Kimyo ila odamiylik olimi – Hasan Sharipov xotirasiga bag‘ishlangan respublika konferensiyasi boshlandi

Date:

Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbi ilm va ma’rifat bilan baquvvat bo‘ladi. Qadr esa ilm bilan hosil bo‘ladi. Ilmdan hali hech kim zarar ko‘rgan emas. Ilmni egallab olish esa bir san’atdir. Vaholangki, ushbu san’atni egallash va uning izidan borib, zamonasining ilm-u donishiga aylanish har kimga ham nasib etavermaydi.
Ilm cho‘qqilarini zabt etib, yuzlab shogirdlar tayyorlab, o‘z nomini, ilmini tarix zarvaraqalariga bitib qo‘yish kimyo fanlari doktori, professor Hasan Sharipovning taqdiriga bitilgandek edi. Umrining har onini kimyo sohasida chuqur izlanishlar olib borib, yangi va yangi kashfiyotlar qilishga bag‘ishlagan bu inson bugun oramizda yo‘q.


Kichikkina jussasida katta bir ilm-u urfonni singdira olgan, yillar davomida o‘zini kimyoda yangiliklarni kashf etishga baxshida qilgan zotning “Nodir va noyob metallar kimyosi va texnologiyasi” yo‘lida olib borgan tinimsiz mehnatlari, izlanish va harakatlari, qoldirib ketgan buyuk merosi bugun vohamizda kimyo faniga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh olimlarni, fan doktorlari, professor-o‘qituvchilarini jamladi.
Termiz davlat universitetida kimyo fanlari doktori, professor Xasan Sharipov xotirasiga bagʻishlangan “Nodir va noyob metallar kimyosi va texnologiyasi: bugungi holati, muammolari va istiqbollari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining 3 nafar akademigi, respublikamizning 80 dan ortiq nufuzli olimlari, fan doktorlari, professorlar ishtirok etmoqda. Qolaversa, viloyatimizdan yetishib chiqqan 2 nafar akademikning biri, yurtdoshimiz, akademik Shavkat Namazov ham ushbu anjumanda mehmon bo‘ldi.


Konferensiyada respublikamizning nufuzli ilmiy markazlaridan: O‘zbekiston Milliy Universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, OʻzR FA umumiy va noorganik kimyo instituti, oʻsimlik moddalari kimyosi instituti, Bioorganik kimyo instituti, Olmaliq va Navoiy togʻ-metallurgiya kombinatlari olimlari, Samarqand davlat universiteti, Qarshi, Andijan, Namangan, Buxoro, Fargʻona va Guliston davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik universiteti olimlari ishtirok etmoqda.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiya ishini viloyatimiz hokimining oʻrinbosari Joʻrabek Toʻrayev tantanali ochib berdi. Shuningdek, bugungi kunda kimyo fani rivojida munosib hissa qoʻshib kelayotgan vohalik ilm ahli haqida toʻxtalib oʻtildi va shu yoʻlda izlanishlar olib borayotgan olimlar alohida e’tirof etildi.
Mazkur anjuman ishi universitet majlislar zalida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, yana to‘rtta seksiyaga bo‘lingan holda universitetning o‘zida respublikadan tashrif buyurgan fan doktorlari, olimlar ma’ruzalar qilishmoqda.
— Qaysi davlatda ilm-fan rivojlangan bo‘lsa, o‘sha mamlakat kuchli va qudratli bo‘ladi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Namazov. — Ushbu ilmiy-amaliy konferensiyaning ahamiyati shundaki, yoshlarni, talabalarni fanni sevishga undaydi. Fan sirlarini o‘rganib, ilm cho‘qqilarini zabt etishida o‘ziga xos motivatsiya. Uzoq yillar kimyo sohasida izlanishlar olib borgan Husan Sharipov ham ilm urfoniga o‘zini baxshida qilgan inson edi. U yaratgan oltin va kumush, volfram, molibden kabi bir qator kimyoviy moddalarning olinish sirlari bugun amaliyotda juda katta foyda bermoqda. Respublikamizdagi kimyo zavodlarida, kon ishlarida olimning izlanishlari asnosida ko‘plab qazilma ishlari amalga oshirilayotgani buning isbotidir.
Hasan Sahripov xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan o‘zi kashf qilgan nodir metallarning asl nusxalari terib qo‘yilgan ramziy tosh hamda surati tushirilgan, qo‘ldan tayyorlangan gilam universitetga topshirildi. Shuningdek, Husan Sharipovga bag‘ishlab chiqarilgan “Kristal kabi serqirra” nomli kitob ham tortiq qilindiki, yosh izlanuvchilar ustozdan o‘rnak olsin, ilm yo‘lidan borib, vatan taraqqiyotiga, kimyo sanoatiga hissa qo‘shsin, deya.

Alohida ta’kidlash joizki, ushbu ilmiy-amaliy konferensiya ertaga ham davom etadi. Anjuman davomida ishtirokchilarning vohamizning diqqatga sazovor, tarixiy joylariga sayohat uyushtirishlari ham dasturdan o‘rin olgan.

Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun