Бош саҳифа / Жамият / Manfaatning ‘‘qaytmas’’ qo‘shig‘i

Manfaatning ‘‘qaytmas’’ qo‘shig‘i

U olis bir tog‘li qishloqda yashardi. Kichikligidayoq hayotning turli xil o‘nqircho‘nqirlarini ko‘rib ulg‘aydi. Ichsa bo‘ladigan suvni ham uzoqdan tashib kelardi. Bog‘cha degan gapni eshitgan-u, ammo uning nima ekanini hali-hanuz fahmlagan emasdi.

Bobosi qari xachiriga mindirganicha, soatlab yo‘l bosib, maktabga olib borardi. Tabiiy giyohlardan ko‘p iste’mol qilib yurganidanmi, qishloqda kasalga chalinganning o‘zi yo‘q edi. Shundanmi, deyarli ko‘plar shifoxonaga borishga ham unamasdi. Kimdir bezovtalansa, ulbul yeb shifo topishga urinardi. Chunki, u yashaydigan joyga eng yaqin kasalxonaga borish uchun ham qariyb bir kun ketardi. Buning esa turgan bitgani azob edi.

 Kunlarning birida uning otasi qattiq og‘rib qoldi. Shifokorga uchray desa qishloqda bundayin mutaxassis anqoning urug‘i. Bittasi bor edi, ammo u ham o‘qishni bitirarbitirmas odam gavjum, hayot qaynayotgan, shunga yarasha daromad topish mumkin bo‘lgan katta shaharga ketdi-yu bu qishloqlarda qaytib qorasiniyam ko‘rsatmadi. Bu gurungdan yaxshigina xabardor Anqovoy esa otasini ko‘rsatarga qishloqdoshini izlab bordi. Ammo, qishloqdan chiqqan shaharlik doktor olis chang ko‘chalarga, odam qadami yetmas go‘shalarga borishni istamasligini aytayotganida uning peshonasidan achchiq ter chiqib ketdi. Qaytamiga doktor uning yuziga qarab turib: “Bir odamni davolash uchun shuncha yo‘l bosib u yerlarga borgandan ko‘ra bu yerdagi mijozlarim afzal, ikki-uch kunda men nechtasining cho‘ntagini qoqaman, bilasanmi, sen buncha “ko‘ki”ni ko‘rish tugul eshitmagansan ham… Boshqa doktor topishingga to‘g‘ri keladi, qishloqdosh”, deya eshikni ko‘rsatib yubordi.

Yuziga tars yopilgan eshik ortida qolgan Anqovoy nima qilarini bilmay ortga qaytdi. Uyiga ko‘p odam yig‘ilgan. Hammayoq yig‘i-sig‘i. Boshida hayron qotdi. Shunda miyasiga bir narsa kelib urildi-yu o‘zini yo‘qotdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib: “Ota” deya oldi, xolos. Afsuski, uning ongida paydo bo‘lgan mudhish fikr haqiqatdan sado berib turardi. Anqovoy otasining ma’rakalarini o‘tkazarkan, hech kimga lom-mim demadi. Chuqur o‘yga toladigan odat chiqardi. “Bizga o‘xshagan uzoq hududlarda yashaydiganlar ham odam-ku, nega endi biz kasal bo‘lsak, davolaydigan, dardimizga malham bo‘ladigan odam topilmasa, anavi betavfiqqa o‘xshab shaharga ketib, tilida ‘‘Gippokrat qasami’’, egnida oq xalati bo‘la turib, vijdonini shaharning shovqinli va moddiyat bilan yo‘g‘rilgan hayotiga armug‘on etib yuboraversa, o‘zingniki qochib ketsa-yu shuhrat ko‘zlarini ko‘r qilsa, begonaga ming pul va’da qil hamki, u seni va yaqinlaringni kelib davolashga rozi bo‘larmidi?” Uzuq-yuluq o‘ylar ortidan yaxshi bir fikr miyasida yarq etdi. “Bunday yurishdan foyda yo‘q. Kadr o‘zimizdan chiqishi kerak. Har bir qishloqning, har bir jamiyatning barcha sohalarda kerakli mutaxassisi bo‘lishi yaxshi-da baribir. Chekka hududdagi odamlarni hech kim davolashni istamasa, men shifokor bo‘laman va xalqimga xizmat qilaman”, deya qat’iy qarorga keldi…

Oradan kunlar o‘tib, katta papkani qo‘ltiqlab shaharga otlangan Anqovoyni bir xushxabar yanada sergaklantirdi. Uzoq qishloqlar aholisi uchun tibbiyot sohasida o‘qish istagidagi yoshlarga imtiyozlar berilayotgan emish. Birgina talab esa o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga borib, o‘sha yerda yashovchi fuqarolarni davolashi lozim. Buni eshitgan Anqovoyga qayta jon kirganday bo‘ldi. Axir, niyat ham shu edi-da. Anqovoy shaharda uzoq yil yashadi. Qishloqdosh doktorning xatosini takrorlamayman degan o‘yda kelgan olis qishloqlik bola butkul o‘zgardi-qo‘ydi. Tibbiyot maskanida sohaning sir-u asrorlarini o‘rganaman, haqiqiy mutaxassis bo‘laman va qishlog‘imning odamlarini davolayman, degan fikrlar endi sekin-asta xira parda bilan to‘sila boshladi.

Davomi gazetaning 48-sonida

Haqgo’y

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Деновдаги 81-мактабга электрон доска ҳадя қилинди

O’zLiDeP Денов тумани Кенгаши депутати С.Рашидова «Қуёшли юрт» маҳалласидан сайланган. Бугунга қадар депутат маҳалладаги кўплаб …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan