Бош саҳифа / Жамият / Gulmiraning yoqimtoy qo’g’irchoqlari

Gulmiraning yoqimtoy qo’g’irchoqlari

Sizningcha bola tarbiyasida u o’ynayotgan qo’g’irchoqning ahamiyati qay darajada? Farzandlaringizga qanday o’yinchog’u qo’g’irchoqlar sovg’a qilasiz? Bolaga zamonaviy qo’g’irchoq olib bergan ma`qulmi yoki milliy? Qo’l mehnati ila bunyod bo’lgan qog’irchoqlarning bolalar uchun zavqi o’zgacha, albatta.

Aslida qo’g’irchoq tayyorlash ham o’ziga xos san`at va iqtidor talab qiladi. Astoydil kirishgan odam esa buning uddasidan chiqishi shubhasiz. Qahramonimiz ham qariyb bir yildan buyon qo’g’irchoq to’qish bilan shug’ullanib kelmoqda. Va bu hunari ortidan ko’plarning nazariga tushgan. U yasagan qo’g’irchoqlari respublika bo’ylab mashhur. Qahramonimizning aytishiga qaraganda, u tayyorlagan ilk qo’g’irchog’ining xaridori qoraqalpog’istonlik ekan. Intiluvchan va umidli hunarmand qiz ushbu hunari ortidan viloyat rahbarining ham nazariga tushdi.

Viloyat hokimi To’ra Bobolov Sherobod tumanidagi yoshlar bilan uchrashuv chog’ida tashkil etilgan ko’rgazmada tumanda qo’g’irchoq to’qish bilan shug’ullanayotgan Gulmira Rahmonovaning tayyorlayotgan qo’g’irchoqlariga e`tibor qaratadi. Yig’ilganlarda ham u yaratayotgan qog’irchoqlarga qiziqish uyg’ondi. Qo’lida gulday hunari borligini ko’rgan viloyat rahbari uni yanada rivojlantirish, ommalashtirish kerakligini bildirib, hunarmand qizga ellik million subsidiya ajratilishini, natijada esa u tumandagi 20 nafar 30 yoshgacha bo’lgan ishsiz xotin-qizlarga hunar o’rgatib, ularni ish bilan ta`minlashi kerakligini aytgan edi.

Qahramonimiz Sherobod tumanidagi “Buyuk ipak yo’li” mahallasida istiqomat qiladi. Gulmira Rahmonova turli xildagi iplardan bejirim va yoqimtoy qo’g’irchoqlar to’qishga mehrini bergan. U to’qiyotgan har bir qo’g’irchoq o’zgacha bir olam. Undagi ranglar uyg’unligi, milliylikka zamonaviy tus berilishi ko’rgan kishida zavq uyg’otadi.

  • Oldindan to’quvchilik qilardim, kiyim-kechaklar, paypoqlar,

shapkachalar to’qish bilan shug’ullanib yurardim, ammo hech qo’g’irchoq to’qishni o’ylamagan edim. Kunlarning birida internetda to’qilgan quyoncha rasmini ko’rib qoldim va qo’g’irchoqlar to’qishga havasim uyg’ondi, – deydi Gulmira Rahmonova. – Bir ko’rgan narsamni tezda ilg’ab, amaliyotda qo’llay olganim uchun bu ish menga qiyinchilik tug’dirmadi. Shundan so’ng rang-barang iplar sotib oldim-da qo’g’irchoqlar to’qishga kirishdim. Bu ishni faqatgina chin dildan, mehr berib amalga oshirsa yaxshi natija berar ekan. To’qilgan narsalarni ijtimoiy tarmoqqa, telegramdagi gruppamga joylashtira boshladim. Qarabsizki, xaridorlar soni kun sayin orta bordi. Hatto o’zlari biror bir qo’g’irchoqning rasmlarini yuborib xuddi shunday qilib to’qib bering, deyishdi. Xaridorlar soni ko’paya boshlagandan keyin yonimga to’qishni biladigan, qiynalgan oilalarning xotin-qizlaridan 15 nafarini oldim-da, ularga ham hunarimni o’rgatib, ishli qildim. Ular uylarida men aytgan qo’g’irchoqlarni tayyorlab berishadi. Evaziga esa maosh ham olishadi. Ota-onam ham mahallamizdagilar ham xursand. Ham hunaringni o’rgatyapsan, ham qiynalgan oilalarga ko’mak berayabsan, deya otam doim duo qiladi.

Bitta qo’g’irchoqni qunt qilsam bir kunda to’qiyman. Ayni paytgacha 200 dan ortiq turli xil qo’g’irchoqlar tayyorlab sotganman.

Qo’g’irchoq to’qishdan qanday foyda olish mumkinligini, buning ortidan qancha daromad topishi bilan qiziqqanimda, Gulmiraning javobidan rosti hayratlandim. “Opajon, menga foyda muhim emas. Mahallamizda ishsiz, qiynalib yurgan ayollar zavq bilan hunari ortidan daromad topishayapti, qolaversa, har bir to’qilgan qog’irchoq tayyor holatga kelganda quvonchim ichimga sig’maydi. Ularning yuz-ko’zlarini tayyorlab bo’lgach, yangi dunyoga kelgan go’dakday odamni sevintiradi. Jarayondagi hayajon va zavqning o’zi-da men uchun katta foyda”. Qo’g’irchoqlar tayyorlash uchun iplar, sintafon, karton va oddiygina aliment simlar kerak bo’ladi. Faqat odam did va mahorat bilan to’qisa, istalgan narsasi chiqadi. Shunchaki tayyorlangan narsalardan ko’nglim to’lmaydi.

Tinib-tinchimaydigan, jonkuyar hunarmand qiz tuman madaniyat bo’limida ham to’quvchilikdan shogirdlarga saboq berayapti. Bu yil bahor oylarida o’zining firmasini ochib, unga ajratiladigan subsidiyaga qiynalib qolgan qizlarni ishli qilish payida. To’quv mashinkalari, kiyim-kechaklar to’qish va qo’g’irchoqlar tayyorlash uchun zarur buyumlarni subsidiya hisobidan olishni mo’ljallab qo’ygan. Rejalari tayyor, maqsadi ham katta. Harakatdan esa aslo to’xtamaydigan hunarmand qiz shu kungacha hech qanday tanlovlarga jalb qilinmaganidan afsusda. U ham hunarini dunyoga yoyishni, qiziquvchilarga quvonch ulashishni istaydi.

O’tgan yilning noyabrida xonanda Hosila Rahimova ham tuman madaniyat bo’limiga tashrif buyurganida Gulmiraning qo’g’irchoqlariga qiziqib, 10 tasini nabiralari uchun olib ketganini quvonch bilan eslaydi.

Narxi bilan qiziqsak, qo’g’irchoq to’qish ham yaxshigina biznes ekan. Bitta qo’g’irchoq 85 ming so’mdan 350 ming so’mgacha baholanar ekan. Qo’g’irchoqlarining kattaligi ham naq yarim metr kelarkan. Shunchalik mahorat bilan qog’irchoq to’qiyotgan va kam ta`minlangan ayollarga ko’mak berayotgan Gulmira Rahmonova ko’plarga o’rnak bo’lgulik.

-Ham ustozim, ham ishli bo’lishimda ko’mak bergan Gulmira opaning hunariga men ham qiziqib qoldim, – deydi Lobar G’afforova. – Ishsiz, uyda bekorchi bo’lib o’tirardim. Qilay desam ishim, o’rganay desam hunarim yo’q edi. Gulmira opa meni ham yonlariga olib, avvaliga to’qish sir-asrorlarini o’rgatdi, keyin esa menga ish taklif qildi. Ayni paytda u kishi ko’rsatgan andozalar bo’yicha qo’g’irchoq to’qiyman va mehnatimga yarasha moddiy manfaat ham ko’rayapman.

Qo’g’irchoq to’qish ham ajoyib bir san`at, insonga estetik zavq berib, kishiga hotirjamlik bag’ishlaydi. Bir-biridan chiroyli va mahorat bilan to’qilgan qo’girchoqlarni tomosha qila turib, rostini aytsam, halovat va xotirjamlikni tuydim. Hayot tashvishlariyu, atrofdagi voqea-hodisalar bir zum xotiram pardasidan ko’tarilganday bo’ldi. Ham kuch oldim ham zavq. Hunarning ortidan tuyganlarimni sizg ham ilindim, o’quvchim.

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ёмон гумон омад йўлимизни боғлайди

Толҳа ибн Абдурроҳман ибн Авф ўз замонасида Қурайшнинг энг саховатли кишиси эди. Бир куни унга …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan