Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. Chunki u o‘zini “Xitoydan to Xuroson” gacha yoyilgan turkiy “qavm” (el, urug‘)larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog‘i ostida birlashtirdi, “yakqalam” qildi. Bu bilan millatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy ravnaqiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Mustaqil O‘zbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Navoiy dahosini o‘rganish esa har bir yoshga buyuk bobokaloni borligini anglash bilan birga boy ma’naviy xazinadan bahramand qiladi. Shu maqsadda Termiz shahridagi 19-umumta’lim maktabida “Buyuk zotga ta’zim” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda 1-sinf o‘quvchilari puxta tayyorgarlik ko‘rishdi va bolajonlar tilidan Alisher Navoiy bobomizning hayoti va ijodi haqida qimmatli ma’lumotlar aytib o‘tildi. Shoir g‘azallari, ruboiylaridan o‘qildi. Ayniqsa, “Farhod va Shirin” dostonidan olingan multfilm namoyishi yosh tomoshabinlarning e’tiborini tortdi.
Alisher Navoiy haqida qiziqarli faktlarning keltirilgani esa bobomiz haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishimizga turtki bo‘ldi. Shuningdek, bolajonlar “Alisherni o‘qigan odam” qo‘shig‘ini aytishdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar o‘rtasida bellashuv ham o‘tkazildi. Unda bobomiz yozgan hikmatli fikrlardan parchalar o‘qilgan bo‘lsa, o‘quvchilar zukkolik va ziyraklik bilan davom ettirdilar. Qiziqarli tarzda o‘tgan bellashuvda g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirdi.

Tadbirni kuzatgan borki, 1-sinf o‘quvchilarining Alisher Navoiy bobomiz hayoti va ijodi haqida shuncha bilimga ega ekanligini ko‘rib, hayratu havasini yashira olmadi. Mana shunday tadbirlar, bellashuvlar yoshlarni vatanparvarlikka, insonparvarlikka chorlashi bilan birga, ajdodlar bilan faxrlanishga, ularni o‘rganishga chorlaydi.
Mastura Eshqulova,
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi