Bugun xalq manfaati, uning orzu-istaklari, maqsad va muddaosi ham, qolaversa, fikrlash tarzi ham o‘zgardi. Xalqchil islohotlarning tashabbuskori, hududlarning rivojlanishi, davlat dasturlarining ijro etilishida jamoatchilik nazorati tobora kuchayib, joylarda faoliyat yuritayotgan deputatlarning ham yanada ildam va sergak bo‘lishini davrning o‘zi dolzarb qilib qo‘ydi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda bugungi saylovchi kechagisidan tubdan farq qilishi aniq. Bu yil oktyabr oyida o‘tkazilishi kutilayotgan deputatlik saylovlari ham har galgisidan boshqacha o‘tishi shubhasiz.
O‘z navbatida deputatalar ham otni hozirdanoq qamchilashi kerak bo‘ladi. Aholi uchun qanday deputat kerak, mahalliy kengashlar xalq manfaatini ifoda etishda qay tarzda faoliyat yuritsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Prezidentimizning “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham qabul qilinib, ayni jihatlar yana bir bor ushbu farmon bilan mustahkamlab qo‘yildi.
Bugun tom ma’noda xalq fikriga quloq tutish, aholining muammo va masalalarini hal etish yuqori bosqichga olib chiqilayotgan davrda turibmiz. Ana shu bo‘g‘inda deputatlar va mahalliy kengashlar xalqni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan barcha masalalarni quyidan, ya’ni mahalliy darajada muhokama qilinib, obdan o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rilishi, ekologik soha bo‘ladimi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bo‘ladimi, muammolar ko‘zga tashlanmoqdami — bularning hammasini deputatlik korpusi hamjihatlikda hal etishi lozimligi belgilandi.
Zero, yangi tahrirda Konstitutsiyamizda ham mahalliy vakillik va ijroiya organlarining vakolatlarini bir biridan ajratish belgilab qo‘yilishining asosiy sababi ham shunda.
Bu o‘z navbatida mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirishni, uning vazifa va vakolatlarini aniq belgilab qo‘yishni, deputatlarning hududlardagi muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirishini, zarur hollarda kerakli choralarni ko‘rishini talab qiladi.
Shu maqsadda Oliy Majlis Senati tomonidan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berishining namunaviy tartibi ishlab chiqildi.
Ushbu namunaviy tartibni respublikadagi barcha mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyatida joriy etish maqsadida viloyat chiqqan holda seminar tashkil etilib, uning mazmun-mohiyati mutaxassislar tomonidan deputatlarga yetkazish maqsadida Termiz davlat universitetida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berishini takomillashtirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda Oliy Majlis Senati Devoni Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazining bo‘lim mudiri Abdurashid Altiyev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Arziqul Soatov, shuningdek, xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman kengashlari deputatlari, siyosiy partiyalar rahbarlari hama OAV vakillari ishtirok etdi.
Seminarda Abdurashid Altiyev tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berishning namunaviy tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilib, deputatlarning xalq bilan ishlashdagi roli oshirilgani, hududlardagi har qanday muammoni ko‘tarib chiqish va aholi manfaatidan kelib chiqib hal etish choralarini ko‘rilishida yanada tashabbuskor bo‘lish lozimligiga to‘xtalib, deputatalik saylovlari har galgidan-da boshqacha tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Aholi vakillari bilan uchrashishda deputatlar nimalarga e’tibor qaratishi, o‘zi saylangan hududidagi davlat dasturlarining ijro etilishi, saylovga bir yoki ikki oy qolganida emas, hozirdanoq harakat qilish, ya’ni xalqning ishonchini qozonish, taklif va tashabbuslarni ilgari surib, ishonib ovoz bergan xalqning haqiqiy vakili ekanligini oqlash uchun ham astoydil harakat qilish kerakligi yana bir bor uqtirildi.
Mazkur namunaviy tartib bilan deputatning axborot berishini tashkil etish, saylovchilarni axborot beriladigan joy va vaqt to‘g‘risida oldindan xabardor qilish, axborot berish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining ishtirokini ta’minlash hamda ularning ushbu jarayondagi vazifalari belgilab berilmoqda.
Shu bilan birga ushbu namunaviy tartibda deputat axborotida qayd etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar va ularga qo‘yilgan talablar, saylovchilar bilan uchrashuvda aniqlangan muammoli holatlarni o‘rganish va ularni deputat tomonidan hal etish kabi muhim normalar belgilab qo‘yilmoqda.
Seminar davomida mahalliy Kengash deputatlari tomonidan bugungi kunga qadar saylovchilarga axborot berishning aniq mexanizmi mavjud emasligi, jarayon tizimlashtirilmaganligi va saylovchilarga axborot berishni tashkil etishda deputatlar tomonidan turlicha yondashuvlar mavjudligi bildirib o‘tildi.
Shuningdek, ishtirokchilar deputat axborotining mazmun-mohiyati, saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni hal etish tartibi, davlat
va nodavlat tashkilotlarining ishtiroki kabi muhim holatlar tartibga solinmaganligini alohida qayd etishdi.
Seminar so‘ngida ushbu namunaviy tartibni amaliyotga joriy etish orqali mahalliy Kengash deputatlarining o‘z saylovchilari oldida axborot berish jarayonlarini tizimlashtirish, unda bir xil yondashuvni ta’minlash hamda uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning hal etilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatishga erishilishi ta’kidlandi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun “navbatchi deputat”larga o‘rin qolmadi. Xalqning yoki hududning yoinki davlatning manfaati, talab va istagini bajara olmaydigan, mas’uliyat va vakolatiga to‘laqonli manfaatiga mos bo‘lmagan deputatlarga xalq ham ovoz bermaydi, kengashlar va partiyalar ham bunday xalq vakillarini tezgina chaqirib oladi.
Adolat MO‘MINOVA