Бош саҳифа / Адабиёт / «Kitobga ixlosim — namozxonning farzidek»

«Kitobga ixlosim — namozxonning farzidek»


Mutolaa siz uchun nima? Bu majburiyat bo‘lishi ham, uddalab bo‘lmas yumushdek ko‘rinishi ham hech gap emas. Aslida, mutolaa eng sevimli mashg‘ulot. Undan zavq-u shavq olish, hayotni anglash, o‘zlikni tanish mumkin. Asosiysi, qarashlar, fikrlar kesishib, insonning kim ekanini belgilab beradi. Men kitobxonmanmi? O‘qib uqdimmi? Mutolaa menga nima berayapti? Nega u zaruratga aylanayapti-yu kitob tanlashni, asarlar ichida yashashni boshladim? Siz o‘zingizga mana shu savollarni bera boshlagan bo‘lsangiz, demak, ko‘nglingizdagi g‘alayonlar bejiz emas. Siz ulg‘aya boshlabsiz. O‘z dunyongizda… o‘zingizni topayapsiz.

Kitob mohiyatini anglaganingiz sari haqiqiy boylik nima ekanligini, martaba va obro‘-e’tiborning bahosini tushunib boraverasiz. Hayit bobo Normamatov uchun mutolaa allaqachon hayot mazmuniga aylanib ulgurgan. Kitobni Ka’badek muqaddas sezib, chuqur e’tiqod ila o‘qiydi. 87 yoshida ham kitob eng yaxshi hamroh, eng yaxshi sirdosh, eng yaxshi ulfati. Kitobga mehri qachon tushganini eslolmaydi ham. Maktab kezlarida kutubxonadan chiqmay, mutolaa bilan band bo‘lganidami va yoki kutubxonachidan o‘qishli asarlarni kitoblar orasidan topib berishini qistayotganidamikan? Yo ona suti, ota muhabbati bilan qon-qoniga, joniga singdimi? Tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo tog‘lari qo‘ynida ulg‘ayayotib, musaffo havo, ona yurt tafti ila Vatan tasvirini izladimi, pok tuyg‘ularni qidirdimi? Yoki azim poytaxtga yo‘l olib, Toshkent qishloq xo‘jalik institutida o‘qiy boshlaganida musofirlik mutolaaga o‘ch qildimi?

Savollar ko‘p, izlovlar cheksiz, ammo u agronom deya yozilgan diplomni olganida ham, qishloq xo‘jaligida javlon urib mehnat qilganida ham mutolaadan uzoqlashgan emas. Kitobni sevishdan to‘xtagani yo‘q. Ha, o‘sha paytlarda agronomlik obro‘li kasb edi. Mutaxassis yetishmaganidan uni Surxon vohasiga «uchirma» qilishdi. Qiziriqda mutaxassisligi bo‘yicha turli lavozimlarda ishladi. Oshini halollab, ishini ardoqlab sidqidildan bajardi. Hurmatga, e’tiborga sazovor bo‘ldi. Gap-so‘zi joyida, jo‘yali, topib-topib gapiradigan, ko‘ngil dunyosi keng bu insonni boshqacha e’zozlamaslikning iloji ham yo‘q aslida.

Qay yurtga mehringizni qo‘yib yashasangiz, o‘tayotgan vaqtingizga achinmasangiz, siz uchun o‘sha makon Vatanga aylanadi. Hayit bobo uchun Surxon vohasi ana shunday qiymatga ega bo‘ldi, ko‘ngil uzib keta olmadi, tup otib, palag yozdi. Uylandi, o‘zidan ko‘paydi. 10 farzandni oq yuvib, oq taradi. O‘qitdi, hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashdi.

— Qush uyasida ko‘rganini qiladi degan naqlning naqadar to‘g‘ri ekaniga o‘z hayotim misolida amin bo‘ldim, — deya iqrorlanadi Hayit bobo. — Farzandlarim ham kitobga oshno bo‘lib ulg‘ayishdi. Qo‘llaridan qo‘yishmadi. Yaratganga shukrki, bu o‘zining mevasini ko‘rsatdi. Ular o‘z yo‘lini topdi. O‘z sohalarida muvaffaqiyatga erishganida ham kitobning hissasi bor deb o‘ylayman.

— O‘tayotgan umrim-dan mamnunman, — deydi Hayit bobo Normamatov. — Bilasizmi, Oybek, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov, Hamid G‘ulom, jahon adabiyotining bebaho ijod ahli bo‘lmish mashhur Lev Tolstoy, Aleksandr Dyuma, Dostoyevskiy, Mopassan, Drayzerlar qalamiga mansub asarlarini qayta-qayta o‘qish men uchun nafas olishdek gap. Qullarga bosh bo‘lgan Spartak qo‘zg‘oloni, «Oktavian» romanidagi nohaq qamalgan qahramonning sevgi qissasi, kosmonavtning sof muhabbatini, yana ehhe, qanchadan-qancha qimmatli asarlarni o‘qiy turib o‘zimni yig‘lashdan to‘xtata olmayman. Uyimda kutubxona tashkil etganman. 3 000 dan ortiq kitoblarim tizilgan bu xona men uchun eng sevimli makon, Vatandek gap. Bu kitoblarimni qachon yig‘a boshlagan ekanman-a? Esimni taniganimdandir balki. Talabaligimda eng sara asarlarni xarid qilishni boshladim. Kitob xaridi men uchun sevimli mashg‘ulot. Termizga yo poytaxtga boramanmi, yo Moskva safarida bo‘lamanmi durdona asarlarni xarid qilaman. Kitob bobida mendan saxiy odam bo‘lmasa kerak. 500-600 ming so‘mlik xaridim tufayli har safar qimmatli javohirlarga ega bo‘laman. Kitobxonlik ham bir san’at. Kitob tanlay bilish esa undan-da nafis va nozikroq. Har qanday asarni ham o‘qiyvermayman. Tanlab-tanlab, saralab o‘qiyman. Ko‘p o‘qiyvergan kishining didi noziklashib, hamma kitoblarni ham o‘qiyver-maydi. Vaqtini behudaga o‘tkazishni istamaydi. Sevimli bo‘lib qolganlarini qayta va qayta o‘qishdan, yangidan-yangi ma’nolarni uqishdan zavq olaman. Har bir o‘qigan kitobimni kospektlashtiraman. Busiz mutolaam kemtikdek, tugallanmagandek bo‘lib qoladi. Asarning mazmunini to‘rt sahifasini o‘qigandayoq bilib olish mumkin. Aytayotgan bu gaplarim o‘zimni maqtashdek tuyilishi mumkin, ammo aslo unday emas. Maqtanishdan yiroqman, havoyi hislarga beriladigan yoshdan ham o‘tganman.

Siz ham bilsangiz kerak, bugun meni og‘rintiradigan masala bor. Negadir kitobxonlik so‘ndi. Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi. Kitobga munosabat o‘zgardi. Bir atrofingizdagilardan kitob o‘qiysizmi? Oxirgi bor qanday kitob o‘qidingiz deya savol berib ko‘rsangiz, ular e, qo‘ysangiz-chi kitob o‘qishga vaqt bormi deb qoladi. Esiz, esiz! O‘qish kerak. Bugungi zamonda, ayniqsa, mutolaa zaruratga aylanishi kerak. Qaysi mamlakatda kitobga ehtiyoj yo‘q ekan, iqtisod qanchalik rivojlanmasin, siyosat qanchalik yuqori darajada olib borilmasin, o‘sha mamlakat tanazzulga yuz tutadi. Yurtboshimizning kitobxonlikka alohida e’tibor qaratayotgani ham shundan.

Tolstoyning «Anna Karenina»sini, Dostoyevskiyning «Telba»sini o‘qimagan, har bir hujayrasiga singitib yubormagan insonning borligi fojia aslida. Har kim kitobxon bo‘lishi kerak. Kitob o‘qing, bolalarim, oq-qorani taniysiz. Hayotni, o‘zligingizni anglash uchun ham kitob o‘qish kerak, hayotni kuzatish kerak. Kitob o‘qiganning dunyoqarashi keng bo‘ladi. Notiqdek so‘zlaydi. Kitob tufayli hayotingiz o‘zgaradi. Tafakkuringiz o‘sadi. Kitob o‘qing, uni qadrlang, diqqatga sazovor joylarini ko‘chiring, uqqanlaringiz haqida qog‘oz qoralashdan erinmang. Buni yoshi ulug‘ bobongizning o‘giti, katta hayotiy tajribasi deb biling. Atrofimizda kitobning bir sahifasini o‘qimagan ham yuribdi. Nechog‘lik achchiq bo‘lmasin aytay, ma’naviy ehtiyoj bilan emas, moddiyatga, mol-dunyo va yeb-ichishga berilgan odamning hayvondan nima farqi bor? Farzandlarim, sizlar ana shunday qatorga qo‘shilishdan qo‘rqing.

Namozxon namozni o‘ziga farz va qarz deb bilib, o‘z farzini bajarishni qo‘ymasa, men ham kitobga ana o‘shanday ixlos qo‘yganman. Ba’zan asablarim qaqshab, kayfiyatim bo‘lmagan paytda kutubxonamga kiraman-da, mutolaaga kirishaman. Kitobning 10-15 sahifasini o‘qib boshlaganimdan keyin tinchlanganimni, ko‘nglimdagi g‘uborlar tumanday tarqab ketganini sezaman. Kitob eng yaxshi psixolog, eng yaxshi davo, eng yaxshi muolaja hamdir. Kitoblarimsiz o‘zimni kemtik, kambag‘al sezaman. Ko‘nglimga yaqin, kitobga ko‘p murojaat qiladigan insonlarga ularni tuhfa qilishni ham xush ko‘raman. Kitob menga ko‘p narsalarni berdi. Hayotimni o‘zgartirdi. Mohiyatni anglashni, hayotga boshqacha ko‘z bilan qarashni o‘rgatdi. Gorkiy aytganidek menda ham “O‘zimdagi jamiki go‘zal fazilatlarni kitob berdi”…


Sayyora ALLAYEVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

ЮРАКДАГИ САНЧИҚ

Мана, бир ой бўлдики, Облоқул муаллимнинг на уйқусида, на юриш-туришида ҳаловат бор. Мусофирликнинг ўйдим-чуқур кўчаларида …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan