Avtobusda ketayotgan bolalarning beboshligini kuzatib turgan otaxon oxiri chidab tura olmadi. O‘rnidan turib, sinfdosh qizning hali sochini tortib, hali turli xil so‘zlar bilan ustidan kulayotganida yelkasidan bir turtdi-da, “He, seni tarbiya bergan ota-onangga…” dedi. Otaxon manziliga yetibmi, yetmaymi, xullas avtobusdan tushib qoldi. Shundan keyin avtobusda jimlik cho‘kdi.
Ota-onaga la’nat olib berish ham oson ekan-da. Bunga ko‘proq kim aybdor? Bolalarning ortiqcha xarxashasi-yu, erkaliklariga ko‘z yumgan, tarbiyasiga sustkashlik qilgan ota-onami? Ustozlarimi yoki o‘zi? Xolbuki, “qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naqlni hisobga olsak, asosiy vaqtini oila davrasida o‘tkazadigan bola uchun eng yaxshi o‘rnak va namuna aslida ota-onasi. Onasi behurmat bo‘ladigan oilada ulg‘aygan yigit qiz bolani hurmat qiladimi? So‘king‘ich otaning tarbiyasini olgan farzandlarchi, ko‘chaga chiqib aynan takrorlamaydi deb kim kafolat bera oladi. Mayli oilada ota-ona eng yaxshi ota-ona ro‘lini o‘ynashsin, asosiysi farzand bunga ishonsa, aynan ana shunday holatdan “rang” olsa, shu eng to‘g‘ri yo‘l emasmi?
15-may sanasi yurtimiz bo‘ylab “Xalqaro oila kuni” sifatida belgilangan. Aslida-ku, har kuni oila kuni, har nafas oila kuni bo‘lmog‘i lozim. Muqaddas dargohga mas’uliyat bilan qarab, har bir oila vakili o‘z mas’uliyati va burchini unutmasligi kerak. Sana munosabati bilan “Farovon oila sari” g‘oyasi ostida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib kelinayotir. Muzrabot tumanida ham oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan, bir qator tashkilotlar hamkorligida mahallalardagi ibratli, namunali, baxtli oilalar vakillari ishtirokida ushbu ko‘rik-tanlovning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlovga jamiyatga ibrat va namuna qilib ko‘rsatgulik oilalar saralab olindi. Berilgan shartlar bo‘yicha esa oilada otaning o‘rni, uy bekasining oila tutumi, farzandlar tarbiyasiga e’tibor berishlari kabi jihatlar inobatga olindi. Yakuniy natijalariga ko‘ra esa “Yangi yer” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Abdusalomovlar oilasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, “Eng ibratli oila” deb topildi.
Barcha namunali oilalar Muzrabot tumani hokimi Abdurashid Ismailovning tashakkurnomalari bilan taqdirlanib, munosib rag‘batlantirildi.
Hilol