“O‘ZIMGA ACHINDIM…”

Date:

Ko‘p qavatli uyda turaman. Mavzemizga kiraverishda, “Shifokorlar shaharchasi”ning kichik bozorchasi bor. O‘zi kichik bozor bo‘lsa-da, birlamchi ehtiyoj mahsulotlarining bari mavjud. Shu bozorcha kiraverishida 2 ayol “Pishgan jo‘xori” sotadi. “Oltin tepa” tarafdan har kuni 2 qop makkajo‘xori olib kelib, tirikchilik qilishadi. Oftobdan qoraygan, mehnatdan dag‘allashgan, og‘ir-og‘ir qoplarni ko‘taraverib erkaklashgan munis ayollar… Ularning biri, o‘zimizning jaydari, ikkinchisi golland navili jo‘xori sotadi. Ikkovining ham o‘ziga yarasha mijozlari bor. Kuniga 60-70 ming topmasa ham harna qora qozonni qaynatishga ko‘mak deb qo‘yishadi…
Farzandlarim makkajo‘xorini yaxshi ko‘rishadi, kunda bo‘lmasa ham 3-4 kunda bir, uyga, albatta, makkajo‘xori olib kiraman. Oxirgi 10 kunlar chamasi, ayollarning biri ko‘rinmay qoldilar. Bu orada, jaydari makkajo‘xori sotuvchi ayoldan nafaqat men, balki boshqa xaridorlar ham oldi. Ayolning daromadi ham avvalgi kunlarga nisbatan oshgani tabiiy. Bugun, eski sotuvchi ayol yana savdoga chiqibdilar, bir chetda, tirikchilik dardida, horg‘in o‘tirib savdo qilyaptilar.
Salomlashib, ko‘rishib, opa bormisiz, farzandlarim “golland jo‘xorilaringiz”ni sog‘indi, nega ko‘rinmay qoldingiz deb so‘radim, kulib.
Opa ham kulib, meni jo‘xorim “golland” navli, yumshoqroq, sal qimmat bo‘lsa-da, tez sotiladi. Sherigimniki jaydari, shirin bo‘lsa ham sal qattiqroq, shunga sotilishi kamroq. Daladan qatnaymiz, qoraqozon, tirikchilik… Hammamizning dardimiz bir…
Bizni uyda ikkita sigir bor, sutini sotaman, jo‘xorini yon fermadan olib, pishirib sotaman, bolalar yeyman deydi, xullas amallab yashayapmiz. Sherigimning tirikchiligi esa faqat shu jaydari jo‘xoridan, u to‘y boshlab qo‘ygan, men-ku 10 kun sutimni sotsam kunim o‘tadi, unga boshqa yordam bera olmasam, hech bo‘lmasa, shu yordam bo‘lsin, men yo‘g‘imda ko‘proq jo‘xori sotib, ko‘proq pul topsin deb chiqmadim, unga esa mazam bo‘lmadi, deb qo‘ya qoldim…
Halollikka qurilgan savdo va iymon to‘la qalbni shu ayolda ko‘rdim va o‘zimni sarhisob qilib, o‘zimga-o‘zim achindim…

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xurmo eksporti: sifat va tashqi bozor talablari muhim

Oltinsoy tumani hokimi Otabek Mavlyanov eksportga tayyorlanayotgan xurmo mahsulotlarini...

Denovda 150 ta ish o‘rni yaratiladi

Denov tumanida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlik uchun yangi...

Ona tiliga ehtirom — milliy o‘zlik ifodasi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi hamda Termiz davlat...

Talabalar harbiy hayot bilan yaqindan tanishdi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Termiz...
KunTun
KunTun