Бош саҳифа / Маданият / Menmasman Jaloliddin!

Menmasman Jaloliddin!

Yoqmasa, ko‘rmang deyishadi. Yoqmadi, aytdim. Yoqmadi — ko‘rmadim.”
Arslondan qochayotgan Jaloliddin… bu sahna menga daryodan suzib o‘tib, Chingizxonga yurtni tashlab ketgan odamni eslatdi. Bu topilmasi bilan rejissyor nimani anglatmoqchi bo‘lgan bilmadim-u, menga ustimizdan kulishdek tuyuldi. Aslida, o‘sha davrda Xorazm kengliklarida arslonlar bo‘lganmikan degan savol hozirgacha tinchlik bermaydi.

Arslon qopqonga tushdi. Endi buyog‘i “Muhtasham yuz yil”. Yovqarash aka-ukalar-u kundoshlarning takabburona yuz qiyofasi. Tarixni chiqitga chiqaribdi dedim asabiylashib… Davomini ko‘rgim kelmadi. Ozroq termulib turdim. Xohishsiz… Shomonlik targ‘iboti — Chingizxonning telbanamo harakati, bachkanalashuv. O‘z salohiyati va harbiy yurishlari bilan mamlakat sarhadini Arabiston yarimoroliyu Yettisuvga yetkazgan xorazm-shoh davlatida kun ayollar qosh-qovog‘iga qarab qolganligini ko‘rib tarvuzim tars yorildi. G‘udranishlarimdan bezganlar televizorni o‘chirib qutulishdi. Serial tarixiy faktlarni bo‘rttirish, shaxs va tarixni soxtalashtirish bilan to‘yintirilgan. Toza, o‘ta pokiza, yomon esa yovuz qi-yofa kasb etishi shunda ko‘rinadi. Senariyga tirkalgan sevgi esa ortiqcha detal. Jaloliddinning ko‘zini shamg‘alat qilib, qo‘ynida to‘lg‘angan ilonday avrashlari ortidan Jaloliddin beburd va fikri yo‘q shaxsga aylanadi. Va lekin, Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasafiy shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa, jilmayib qo‘-yardi. U adolatsizliklarni yomon ko‘rardi. Jaloliddin o‘ta qat’i-yatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi”.

— “Qadimgi Xorazm O‘rta Osiyoning Misridir”. Insoniyat sivilizatsiyasining ko‘hna makonlarini o‘rganuvchi arxеologlar ulkan yutuqlarga ko‘hna Xorazm zaminidagi makonlar, qabriston, qal’a va qo‘rg‘onlarni izlab topish va o‘rganish jarayonida erishdilar. Xorazm tarixi, madaniyati va san’atini bеtakrorligiga yana bir marta amin bo‘ldilar”, — degan edi tadqiqotchi S. Tolstov.

O‘rta Osiyoning Misrida Alovuddin Muhammad siyosati bir qator kamchiliklarga yo‘g‘rilgan holda talqin etiladi. Turkon xotun ham aqli yo‘q tovuq miya qiyofasida gavdalanadi. “Alovuddin Muhammad (1200-1220) davrida mamlakat hududi yanada kengaydi. 1210-yilda Movarounnahrni Qoraxitoylardan tortib oladi. Uning davrida mamlakat qanchalik gullab-yashnamasin, mamlakat ich-ichidan yemirilib borgan. Hatto, sulton saroyida ham ichki nizolar avj olib, ularning boshida Turkon xotun va qipchoqlar turgan. Sulton saroyidagi bunday nizolardan foydalangan mo‘g‘ullar 1219-1221-yillarda mamlakatning asosiy qismini bosib oladilar”, — deyiladi manbalarda. Ajdodlariga munosib sarkarda va ulkan qo‘shini bo‘lgan Xorazmshoh serialda onasi bilan o‘chakishib yuribdi. Vaholanki, Turkon xotun moliyaviy masalalarda hamda davlat boshqaruvida o‘ta ahamiyatli shaxs edi. Kezi kelsa, Sulton Muhammadning farmoyishlarini bekor qila olardi ham. Chunki,Turkon xotun va qipchoqlarga imtiyoz va erkinliklar Sulton Muhammad taxtga o‘tirmasdan avval berilgan edi.

Hechqursa, ona bola orasidagi nifoqni o‘zlarining saviyasiz “topilmasi”yu xiyonat bilan emas, balki o‘g‘ilning onasiga bo‘lgan hurmati vajidan unga qarshilik qila olmasdi, kabi ifodalansa, elning ma’naviyati namoyon bo‘-larmidi? Zero, tarix Alovuddin Muhammad haqida ham, Turkon xotun haqida ham o‘z so‘zini aytgan. Serial davomida Jaloliddin Turkon xotunning sevimli nabirasi-yu O‘zloqshoh taxtga ko‘z olaytirib yurgan da’vogar. Ammo, tarix boshqacha guvohlik beradi. Taxtning valiahdi, Jaloliddin Manguberdi qanchalik munosib bo‘lmasin, O‘zloqshoh edi. “Jaloliddin Manguberdi G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarga 1215-yilda hokim va taxt vorisi etib tayinlangan. Biroq, Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat’iy noroziligi sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vo-rislikdan mahrum etilgan”, — deyiladi manbalarda. Agar serial 1215-yil voqealarini ifodalar ekan, unda Alovuddin Muhammadning kasallik sahnasi besh yillik kurashuvlarga aylanib ketgani qiziq. Va yana agar shu yillar serial asosida bo‘lsa, 1221-yilda Jaloliddinning yetti yoshli o‘g‘lining yuragini tiriklayin sug‘urib olishlari uchun “topilma qahramon bilan o‘y-nashib yurgan navqiron yigit emas”, uylangan shahzodani ko‘rsatish kerak emasmi? Inolchixonning qizi Jaloliddindan “umidvor” bo‘lib yurgan shu paytlarda Hirot voliysi Jaloliddinning qayinotasi bo‘lganligini eslash kerakmidi?

Tarixni ag‘dar-to‘ntar qilish millatning ustidan kulishga aylanib qolgandek. Oqshoh O‘zloqshohdan katta ekanligi esa boshqa masala. “Og‘ir bemor bo‘lgan Muhammad o‘g‘illarini yoniga chorlab, so‘nggi damda Jaloliddin Manguberdini o‘z o‘rniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshohlar bilan birga Gurganj mudofaasiga oshiqadi. Lekin, Gurganjdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e’lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo‘ldilar (Shunda yaqqol ko‘rinadiki, ona-bola nizoli vaziyatda bo‘lgan bo‘lsa ham, Turkon xotun Alovuddin Muhammad saroyda bo‘lgan paytda unga nisbatan biror bora bosh ko‘tarmagan, fitna qilmagan. Taxtni tark etgachgina, taxt Jaloliddinga berilgachgina Turkon xotun tarafdorlari taxt-ga da’vogar bo‘ladi-qoladi. Yana bir holat. Jaloliddin ikki ukasi bilan saroy mudofaasiga otlanar ekan, O‘zloqshoh yo‘l-dayoq Jaloliddinga suiqasd qila olardi. Demakki, buyog‘i yana tarixni turkcha serialga aylantirishga urinish bilan boyitilgan).

Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 suvoriy bilan Gurganjni tark etib, Xurosonga yo‘l olgan. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar mo‘g‘ul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan so‘ng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga nomalar jo‘natib, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi birlashishga da’vat etdi, bir oydan so‘ng G‘azna tomon yurdi. Yo‘lda unga Hirot voliysi, qayinotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo‘shin bilan kelib qo‘shildi. Qandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdi ularni tor-mor keltirgan. U G‘aznaga 1221-yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshlig‘i Sayfuddin Ig‘roq, Balx voliysi A’zam Malik, afg‘onlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshlig‘i Hasan Qarluq kelib qo‘shildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qo‘shin bor edi. Jaloliddin Manguberdining o‘zidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal’asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan so‘ng ularni tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq mo‘g‘ul askari o‘ldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan o‘tib, ko‘prikni buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi”.

Gap kelganda aytish joizki, milliy serial sifatida e’tirof etilgan serial ortidan avlodlar vatanparvarlik, tarixdan iftixor tuyishi kerak. Bu serial ortidan tomosha qilib, ayollarning bo‘sh vaqtida tarixga ham qiziqmay voqeaga mahliyo bo‘lib o‘tirishi bilan iborat asar desa bo‘ladi. Serial ayollar uchun emas, mamlakatning vatanparvar avlodi uchun suratga olinishi kerak emasmi? Filmni ko‘gan ayollardan biri faktlarni eshitgach, aslida serialdagiday emasmi, deydi. Ularning tasavvuriga allaqachon tarix shu serialdagiday muhrlanib boshlagan.

Men serialni bazo‘r ko‘rib, xulosa qildimki, o‘zini anglagan avlod endi Jaloliddin Manguberdidek bo‘lishga o‘ylanib qoladi. Tarix bilan serial o‘rtasida “sarson” bo‘ladi.

Jaloliddin Manguberdi haqida film ola-man degan inson millatning ma’naviy qarashlari, e’tiqodi, kelib chiqishi, etnografiyasi, madaniyati bilan tanish bo‘lishi kerak, nazarimda. Serial davomida saroyda o‘ralashib yur-gan odamlar galasidan boshqa narsani kuzatmaysiz. Taassuf!

PS: Haspo‘shlash qachon va nimadan kelib chiqadi? Hammasi bulg‘angach… “Mendirman Jaloliddin” seriali avvalida: “Badiiy film sifatida qabul qiling” deyishlaridan payqash mumkinki, asarda motiv, qahramonlarning ismigina qolgan…
Film boshlandi.

Xurshid Qarshiyev

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Германиялик сайёҳ Термизда адашиб қолди

Сурхон заминидаги мўъжизакор жойлару зиёратгоҳларни томоша қилиш учун дунёнинг турли гўшаларидан сайёҳлар ташриф буюришмоқда. Германиялик …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan