Ayol — ona, ayol — munis opa, u singil, u jufti halol… u kim bo‘lmasin, qadrli va suyukli, e’zozli. Ayol zotiga hurmat va ehtirom ko‘rsatamiz, ulug’laymiz. Bahor ayyomining ham aynan ayollar bayrami bilan boshlanishida ham bir hislat bordek aslida. Xotin-qizlar jamiyatimizning barcha jabhalarida xizmat qilib, faollik ko‘rsatayotir. Termiz shahridagi “Grand Almaz” tantanalar saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyatning asosiy bayram tadbiri tashkil etildi va ana shunday faol ayollarimiz e’tirof etildi, munosib rag’batlantirildi.

Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, jamiyatimiz gultojlarini bahorning ilk ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabrikladi. Shundan so‘ng, navbat 17 nafar xotin-qiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni hamda ibratli hayoti va turli sohalardagi fidokorona mehnati uchun bir guruh fidoyi xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, joriy yilda boquvchisini yo‘qotgan, uy-joyga muhtoj 300 nafar ayollarga yangi uy-joylar berilishi ta’kidlandi, ularning dastlabki 10 nafariga turar-joylar sertifikatlari topshirildi.

Munis ayollar bayramida kecha sababchilarini kuzatib turib, amin bo‘lish mumkinki, xotin-qizlarimizning ko‘zlarida jamiyatdan, e’tibor va e’tirofdan mamnun. Bunga javoban ular bildirilgan ishonchni oqlash uchun sidqidildan mehnat qilishni, jonbozlik ko‘rsatishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan.

Bayram tadbirida poytaxtdan tashrif buyurgan hamda vohamizning taniqli san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlari hamda badiiy jamoalarning bayramona chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.