Бош саҳифа / Жамият / “Har bir yigitning uyida oti bo‘lsin”

“Har bir yigitning uyida oti bo‘lsin”

‘‘Ot qadrini qaydan bilsin, ot minmagan erkaklar’’, deganida xonanda Toshpo‘lat Matkarimov nechog‘lik haq bo‘lganini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatib turganday. Darhaqiqat, ot minish er yigit uchun orzu, sharaf va o‘ziga xos mas’uliyatli ish. Har kim ham asov otning jilovidan tutishni-da eplolmaydi yoki haddi sig‘maydi. Ot sporti bizda hali ommalashganicha yo‘q. Ammo shunday insonlar borki, manaman degan shunqorlarni ham jilovidan mahkam tutib, yo‘rig‘iga soladi, bemalol tillashadi yoinki dardlashishni ham maromiga yetkazadi.

Qorabayir otlarni yetishtirish, ot sportini ommalashtirish borasida aynan vohamiz tanlanayotgani quvonchli voqea, albatta. Joriy yilning 5 avgust kuni Prezidentimiz “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Endilikda milliy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish hamda ularni ot sportiga keng jalb etish, mamlakatimizda mazkur sport turlarini yanada rivojlantirish maqsadida Milliy gvardiya huzurida qorabayir otlari mahorat maktabi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun esa Termiz tumani, “Yangiobod” mahallasi hududidagi 64,6 gektar yer maydoni bino va inshootlari bilan birga Milliy gvardiyaning balansiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Qorabayir otlari mahorat maktabi ham xuddi shu hududga joylashtiriladi. Bunday maktablar 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab to‘liq ishga tushishi kutilyapti. Mahorat maktabi otlariga ozuqa bazasini yaratish maqsadida 100 gektar sug‘oriladigan yer maydonini ajratish ham belgilab qo‘yilgan.

Xo‘sh, savol tug‘iladi. Qorabayir otlari mahorat maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari nimalardan iborat bo‘ladi va ushbu maktablar qanday vazifani o‘taydi? Prezident qarorida bu kabi masalalar ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Yosh avlod chavandozlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan milliy ot sporti musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazishda qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi. Yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan qorabayir zotli otlar bosh soni ko‘paytiriladi. Otlarni saqlash va sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatish ishlarini yaxshilashga ko‘maklashish, shuningdek, jahon bozorida ot zotlari orasida qorabayirning raqobatbardoshligini ta’minlash, aholining keng qatlami, ayniqsa, yoshlar qorabayir otlari mahorat maktabidagi seksiya va klublarga jalb etiladi. Ahamiyatlisi, mahorat maktabida 50 nafar xodim uchun ish o‘rinlari ham yaratiladi. Mahorat maktabiga duch kelgan otlar olinavermaydi. Faqatgina zotdor otlar O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutaxassislarining xulosasiga asosan tanlab olinadi.

Adolat MO‘MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

G’alaba uchun aql va chaqqonlik zarur

Yosh sportchi — sho’rchilik Muxlisa Toxirova tumandagi 1-umumta’lim maktabining 10-sinfida tahsil oladi. U o’qish bilan …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan