Uyimizda rohat bilan ichayotgan bir piyola suvimiz bizga yetib kelgunga qadar qanchadan-qancha kishining mashaqqatli mehnati singadi. Biz esa bu haqida hatto o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Istasak, jo‘mragimizni ochib qo‘yamiz, toza ichimlik suvi bilan ekinlarimizni suvlaymiz, istagancha isrof qilamiz. Suv ham tugaydi, uning har tomchisini sotib oladigan davrlarga oz qolgani esa xayolimizning ko‘chasiga ham kelmaydi. Xolbuki, hali toza ichimlik suvi yetib bormagan manzillar bor. Hozir ham ichadigan suvini sotib oladigan xonadonlar bor. Demak, yetib kelmas, xayolga ham keltira olmaydiga afsona haqida gapirayotganimiz yo‘q.
Yuqorida aytganimizdek, jo‘mragimizdan oqib turguvchi obi hayot bilan ta’minlanishimiz uchun mehnatda bo‘layotgan soha xodimlarining bir kunlik faoliyati bilan tanishganimizda, sira ham isrofga yo‘l qo‘ymasmidik. Ayni maqsadni ko‘zlagan holda ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistlar uchun “Surxondaryosuvta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Sabzipoya” loyihasi doirasida Termiz tumanidagi hududlarda barpo etilgan suv inshootlariga press-tur tashkil etildi.
E’tirof etib o‘tish joizki, press-tur davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar Prezidentimiz 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz tumanidagi “Sapzipoya” mahallasi hududidagi mavjud minerallarga boy yerosti suvi manbasidan oqilona foydalanib, viloyat markazi va Termiz tumanida toza ichimlik suviga ehtiyoji bor aholini sifatli suv bilan ta’minlash yuzasidan berilgan topshiriqlarning ijrosi deyish mumkin.
Natijada qisqa muddat ichida Termiz shahri va tumanida 15 500 xonadonda yashaydigan 62 mingdan oshiq iste’molchi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish ishlari boshlandi. Birinchi bosqichda ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanmagan hududlar — Termiz tumanidagi Uchqizil va Yangi hayot mahallalari ahli sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
75 milliard 992 million so‘mlik loyiha doirasida Termiz tumani “Sabzipoya” mahallasi hududida 15 ta suv qudug‘i qazilib, 30 kilometrga yaqin masofaga suv tarmoqlari tortildi. Har biri ikki ming kvadrat metr sig‘imga ega to‘rtta suv saqlash inshooti hamda suv tortish va uzatish stansiyasi qurildi. Qolaversa, laboratoriya, 1000 kVtli transformator punkti, “Surxondaryosuvta’minoti” MChJ tuman bo‘limi uchun yangi bino qurish, nazorat maskanini bunyod etish rejalashtirildi. Loyihaning birinchi bosqichi yurtimizning mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi natijasida Termiz tumanidagi Uchqizil va Yangi hayot mahallalarida yashaydigan 5 mingdan ortiq aholi xonadoniga toza ichimlik suvi kela boshladi.
Press-tur bahona loyihaning birinchi bosqichida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan jurnalistlar mashaqqatli mehnatning guvohi bo‘ldilar. Suvchilar Farhod misol yer qa’ridan toza va shifobaxsh suvni chiqarishgani, sovuqni sovuq, issiqni issiq demay tinim bilishmagani tahsinga sazovor. Voha ahliga toza ichimlik suvini yetkazib berish og‘izda oson, ammo jarayonni kuzatar ekanmiz, buning zahmatini ko‘rish, his etish mumkin.
Ishtirokchilar yo‘l olgan keyingi manzil “Surxondaryosuvta’minoti” MChJning tuman bo‘limi bo‘ldi. Aytish kerakki, bu yerda bo‘lim uchun barcha sharoitlarga ega yangi bino qad rostlagan. MChJning ishchi-xodimlari bino va ish faoliyatlari bilan tanishtirishar ekan, “Surxondaryosuvta’minoti” MChJ tuman bo‘limidagi kabi bino, bunday shart-sharoit hali yurtimizning biron bir hududida yaratilmaganini aytib maqtanishdi. Haqiqatan ham ikki qavatli ushbu yangi binoda suvchilarga barcha qulayliklar yaratilgan. Laboratoriya xonasida suv tarkibi va uning sifatini aniqlaydigan asbob-uskunalar, zaruriy ashyolar xizmat ko‘rsatishga shay holatda.
Ming marta aytgandan, bir bora ko‘rgan afzal deyishadi. Shu jihatdan aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganini eshitib, amalga oshirilgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik va xonadonlarda toza ichimlik suvi qay ahvolda ekani bilan qiziqdik. So‘z isboti bilan degandek, xonadonlarda bo‘ldik va shifobaxsh suv iste’mol qilayotgan aholi bilan dildan suhbat qurdik. Shuncha mablag‘ bekorga yo‘naltirilmagan, shuncha mehnat va sa’y-harakat beiz ketmagan ekan. Bari o‘zini oqlab, ko‘zlangan maqsadga yetilgan ekanidan quvondik.
Ha aytgancha, guvohi bo‘lganlarimiz loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, hozirga qadar tuman aholisining 67 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ikkinchi bosqichda esa yana beshta mahallaga toza va shifobaxsh ichimlik suvi yetkaziladi.
Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)