Agrar soha zahmatkashlari kasb bayrami munosabati bilan viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda sektorlar rahbarlari, ilg‘or fermer va dehqonlar, mexanizatorlar, suvchilar, tajribali tomorqa yer egalari, sohaga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va qayta ishlash korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi o‘rinbosari Saydulla Tojiyevlar qishloq xo‘jaligi xodimlarini kasb bayramlari bilan samimiy tabriklab, koronavirus pandemiyasi dunyoda davom etgan va dehqonchilik uchun murakkab kelgan joriy yilda ham fermer va dehqonlar fidokorona mehnat qilganini alohida eьtirof etdi. Barcha sinovlarni mardanovar yengib, mo‘l hosil yetishtirgani va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shgani taьkidlandi.
Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ob-havo injiqliklariga duch kelgan bu yilgi sharoitda fermer, dehqon va tomarqa yer egalari erishgan yutuqlar so‘nggi yillarda sohaga qaratilayotgan e’tibor, ilm-fan yutuqlari, innovasion texnologiyalar joriy etilayotgani, ularning boy bilimi, tajribasi va omilkorlik bilan ish yuritgani samarasidir.
Endilikda parrandachilik, chorvachilik, sholichilik klasterlarini joriy etish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy issiqxonalar xalqimizni qishin-yozin sarxil oziq-ovqat mahsulotlari bilan taьminlashga, hududning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda vohada 1 ming 500 gektar maydonda issiqxona barpo etilgan bo‘lib, uning 350 gektari shu yilning o‘tgan davrida ishga tushirildi.
Tomarqa xo‘jaligi ham oilalarning qo‘shimcha daromad va to‘kinlik manbaiga aylandi. Bu yilgidek murakkab sharoitda ham xalqimiz tomarqasidan 950 ming tonna meva-sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yig‘ishtirib olindi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda boy tajribaga ega viloyatda parvarishlanayotgan ekologik toza, ertapishar va servitamin mahsulotlarga dunyo bozorida talab ortib bormoqda. Shunga muvofiq ichki bozordan ortgan mahsulotlar jahonning qator davlatiga eksport qilinayotir.
Vohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish natijadorligini yanada oshirish uchun sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, o‘rim, haydov, chopiq va boshqa texnikalar yangilanmoqda. Ilg‘or texnologiyalar joriy etilmoqda. Jumladan, yakunlanayotgan yilda 28,3 ming gektar maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari o‘rnatilib, paxta maydonlarining 8 ming gektarida, bog‘ va tokzorlarning 4,7 ming gektarida, sabzavot va boshqa ekinlarning 700 gektarida tomchilatib sug‘orish, 300 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. 14,3 ming gektar maydonda lazerli tekislagichlar yordamida tekislash yumushlari amalga oshirildi.
Irrigasiya tarmoqlari va meliorativ ob’yektlarni ta’mirlash-tiklash, rekonstruksiya qilish va yangidan qurishga ham eьtibor kuchaytirilmoqda. Shu yilning o‘zida 30 ming gektar maydonda suv ta’minoti, 25 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi. 14,5 gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi.
Tadbirda bir guruh qishloq xo‘jaligi sohasi, xizmat ko‘rsatuvchi, ta’minotchi, qayta ishlash tarmoqlari xodimlari samarali mehnati, erishgan yutuqlari, sohaning rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklarining “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Suv xo‘jaligi a’lochisi” kabi ko‘krak nishonlari hamda viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maьmurchiligimiz bunyodkorlari bayrami munosabati bilan Termiz shahridagi Yoshlar markazida ham bir guruh soha xodimlarining fidokorona mehnati munosib rag‘batlantirildi.
Tantanali tadbir Termiz shahridagi “Azizbek” restoranida san’atkorlarning to‘kin va fayzli dasturxon atrofida namoyish etgan qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.