Бош саҳифа / Таълим / “Gulbahor” maktabidagi hayot

“Gulbahor” maktabidagi hayot

Termiz tumanidagi “Gulbahor” mahallasida joylashgan 18-umumta`lim maktabiga yaqinlashar ekanmiz, 400 ga yaqin katta-kichik velosipedga  ko‘zimiz tushdi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Shuncha velosiped nega maktabda? Ha aytgancha, aynan ushbu ta’lim maskaniga Viloyat hokimi tomonidan “Damas” avtomobili ham ajratilgan.

Ikki davlat chegarasidagi mahallada joylashgan ta’lim maskanidagi o‘quv jarayon-ari, ta’lim sifatini o‘rganish maqsadida direktor O‘ktam Qulsaxatovni suhbatga tortdik.

— Maktabda yaxshi bir tashabbusga ko‘zimiz tushdi. “Bezovta qilmang, dars bo‘layapti!”, deya sinfxonalar eshigiga ilingan bu so‘zlarni qanday izohlaysiz?

— O‘tgan o‘quv yilida 35 nafar bitiruvchi o‘quvchilarimizdan bor-yo‘g‘i 2 nafari oliy ta’limga kirdi. Bu yil o‘quvchilar bilimi ustida qattiq ishlashga kirishganmiz. Bu yil maktabni tamomlash arafasida turgan 45 nafar o‘quvchi-yoshlarimizni oliy ta’limga to‘liq qamrab olishimiz kerak. Aynan shuning uchun ham sinfxonaga sabab-besabab kirishni, darslarni buzishni, o‘quvchilar bilim olishiga xalal berishga chek qo‘yish maqsadida bu g‘oyani ilgari surganmiz. Qarangki, shu ikki og‘iz jumla hatto muxbirlarni ham sergaklantirib, ichkarilashga qo‘ymagan ekan, demak ishimiz bekor ketmapti. Shuningdek, maktabimizda tahsil olayotgan barcha o‘quvchilarning bilimga chanqoqligini oshirishda bu kabi tashabbuslar ijobiy samara berayapti.

— Sizning maktabingiz chekka hududda joylashganligi uchun  ham boshqa tumanlardan yoinki viloyatlardan kelib dars beruvchilarga qo‘shimcha imtiyoz beriladigan hududda. Maktabda kadrlar yetarlimi? Ularning toifalariga ham to‘xtalsangiz…

— Ayni paytda 68 nafar o‘qituvchi dars berayotgan bo‘lsa, shundan 10 dan ortig‘i Termiz shahri va tumanning boshqa hududlaridan qatnab ishlaydi. Ingliz tili o‘qituvchilari yetishmaydi. Yoshlar yetakchisi lavozimi ham vakantda edi, hozirgi yetakchimizning tayinlanganiga hali bir oy ham bo‘lmadi. Qishlog‘imizdagi ingliz tili yo‘nalishida tahsil olayotganlarga umid bog‘lasak, aksiga olib ularning aksariyati boshqa hududlarga ko‘chib yoki turmushga chiqib ketishadi. 2 nafar oliy toifali, 11 nafar birinchi toifali o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ik-kinchi toifalilarimiz ham yetarlicha.

— O‘quvchilarning maktabga kelib-ketishi, masofa deganday, bularning bari qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

— Eng uzoqdan qatnaydigan o‘quvchimiz 10 kilometr uzoqlikdan darsga keladi. Siz ko‘rgan velosipedlarning ham siri shunda aslida. Ayni paytda maktabimizda 753 nafar o‘quvchi bo‘lsa, shundan bitta filialimizda 120 nafar, boshqasida 80 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotir. Yuqori sinfga chiqqanida ushbu maktabga kelishadi.

— O‘zingiz: “Oliy ta’-limga kirish ko‘rsatki-chimiz past”, — deya afsus bilan gapirdingiz. Maktabda qo‘shimcha fan to‘garaklari, repetitorlik qilish evaziga ham ta’lim sifatini yuqorilatish mumkinligini bugunning talabi ko‘rsatib turibdi. Masalaning bu tomoniga qanday qaralayapti?

— Maktabimizda doimiy ravishda fan to‘garaklarida mashg‘ulotlar olib boriladi. Bundan tashqari, bitiruvchi sinf o‘quvchilarining qiziqishlarini inobatga olgan holda bir nafardan o‘qituvchiga besh nafar o‘quvchini biriktirganmiz. Haftada ikki soatdan qo‘shimcha repetitorlik qilishmoqda. Fanidan chuqurlashtirilgan bilim berishga harakat qilishayapti. O‘zlarida xohish bo‘lsa, o‘quvchilarimiz o‘qituvchi-lardan belgilangan vaqtdan boshqa paytlarda ham fan sirlarini o‘rganishlari mumkin. Bizda 6-7-sinfdanoq o‘quvchilar qo‘shimcha repetitorlikka qatnay boshlashgan.

— Ta’lim maskani tevarak-atrofida yerlar ko‘pga o‘xshaydi. Anavi maydonda ko‘karib turgan piyozlar ham sizlarning qo‘shimcha daromadingizmi, deya maktabda tashkil etila-yotgan qo‘shimcha tadbirkorliklar haqida so‘raymiz (Bu ham aslida maktab uchun anchayin foydali bo‘ladi-da, bundan tushgan mablag‘ evaziga maktabda yangiliklar qilish mumkin, qo‘shimcha sharoitlar deganday)…

— Bir yili jamoamiz bilan kelishib, maktabdagi yer maydonlaridan samarali foydalanish uchun ekin ekib ko‘rdik. Ammo, hosil va natija ko‘zlaganimizdek bo‘lmadi. Shundan keyin yer maydonlarini ijaraga berishga qaror qildik. Ekin ekib hosil olishni istagan kishi maktabdagi yerlarga ma’lum miqdorda ijara to‘lovini amalga oshiradi. Natijada bu ham maktab uchun foydali bo‘ladi, albatta.

— Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan naqlda jon bor. Shunday ekan, o‘quvchi ustozidan ham ko‘rganini qilishga chog‘lanadi. Ko‘plar o‘qituvchilarni o‘zlariga qahramon bilishadi. Kitobxonlik, gazetxonlik masalasida ham o‘quv-chilarga o‘rnak bo‘lgulik ustozlaringiz bormi?

— Yangiliklarga qiziqmaydigan kuniga bir marotaba kitob yoki gazeta o‘qimaydigan o‘qituvchini kechirib bo‘ladimi? Axir, zamon kundan kun o‘zgarib borayapti. Yangiliklar oqimi bizni yutib yuboraman, deydi. Nahotki, bugungi kun o‘qituvchisi o‘z ustida ishlamasa, kitob o‘qimasa? Bunaqalar ham sohada faoliyat yuritayotganlar orasida bor, albatta. Ammo, men o‘zim ham tez-tez kitob o‘qib turaman. Gazetaniku kanda qilmayman. Barcha o‘qituvchilarimiz ham o‘z ustida ishlashadi, mutolaaga tutinishadi. Busiz ta’lim sifatini yuqorilatib, o‘quvchi-yoshlarga yaxshi bilim berish mushkul. Bugungi yoshlar barcha jihatlarda ildamlab borayapti.

— Maktabda uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayapsiz. Ushbu maskanning kam-ko‘s-tini sizdan yaxshi biladigan bo‘lmasa kerak. Muammolar ham bordir…

— Maktabimizning sport zalidagi yuvinish xonalariga suv tortish muammo bo‘lib turibdi. Bu masalada tuman xalq ta’limi bo‘limiga xat bilan murojaat qilganmiz. 100 metrcha joyga quvur tortib borish kerak. Shundagina o‘quvchilar jismoniy mashg‘ulotlar o‘tashgandan so‘ng bemalol yuz-qo‘llarini yuvib, yuvinib keta-verishadi.

— Ta’lim-tarbiya tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar sifatida 18-maktab uchun qanday rejalaringiz bor? Ta’lim sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish uchun qanday taklif va tavsiyalar bera olasiz?

— Oliy ta’limni tamomlab, ishga kirish istagi bilan keladigan mutaxassislarni sinovdan o‘tkazib, o‘z fanini puxta o‘zlashtirganmi, dars berishga layoqati bormi, shularni o‘rganib, savol-javoblar bilan imtihon qilib, keyin ishga qabul qilishni o‘ylayapman. Nega desangiz, ko‘pchilik yoshlar o‘zlari tamomlagan yo‘nalish bo‘yicha yetarlicha bilimga ega emas. Masalan, boshlang‘ich sinf darsliklarida anchayin murakkab masala va misollar uchraydi. Ba’zi bir o‘qituvchi shuni ham o‘quvchiga yaxshi tushuntirib berishning uddasidan chiqmaganidan rosti jahlim chiqadi.

Biz bolalarni ko‘rsavod qilib qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Ta’limdan boshlanajak, asli yangilanish, o‘zgarish. Ushbu bosqichda yetarli bilim-ko‘nikma olmagan yosh avlodning ertasidan nimani kutish mumkin? Ayni shuning uchun ham o‘quvchi-yoshlar bilan muntazam shug‘ullanish, ularga bilim berishda yangicha yondashuvlar zarur. Eskicha qolipda qolib ketgan usullar bilan bugungi o‘quvchini yetaklaydigan o‘qituvchilar bizga kerak emas.

Adolat Mo‘minova

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

5 август куни ОТМга кириш имтиҳонлари бошланади

Бу йилги тест синовлари икки сменада ўтказилади: 1-смена 07:00 да, 2-смена 19:00 да Surxondaryo viloyatida …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan