Бош саҳифа / Маданият / Soniyasi hayajonga esh

Soniyasi hayajonga esh

Roviylarning hikoyasi ba’zan shunchalar afsonaviy tuyuladiki, etim jimirlab, ishonchim shubhadan panoh topadi. Kubroning ahdida qat’iy qolgani-yu yov bayrog‘ini qo‘lida mahkam tutgancha jon bergani elni ruhlantirish uchun o‘ylab topilgan rivoyatdek jarang sochaveradi. Vatanparvarlikning yuksak namunasi Kubro siymosida namoyon bo‘ladi. Shoh bo‘lib-da ko‘ngli o‘z yurtida g‘ariblikni istagan Bobur Mirzo haqidagi o‘nlab-yuzlab asotirlar sabab ongimda shoh va shoir emas, Hindistonda qolgan oddiy vatanparvar sifatida muqim o‘rin egallagan. Yurtsevarligi, oqil-u xalqni ma’naviyatli qilish istagi “aybi” bo‘lgan Qodiriyning qatl hukmi-da yurak ezar mahzun hikoyadek tinglanadi, ezginlik ulashadi. Usmon Nosirning yurtdan olisda qolgan qabri-yu o‘lim tarixi, tavsifi, ta’rifi roviylarning ko‘ngil g‘ashlar rivoyatidek go‘yo…

Ehtimolki, ajdodlarimizning haqiqati va shaxsiyati o‘ta ibratli ekani bois ham rivoyatlar markazida, mavzusidadir. Lekin, har gal eshitib, o‘qib-da shuurim kengliklarida savollar o‘rgimchak misol to‘r to‘qiydi. Har so‘z, har ibora, har bir jumlasi bu to‘rga to‘qnashib, ongimda horg‘inlik seziladi…

Aslida, biz ajdodlarga munosibmizmi? Biz, yoshlar, o‘sha bong urayotgan OAV, yoshlar haqida fikr bildirayotgan mutasaddilar aytganidek, kelajakning asl egalari-yu bobolariga munosib avlodmizmi? Ular ham biz eshitgan rivoyatlarni eshitib, o‘qib tasavvurga ega bo‘lishganmi, iftixor etganmi?

Angor tumanining Qoraqir kengliklarida ko‘pkari bo‘lar ekan degan xabarni eshitib, rosti, erinib yo‘lga chiqqan esam-da… Odamlar tepalikka oqib borayotganligidan zavqim oshdi. Ko‘pkarining ne siri bor ekanki, odamlar dam olish kunini chang-to‘zonda o‘tib ketishiga rozi kelmoqda… Hech birining yuz-ko‘zida erinish sezilmaydi…

Abjir chavandoz-u uloq ayirar otlar haqida eshitganman-u ko‘rgan emasdim… Ko‘pkari boshlanmagan, ammo gavjum manzilda turli musobaqalar, konsert dasturi bo‘lmoqdaki, yetti mahallaga yetar baxshining xonishi, do‘mbiraning nag‘masidan olis moziy ruhiyati tan-u joningga singadi.

Qoraqir kengliklarida faqatgina ko‘pkari emas, “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha” shiori ostida vatanparvarlik festivali ham o‘tkazilayotganligini borgach, bildim. Harbiy-vatanparvarlik ruhida jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol avlodni ulg‘aytirish maqsadi ko‘zlangan festival Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining “Jasur jangchi yoshlar uchun namuna” shiori ostidagi  harbiy-vatanparvarlik karvoni bilan boshlandi.

Angor tuman mahallalari bo‘ylab harakatlanib,  aholi olqishiga sazovor bo‘lgan karvon Qoraqir kengliklarida qo‘nim topdi. Bolalarning: “Tanka kelayapti”, degan quvonch aralash qichqirig‘i, aholining zavqi festivalning shukuhli boshlanganidan dalolat… Bu yerda yoshlar uchun zamonaviy texnika, qurol-yarog‘ va kiyim-kechak hamda harbiy xizmatchilarning bir kunlik oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi esa harbiylik orzusidagi yoshlarning, bolalarning ham qiziqishiga sabab. 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida sportning “Arqon tortish”, “Tosh ko‘tarish”, “Stol tennisi” va “Armrestling” turlari bo‘yicha tashkillashtirilgan bellashuvlarda nafaqat kuch, balki birdamlik, xalqning uyushqoqligi, sport tadbirlariga ishtiyoqi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Harbiy ko‘rgazmali chiqishlar esa chinakam shou tusini oldi. O‘q ovozi va pirotexnik vositalardan foydalanish janggoh kayfiyatini uyg‘otgan esa… aholi orasida yig‘lab turgtan ayolni suhbatga tortdik:

—O‘q ovozi eshitilib turgan hududlarda odamlar qanday yashar ekan, — deydi tumanlik Dilfuza Norboyeva. — O‘q ovozi har eshitilganda uh tortib yubordim. Yugutlarning mahoratiga tasanno. Olovda ham, suvda ham tengsiz ekanligini, oyog‘i ostida paqillagan ovozdan qilt etmadi-ya, shovvozlarga qoyilman, rosti. Kimdir: “Osh bo‘lsin O‘zbekistonga!” deb qichqirganda yig‘lab yubordim.

Shukuhli va shijoatli festivaldan so‘ng ko‘pkariga start berildi. Viloyat hokimi sovrini uchun tashkil  etilgan elning qadim sport o‘yinida vohaliklar qatori boshqa viloyatlardan ham chavandozlar ishtirok etdi.

— Er yigitning yo‘ldoshi ot deganlar haq, — deydi sho‘rchilik Sardor chopag‘on. — Odam ko‘pkarini sog‘ingan ekan. Qumchil joyda uloq chopish qiyin kechdi. Otda yo‘l bosib kelarkansan, ot charchashni bilmaganidanmi o‘zing ham  tetiklashasan.

“…Ot qadrini qaydan bilsin ot minmagan erkaklar”, deganida shoir haq ekan-da deyman. Biz bilan suhbatlasharkan, otini silashdan bir zum to‘xtamagan Sardorni kuzatib. Sardor zot ayira olmadi, lekin bundan xafa ham emas. Uchqur oti bilan mo‘ljallagan orzulari bor.

Ishonasizmi, ko‘pkarini ko‘rmagan odam uchun zerikarli jarayondek ko‘rinadigan manzaraning zavqini “Halol” degan hayqiriq jarang sochganda tushunar ekan odam. Ko‘pkari avvalida bir guruh yoshi ulug‘ ustoz chopag‘onga viloyat hokimligining sarpolari taqdim etildi. Duoga qo‘l ochgan chavandozlardan biri: “Jonimiz O‘ziga omonat…” deya tilak bildirar ekan, ot ustidagi chavandozning ham, otning ham ko‘pkarida ishtiroki oson emasligiga ishora ekanligini angladim. Termizlik Bekzod chopag‘on boshlab bergan dastlabki zot ayirish, birin-ketin Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Boysun, Sherobod tumanidan ishtirok etgan chopag‘onlarga nasib etdi…

Uloq-ko‘pkari musobaqasining bosh sovriniga qo‘yilgan tuya qiziriqlik Shahboz chopag‘onga nasib etgan bo‘lsa, otlarga qiziriq va sho‘rchilik chopag‘onlar ega chiqdi.

Roviylarning hech bir hikoyati asliyatdan uzoq bo‘lmaganini anglar ekanman, xalq o‘z qahramonlarini tanishini tushunaman. Chavandozlarning ismi aytilganda olqishlovchisi, ko‘pkarini kun tig‘ida o‘tirib tomosha qilishdan erinmagan odamlar bor ekan, milliyat hanuz bor. Viloyat hokimining esa bundayin tashabbusi 30 yil yashab qo‘ygan yoshga o‘zligini anglashiga turtki, voha nafasini bor-bo‘yi his etishiga imkon bergan ekan, demak, hali milliyati o‘lmagan elmiz. Yana o‘sha milliyatga chanqoqligimiz ham bor…

Xurshid Karshiyev

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Германиялик сайёҳ Термизда адашиб қолди

Сурхон заминидаги мўъжизакор жойлару зиёратгоҳларни томоша қилиш учун дунёнинг турли гўшаларидан сайёҳлар ташриф буюришмоқда. Германиялик …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan