Surxon vohasi qadimdan turizm o‘chog‘i bo‘lib kelganligi barchamizga ma’lum. Bugungi kunda turizmni har tomonlama rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb etish, shuningdek, turistlar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish hamda turistik obyektlarda infratuzilmani joriy etish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani bor gap. Biroq turli xil mamlakatlardan yurtimizga, xususan, vohamizga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun mo‘tadil iqlim sharoiti ham ahamiyatli.
Vohada mavjud turizm imkoniyatlarini ishga solish, iqlim o‘zgarishini yumshatish, bu borada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bugungi globbalashuv davrida dolzab bo‘lib turibdi. Bu borada ham mutasaddilar bir joyda turib qolgani yo‘q. Global miqyosidagi iqlim o‘zgarishlarini xalqaro miqyosida hal etish imkoniyatlari ishga solinmoqda.
Joriy yilning 25-29-sentyabr kunlari viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev boshchiligidagi delegatsiyasi “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasi doirasida Latviya davlatiga tashrif buyurdi.
Latviya mahalliy boshqaruv uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini oshirish va qarorlar qabul qilishda jamoatchilikni jalb qilish orqali O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi siyosatini barqaror rejalashtirishni takomillashtirishdan iboratdir.
Loyihani amalga oshirish uchun bir qator maqsad va vazifalar belgilangan. Quvonarlisi, ushbu global ahamiyatga molik loyihani amalga tatbiq etishda maqsadli hududlar sifatida Buxoro va Surxondaryo viloyatlari tanlab olingan.
Mahalliy hamkorlar sifatida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Buxoro va Surxondaryo viloyati hokimliklari belgilangan.
Loyiha 2023-2024-yillarda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. O‘zgacha mehmonnavozlik va mulozamat bilan kutib olingan delegatsiya vakillari Latviya mahalliy boshqaruv uyushmasi a’zolari bilan “Smiltene munitsipaliteti”da o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etdi. Unda loyihaning ijrochi direktor o‘rinbosari Martins ULANS loyiha doirasida taqdimot o‘tkazib, loyiha haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Wellton Riga Hotelda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Latviya Respublikasi Iqlim va energetika vazirligi tomonidan taqdimot o‘tkazildi. Uchrashuvlarda loyihani amalga oshirish borasida muhim kelishuvlarga erishildi.
Mamlakatimizdan tashrif buyurgan delegatlar Latviyaning diqqatga sazovor joylari, tarixiy va zamonaviy turistik obyektlariga ham tashrif buyurishdi.
Latviyaning iqlim sharoiti, madaniy meros obyektlari bilan yaqindan tanishgan vohaliklar, turizmni rivojlantirishda, xususan, O‘zbekiston sharoitida turistik hududlarda iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, bu borada barqaror siyosatni amalga oshirish borasida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Bugungi kunda iqlim toboro o‘zgarib borayotgan bir paytda, global iqim sharoitiga hududlarni, aynan, turistik hududlarni moslashtirishb har qanday iqlim sharoitiga tayyor turish va sayohatchilar uchun qulay sharoit yaratish borasida ushbu xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Jo‘rabek To‘rayev,
Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari