Бош саҳифа / Жамият / Nursiz ko’zga ko’chsa rangin bu olam

Nursiz ko’zga ko’chsa rangin bu olam

Onamning bir ko’zi zayif ko’rayotgani, tag’in boshqasi butkul ko’rmay qolganini aytishganda shifokorning gapidan rosti biroz gangib qoldim. Nahotki, onam endi yorug’ dunyoni rangin ko’ra olmasa, degan xavotir ichimni kemirardi. Shu payt yonimda o’tirgan ayol gap boshladi “singlim nega xavotirga tushasiz, axir tibbiyot mo’jizalarga boy, tez orada onangiz yana ko’ra boshlaydi. Mana mening ikkala ko’zim ham ko’rmay qolgandi. Ammo qo’li yengil shifokorlar operatsiya qilishdi. Bir ko’zimga gavhar qo’yishdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan ko’zimni ochsam hamma narsa ilgarigidek tiniq va ravshan ko’rina boshladi…”

Onamni ham tez orada operatsiya qilishdi. Rosti men hali o’ylab ulgurmasimdan operatsiya stoliga olingan onam 10 minutlarda palataga yotqizildi. Bir soatlar chamasi o’tgandan keyin ko’ziga qo’yilgan bintni olishgan-da mushtiparim quvonib, “qizim kiygan libosing biram yarashibdi, dedi jilmayib”. Demak ko’ra boshlabdi. Tibbiyotchilar yoxud taqdir mo’jiza ko’rsatibdi.

Onam uyga kelgach, shifokor bergan maslahatlarni tez-tez takrorlay boshladi. “Ko’z tiklanmaydigan a`zo hisoblanar ekan, uni vaqtida ehtiyotlash kerak, degan gaplarni menga ham oilamdagilarga ham uqtirmoqchi bo’lardi. Men ham bunga amal qilgan ko’yi yon-atrofga qaraydigan bo’lsam, ko’zimni yonga qaratib emas, boshimni burib qarashga odatlandim. Shifokorning aytishiga qaraganda, boshni yonga qaratmasdan ko’z qiri bilan qarayotganimizda ko’zdagi mushaklar zo’riqar ekan. Vaqt o’tishi bilan ko’z mushaklari charchar ekan. Shu-shu ko’z bilan bog’liq mashqlar qila boshladim. Vaholangki, ko’zim yanada tiniq ko’ra boshladi. Beixtiyor ko’z bilan bog’liq kasalliklar va ularning oldini olishga diqqatim oshdi.

Avvallari ko’pchilik ko’z bilan bog’liq muammolar paydo bo’lsa, darhol poytaxtga falon pul xarajat qilib borishardi. Bu esa ko’pchilikni qiyin ahvolga solib qo’yardi. Aholida ko‘z kasalliklari bilan kasallanishning oldini olish, keng tarqalgan – katarakta, glaukoma, tomir tizimi kasalliklari, diabetik retinopatiya kabi xastaliklarni ortiqcha mablag‘ xarajat qilmay, erta aniqlash va sifatli davolash imkonini yaratish maqsadida vohamizda ham Respublika ixtisoslashgan ko’z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali tashkil etilgani ham ayni muddao bo’lmoqda. Ushbu markaz Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo’lib, malakali kadrlar faoliyat yuritib kelayapti.

Respublika ixtisoslashgan ko’z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Termiz filiali mikroxirurgiya bo’limi boshlig’i O’ktam Saydaliyevning aytishiga qaraganda, shifoxonada bir yilda ikki mingdan ziyodroq ko’zga ziyo ulashiladi, operatsiya amalga oshirilar ekan.

— Ko’z juda nozik a`zo hisoblanadi,  shifoxonamizga murojaat qiluvchilarning ko’pchiligi, boshlang’ich tashxis qo’yilganida jiddiy e`tibor bilan qaramasligi sabab ham ularning ko’rish qobiliyatlari susayib ketadi, keyin operatsiyaga borib taqaladi, — deydi O’ktam Saydaliyev. — Ko’zi og’riganlarning ko’rish darajasiga qarab davolashga, ularning sog’ayib ketishiga harakat qilamiz. Ko’zdagi uzoqni ko’rish darajasi, yaqinni ko’ra olmaslik kabi holatlarni kamaytirishning imkoni yo’q. Ammo ularning ko’payib, ko’z yanada zayif ko’rib qolmasligi uchun shifokor tavsiyasiga amal qilish muhim hisoblanadi. Ayrimlarning ko’ziga dori-darmonlar, optik ko’zoynaklari buyuriladi. Ularni muntazam taqib yurilsa, ko’zning holati yomonlashmaydi. Ko’zlarni sog’lom asrash va buning uchun oddiy, ammo kerakli mashqlarni qilish ham foydadan holi emas. Faqat odamdan biroz qunt va hafsala talab etiladi xolos. Ko’zning ravshan ko’rishi, ko’z kasalliklarining oldini olishda to’g’ri ovqatlanish, vitaminli mahsulotlar iste`mol qilish ham muhim. Shifoxonamizda 12 ta malakali mutaxassis, 100 ga yaqin  hamshiralar va kichik tibbiyot xodimlari faoliyat yuritib kelishmoqda.

Statistik ma`lumotlarga qaraganda, tashqi olamdan oladigan axborotimizning qariyb 90 foizini ko’zlarimiz orqali olar ekanmiz. Shu kichikkina a`zoning o’zida ham ko’plab kasalliklar uchrashi mumkin ekan. Kimdadir uzoqni ko’ra olmaslik bo’lsa, yana kimdir yaqinni yaxshi ko’rmaydi. Kimningdir ko’zidagi nuqson irsiyat bilan bog’liq bo’lsa, boshqa birovda faoliyat davomida yoxud ehtiyotsizlik sabab ham ko’z kasalliklari yuzaga kelar ekan.

— Uzoq yillar mobaynida pilla boqqanman, — deydi Qumqo’rg’on tumani “Yangiyer” mahallasida yashovchi Xolbibi Eshqobilova. — 11 farzand 45 nabira qurshovida baxtli hayot kechirayotgandim. Kunlarning birida qon bosimim ko’tarilib ketdi. Shundan so’ng bosim ko’zga tushib ko’zim ko’rmay qoldi. Shifokorlar tezgina operatsiya qilishdi. Ko’zimdagi kotaraktani olib tashlab, gavhar qo’yishdi. Hozirda avvalgidek, hamma narsani yaxshi ko’rayapman. Boshim o’g’rirdi, hozir og’riqlarim yo’q. Shifokorlar ham bu yerdagi sharoit ham zo’r. Bemorlarga yaxshi munosabatda bo’lishayotgan vrachlardan minnatdorman. Atrof-muhitni ko’rib yurgan kishining ko’zi birdaniga ko’rmay qolishi yomon bo’lar ekan. Bolajonlarning chopqilashiniyu, o’yinqaroqliklarini ko’rib bahra olishim uchun ham ko’zim qayta ko’ra boshlaganidan xursandman.

Kasallikning davosi borligiku yaxshi, albatta, ammo uning oldini olish kasallikka chalinmasdan salomatligimizni ehtiyot qilish hammasidan ham a`losi. Shunday ekan, ko’zimizni asraylik o’zimiz.

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Деновдаги 81-мактабга электрон доска ҳадя қилинди

O’zLiDeP Денов тумани Кенгаши депутати С.Рашидова «Қуёшли юрт» маҳалласидан сайланган. Бугунга қадар депутат маҳалладаги кўплаб …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan