Бош саҳифа / Жамият / Ishning egasi bo’lish osonmas

Ishning egasi bo’lish osonmas


— O’tgan yili “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida bankdan yigirma sakkizmillion kredit oldim. Kredit mablag’lari esa taminotchining hisob raqamiga o’tkazib berildi. Ushbu mablag’lar evaziga taminotchidan 12 bosh qo’y olib boqa boshladim. Birinchi bor tadbirkorlikka qo’l urganim sababmi, yoki o’zim jonivorlarning “tili”ni tushunmadim chog’i tez orada qo’ylar kasalikka chalinib, tadbirkorligim ham chippakka chiqdi. Endi esa olayotgan oylik maoshimning 70-80 foizini kreditni so’ndirishga sarflayapman. Tadbirkorlikni boshlash va loyihalar ustida ishlash, biznes reja tuzish borasida tajribam yetarli bo’lmagani uchun ham shu ko’yga tushdim, — deydi tadbirkorlik orzusida yurgan yoshlardan biri.

O’z tadbirkorligini boshlab, kuyib qolayotgan, ishni oxirigacha puxta rejalashtirmasdan, yaxshi bir biznes g’oya topolmay, ishsiz va tadbirkorlikni boshlash uchun o’zida jur`at va ishonch topa olmayotgan yoshlar ham vohada talaygina. Ana shunday yoshlarga motivatsiya berish, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Surxondaryo yoshlar haftaligi doirasida Termiz shahridagi Movaro ofis va xizmatlar uyida tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda viloyatimizning ko’zga ko’ringan tadbirkorlari, tumanlardan kelgan tadbirkorlikka ishtiyoqmand yoshlar ishtirok etdi. Maqsad esa tadbirkorlarning erishayotgan yutuqlari, muvaffaqiyat va mashaqqatli yo’li haqida yoshlarga keng tushunchalar berish, tadbirkorlik sir-sinoatini o’rgatish va o’z biznesini boshlashida turtki berishga qaratilgan.

— Tadbirkorlikni boshlash, bu borada yuqori natijaga erishish o’z-o’zidan bo’lib qolmaydi, — deydi “Komfort mebel servis” korxonasi rahbari Farxod Shoimov. — Hech kim birdaniga katta biznesmen bo’lib qolmagan. Buni men o’z tajribamdan kelib chiqib aytayapman. Buning uchun faqat va faqat mehnat, bir maqsadni oldiga qo’ydimi, unga erishish yo’lida bor kuch va shijoatini, bilimini ishga solishi kerak bo’ladi. Bizning korxonamizda asosan, mebel jihozlari, eshiklar tayyorlanadi. Ayni paytda savdo ko’lami oshib bormoqda, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz xaridorgir, ko’plab ish o’rinlari yaratganman. Bunday natijaga erishish uchun bir kun yoki bir oy kamlik qiladi. Yillar va sabr-toqat bilan mehnat qilish, ishdagi halolik shart va zarur. Ana shundagina tadbirkorlikda yuqori natijaga chiqish mumkin. Ayni damda korxonamizda bo’sh ish o’rinlari mavjud. Tadbirkorlikning shunchaki ish, oylik olish va moddiyat jamg’arish manbayi, deb emas san`at deb biladigan yoshlarni bajonidil ishga qabul qilib, ularga ko’maklashishga tayyormiz.

— Deylik chorva yo’nalishida tadbirkorlikni boshlab, biror jonivorni parvarishlamoqchimisiz, buning uchun avvalo, o’sha jonivorni parvarishlash, unga qanday munosabatda bo’lish, chidamliligini, nimalar bilan oziqlanishini, qaysi kasalliklarga qarshi emlanishini bilib olish kerak bo’ladi, — deydi “Blek plast” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shavkat  Malikov. —  Birinchi galda parvarishlayotgan jonivor uchun alohida sharoit, unga qarovchi veterenar jalb qilish kerak. Vaqti-vaqti bilan vitaminli ozuqa ham berib turish kerak. Shuning uchun tadbirkorlikda shoshmashosharlik yaramaydi. Kredit oldim, ishni boshladim va kuyib qoldim, qabilidagi gaplarning tag zamirida tadbirkorlik bo’yicha tushunchaning yo’qligi, biror maqsadli reja va aniq biznes loyihaning ishlab chiqilmaganligi  evaziga kelib chiqadi. Keyinam ko’pchilik yoshlarda biror ishning boshini tutishda, eplolmasamchi, qilolarmikanman, qo’limdan kelmaydi, degan qo’rquv bo’ladi. Bir ishni boshlamoqchimisiz, ichki qo’rquvni yengish juda muhim, undan keyin esa boshlamoqchi bo’lgan ishning ipidan ignasigacha rejalashtirib olish va hech narsani nazardan qochirmaslik kerak. Menda ham qiyinchiliklar ko’p bo’lgan, ortga hech qachon chekinmasdan, aksincha, doimo oldinga harakat qilaverganman. Mehnatlarim bugun bo’y ko’rsatib turibdi, shu menga juda katta motivatsiya.

Bugun vohada tashkil etilayotgan yoshlar haftaligi doirasida turli xil tadbirlar yoshlarga yuqori kayfiyat bag’ishlash, milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, milliy urf-odatlarimizni keng targ’ib qilish  hamda yoshlar tadbirkorligini kengaytirishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatli bo’layotir.

— Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni bir oltinsoyliklar bilardi xolos, — deydi “Robiyabonu Shabnam” oilaviy korxonasi rahbari Ra`no Choriyeva. — Bu kabi tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvida biz ham tadbirkor sifatida ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz bilan ishtirok etayapmiz. Bu esa nafaqat tadbirkorlik qilish istagida yurgan yoshlar uchun, balki biz kabi yosh tadbirkorlar uchun ham katta imkoniyat. Chunki, mahsulotlarimizni boshqa hududlarga ham yoyishda, ishlab chiqarishimizni kengaytrishda festivalning ahamiyati yuqori bo’lishiga umid bog’laganmiz. 

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Россия 10 минг меҳнат мигрантини ишга қабул қилади

Россия Ўзбекистондан 10 минг меҳнат мигрантини соддалаштирилган тартибда ишга жалб қилиши АОКАда Бандлик ва меҳнат …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan