirinning o‘quv mashg‘ulotiga munosabati o‘z xususiyati va mazmuni jihatidan boshqa yoshdagi o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi munosabatidan tubdan farq qiladi. Ular voyaga yetib borar ekanlar, ularning tajribasi ortadi, ular mustaqil hayot bo‘sag‘asida turganliklarini anglaydilar.
Seminar-trening davomida ota-onalar tomonidan berilgan savollariga kafedra o‘qituvchilari javob berdi. Hamkorlik ishi davom etadi va bunday seminar-treninglar nafaqat bu maktabda, balki shahrimizning boshqa ilm maskanlarida ham davom ettirilishi haqida takliflar tushdi.
Sarvinoz Ne’matullayeva,
TerDPI Psixologiya kafedrasi o‘qituvchi