Бош саҳифа / Спорт / Gandbolda omadi kulgan G’ayrat

Gandbolda omadi kulgan G’ayrat

O’z tengdoshlaridan bosiqligi, chidamliligi, vazminligi, mehnatkashligi, sabr-qanoati, kamtarligi, har bir harakatni tezda ilg’ab olishi  bilan ajralib turishi soddadil G’ayratbekka omad keltirdi. U bugun gandbol bo’yicha O’zbekiston o’smirlar terma jamoasi a`zosi. Termiz shahridagi 13-umumiy o’rta ta’lim maktabining 11-sinfida tahsil olayotgan sportchi-o’quvchimiz G’ayrat Baratov  sportning gandbol turi bo’yicha Eronda o’tkazilgan xalqaro musobaqada terma jamoa tarkibida ishtirok etdi. Jamoa xalqaro musobaqada uchinchi o’ringa munosib ko’rildi.

 Sportdagi yutuqlar maktab o’quvchisiga chin ma`noda imkoniyat eshiklarini ochdi. U endi jismoniy tarbiya va sport yo’nalishida o’zi istagan oliy ta`lim dargohi talabasi bo’lishi mumkin. Gandboldagi yutuqlari unga mana shunday imtiyozni berdi.

– G’ayrat maktabning 5-sinfida o’qib yurgan paytlaridan boshlab sportning voleybol, gandbol turiga qiziqishi baland edi, — deydi 13-maktabning jismoniy tarbiya fani o’qituvchisi Ma’mura Chorshayeva. — O’quvchimiz kichikligidan sport bilan muntazam shug’ullanardi. Tirishqoq o’ziyam. Bir topshriqni aytsangiz, uni tezda ilg’ab amaliyotda qo’llab ko’radi. Tinimsiz mashq qiladi. Ayni paytda u gandbol bo’yicha milliy terma jamoa safida bo’lishiga qaramay, darslarda ham faol. O’rtoqlari bilan kamtarona munosabatda bo’ladi. Bugun akasiga qiziqib, uning 6-sinfda o’qiyotgan ukasi Furqatbek ham gandbolchi bo’lish harakatida. Sport maydonchamizda aka-uka boshqalarga o’rnak bo’lib birga gandbol o’ynashadi. Ular o’quvchilarni ham sport bilan shug’ullanishga da`vat etishadi. Biz bunday o’quvchimiz bilan faxrlanamiz, albatta.

  • 2017-yilda gandbolga juda qiziqib qolishimga sinfdoshim sababchi

bo’lgan edi, — deydi G’ayrat Baratov. — U meni gandbol bo’yicha to’garakka olib bordi. Mashg’ulotlarga qatnay boshladim. Mendagi qiziqish va harakatni ko’rgan murabbiyim Botir Qorajayev viloyat terma jamoasiga qabul qildi. U kishi menga gandbol bo’yicha saboqlar berdi. Musobaqalarga olib  bordi. Ilk musobaqamiz Jizzaxda o’tkazildi. U yerda meni respublika o’smirlar terma jamoasiga taklif qilishdi. Bundan ruhlanib, o’z ustimda ishlay boshladim. Tanamni chiniqtirdim, oyoq mushaklarim mustahkam bo’lishiga tirishdim. Chunki gandbolda o’yinchi asosiy kuchni oyoqqa beradi. Miya esa taktikani boshqaradi. To’pni qanday egallab olish, uni boshqa jamoadoshga uzatish, raqibni chalg’itish borasida ham miya yaxshi ishlashi muhim. Gandbol haqiqiy er yigitlar sporti. U odamning nafaqat tanasini chiniqtiradi, balki dunyoqarashi, tafakkurini kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Gandbol bo’yicha O’zbekiston o’smirlar terma jamoasida o’ynab shuni angladimki, har qanday sport turida jamoaviy o’yinlarda jamoadoshlarning bir biriga bo’lgan ishonchi o’yinni chiroyli g’alabalarga eltadi. Bir o’yinchining yolg’iz o’zi hech narsa qilolmaydi. Faqat jamoa jips bo’lishi kerak. Ana shundagina ko’zlangan natijaga erishish mumkin.

Kamtargina oilaning toleyi baland pahlavoni bugun dunyoga bo’y cho’zmoqda. Oilada olingan tarbiya, tinimsiz mashq va mehnat o’z samarasini berayotganidan G’ayratbekning onasi Lutfiya Xotamova hamda otasi Bahodir Baratovlarning quvonchi cheksiz. Dilida shukrona. Farzandi haqida so’rasangiz, eng avvalo, o’ziga bo’lgan ishonchi va oldiga qo’ygan maqsadi borlig’idan gapirishadi. Ko’pam gapga chechan bo’lmasa-da Lutfiya opa o’g’liga yaxshi tarbiya bergani, uni to’g’ri yo’lga yo’naltirayotganidan xursandligini anglash qiyin emas.

Gandbolchi-G’ayratbek yaqinda Baxrayn davlatida o’tkaziladigan xalqaro musobaqaga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Uning maqsadi jamoasi bilan bu gal birinchilikni qo’lga kiritish.

Adolat MO’MINOVA, jurnalist

Gulchehra ASHUROVA,

Termiz shahridagi 13-maktabning ma`naviy-marifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

“Har bir yigitning uyida oti bo‘lsin”

‘‘Ot qadrini qaydan bilsin, ot minmagan erkaklar’’, deganida xonanda Toshpo‘lat Matkarimov nechog‘lik haq bo‘lganini bugun …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan