Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda keng miqyosli bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Termiz shahrida joylashgan muhtasham “San’at saroyi”da ham viloyatning asosiy bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov: “Xabaringiz bor, mamlakatimiz Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023-yil 1-mayda kuchga kirgan edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra qabul qilindi. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 6 ta bo‘lim, 27 ta bob va 155 ta moddadan iborat. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – adolat mezoni, inson huquq va erkinliklari kafolati bo‘ldi”, deya ta’kidladi.
Yangi Konstitutsiya – davlatning asosiy hujjati sifatida davlat boshqaruvi, hukumat organlari faoliyati, davlat, jamiyat, fuqarolarning huquq hamda majburiyatlari bilan belgilanadi.
Asosiy qonunimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, diniy e’tiqodi va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyamizda jinsi, millati, dini, irqi, yoshi, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar teng huquqli deb e’lon qilingan bo‘lib, unda inson huquqlari va e’tiqod erkinligini kamsitadigan birorta ham modda yo‘q.
— Bugungi tadbirda biz ham ishtirok etib, kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qildik. Ko‘rgazma peshtaxtasidan, Konstitutsiya, Prezident asarlari, sohaga oid va badiiy adabiyotlar joy olgan, — deydi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Ma’ruf Abdushukurov. — Davlatchilik tarixidan ma’lumki, har qanday davlat yoki jamiyatda insonlarning haq-huquqlari qonun yo‘li bilan himoya qilinadi. Konstitutsiyamizning yangilanishida ham ana shunday tarixiy haqiqat mujassam bo‘lgan.
Bugungi tinch va osoyishta hayotimizning asosiy hujjati bo‘lmish Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi aholining barcha qatlami tomonidan ko‘tarinkilik bilan qarshi olindi. Zero, o‘tmishda ota-bobolarimiz mana shunday dorilomon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tib ketishgan. Shunday erkin va hur davlatda yashayotganimiz, albatta, har bir vatandoshimizning baxtiyorligidan dalolat qiladi. Toki mamlakatimizda qonun ustuvor ekan, kelajak avlodlar ijtimoiy kelib chiqishi, millati va irqi, o‘zga dinga mansubligidan qat’iy nazar o‘qish, ishlash emin-erkin yashash huquqiga egadir. Ko‘p millatli xalqimizning buguni va ertangi kuni, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun birdam bo‘lishligi har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim.
Viloyatimiz san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlashdi.
Xolmuhammad Tog‘aymurodov