Бош саҳифа / Жамият / Pashshachalik bo‘lmasang magar…

Pashshachalik bo‘lmasang magar…

Muhriddin ishlab topgan puliga ancha vaqtlardan buyon orzu qilib yurgan bir juft quyon sotib oldi. Bolajon o‘zida yo‘q xursand edi. Go‘yoki mana shu ikkita quyon, uni o‘ylantirib kelayotgan juda ko‘p muammolariga yechim bo‘ladigandek tuyulardi. “Bu quyonlarni ko‘paytiraman, ular ko‘payib ketgach, sotib, singillarimga dori-darmon olib beraman, uyimizga deraza o‘rnatamiz, onajonim, singillarimning go‘sht yegisi kelgan payti so‘yib beraman”, shu kabi shirin o‘y-xayollar og‘ushida uyiga yetib kelganini ham sezmay qoldi.

— Qo‘lingdagi nima? Onasining bergan savoli, orzular osmonida uchib yurgan Muhriddinni birdan sergak tortirdi. — Ishlagan pulimga quyon sotib oldim. — Quyonni nima qilasan, o‘g‘lim, singillaringning qorni och, seni yog‘ bilan non olib keladi, deb ko‘zimiz to‘rt bo‘lib kutib o‘tiribmiz-ku, bu nima qilganing? Onasining yig‘i to‘la ko‘zlari, titragan tovushi Muhriddinni go‘yoki katta bir gunoh ish qilgan kishidek boshini egishiga sabab bo‘ldi.

13 yoshli Muhriddin Adolat opaning to‘ng‘ich farzandi, shu bilan birga oilasining boquvchisi hisoblanadi. Ikki qizi esa hali kichkina, parvarishga muhtoj. Ular derazasi yo‘q, eshigi yaxshi yopilmaydigan ikki xonali, sharoiti yo‘q, pastqam kulbada yashashadi. Turmush o‘rtog‘i bir kun uyda bo‘lsa, 10 kun qayerlargadir g‘oyib bo‘ladi. Ichkilikka berilgan, ro‘zg‘or bilan ishi yo‘q odam. Yog‘ingarchilik paytlari, tomdan chakki o‘tib, qishning sovug‘ida uyning zaxidan Adolat opaning bolalari tinmay kasal bo‘lishardi. “Qo‘li kalta odamning, yelkasi ham qisiq bo‘ladi” — deganlaridek, bu ayol barcha qiyinchiliklarni, yaratganning sinovi deya, nochor turmush sharoitidan nolib, birovning eshigiga bosh suqishni or bilardi. Qalbida shukronaligi, oldida katta orzu-maqsadlari bor bolakay voyaga yetgach, volidasining barcha orzularini amalga oshirish uchun harakat qilishini qat’iy ishonch bilan aytib doimo dalda bo‘lardi. Yaxshi niyat, yarim davlat, deb bejiz aytishmagan. O‘qishidan ortib, onasining katta ko‘makchisi bo‘lgan Muhriddinning orzulari amalga oshdi. Bugungi xalqchil siyosat tufayli rahbarlar xalqning oldiga borib, ularning muammolarini tinglayapti. Murojaatlarga ijobiy yechim topilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Raxmatulla Gapparovning “O‘zbekiston besh yilligi” mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulida Adolat opa ham ishtirok etdi. Ming bir istihola bilan, qimtinibgina tuman hokimiga sharoitini tushuntirib, uyini ta’mirlab berishni so‘radi. Murojaati bo‘yicha mas’ullar muammoni joyiga borib o‘rganishdi. Ushbu oilaga tuman hokimligi tashabbusi bilan homiylik asosida yangi uy qurib berildi. Muhriddin ikki quyonini parvarishlab ko‘paytirdi, qo‘shimcha parrandachillik bilan ham shug‘ullandi. U o‘ylagandek ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad bo‘ldi. Quyonlarini sotib onasini davolatdi. Bugun ularning boshqalarnikidan kam bo‘lmagan boshpanasi bor. Eng muhimi, ertangi porloq kelajakka ishonchi mustahkam. Aholini rozi qilish, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish, muammolarni ijobiy hal etish bugungi kunning eng dolzarb mavzusiga aylangan. Ammo oramizda shunday insonlar ham borki, “davlat majbur” degan aqida bilan yashashadi.

Yana bir hayotiy misol. Qumqo‘rg‘on tumani Xalq qabulxonasida tuman hokimining navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazilayotgan edi. 150 ga yaqin fuqarolar muammolariga yechim izlab kelishgan. Qabulga kelgan fuqarolardan birining qichqirig‘idan navbat talashib, g‘o‘ng‘illayotgan tovushlar birpasda tindi. Hamma jim. Nima bo‘layotganini bilishga qiziqib quloq tutishmoqda.

— Mening nogiron farzandim bor. Uy-joy bilan ta’minlashga majbursanlar, Prezidentimiz nima deyotganini eshitmayapsanlarmi, ko‘ryapmiz televizorlarda. Qancha odamlarga uy qurib berilyapti, qancha odamlarning davolanishi uchun pul to‘lanyapti, nimaga endi menga kelganda uy yo‘q bo‘larkan. Tadbirkor bo‘lsam, savdo bilan shug‘ullansam nima bo‘libdi, shu mening nogiron bolam uchun uy olishimga to‘sqinlik qiladimi? Mening nomimda uy yo‘q, siz aytayotgan uy o‘g‘limning nomida. Menga yangi qurilayotgan uyga birinchi to‘lovini to‘lab berasanlar, bo‘lmasa, Prezidentga qadar chiqaman, ustilaringdan arz qilaman, boradigan joyimga boraman, deya g‘azab otiga mingan ayol eshikni bor kuchi bilan yopib chiqib ketdi.

U ayolni tumanda ko‘pchilik taniydi. Farzandlari voyaga yetgan, oilaviy savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. O‘ziga to‘q oila. Yashayotgan uyi ham ko‘plar orzu qilar darajada hashamatli. Pandemiya davrida o‘sha ayolning tadbirkor o‘g‘illari kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatishdi. Xalqni rozi qilishga qaratilayotgan islohotlar, fuqarolarning turmushining farovon bo‘lishi uchun qilinayotgan sa’y-harakatlardan kambag‘allikdan chiqish uchun emas, balki o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotgan, baliqni tutib og‘zimga sol deydigan odamlar ham ko‘p uchrayotgani, achchiq haqiqat. Jaydari tilda aytganda “indamas pashsha” ko‘z ilg‘amas darajada mayda hasharot hisoblanadi. Sinchiklab qaramasangiz uni ko‘rolmaysiz, ammo chaqqanida uning borligini yaxshigina his qilasiz.

Hatto kichik bir hasharot ham o‘zining bu dunyodagi vazifasini bajarishga harakat qiladi-yu bizning oldimizda qanchadan qancha vazifalarimiz, majburiyatlarimiz bo‘la turib, o‘z hayotimizni yaxshilash uchun boshqalardan ko‘mak izlaymiz. Bizni boshqalar baxtli qilishi mumkin, hayotimizga xursandchilik ulashishi ham, ammo hayotimizni yaxshilay olmaydi. Nafaqat o‘z hayotimiz, balki atrofdagilarning turmush sharoitini yaxshilash imkoniyati bizda mavjud. Faqat niyatimiz xolis, maqsadimiz aniq bo‘lib, shunga yarasha harakat qilsak bo‘lgani. I shlayman, jamiyatda o‘z o‘rnimga ega bo‘laman degan fuqaro borki, qo‘llabquvvatlanyapti, qarmoqni qo‘limizga tutqazyapti. Baliqning qay birini tutish esa, faqat o‘zimizga bog‘liq…

Nigora Jumayeva,

 jurnalist

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ёмон гумон омад йўлимизни боғлайди

Толҳа ибн Абдурроҳман ибн Авф ўз замонасида Қурайшнинг энг саховатли кишиси эди. Бир куни унга …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan