Muborak hadisi sharifda: “Sayohat qiling, sog‘lom bo‘lasiz” deyiladi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, bugungi kunda ushbu qoida mamlakatimiz Prezidentining tashabbusiga to‘la mos kelmoqda. Har qanday sayohatning o‘z gashti, sururi bor. Ayniqsa, bu kabi sayohatlarga mahalladoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan borilsa, yanayam fayzli bo‘ladi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on minorasi” mahallasida yashovchi keksa nuroniy, 24-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Jonpo‘lat Ermurodovning murojaati bee’tibor qoldirilmadi.
— Avvalo, viloyatimiz hokimi Ulug‘bek Qosimovga, shuningdek Jarqo‘rg‘on tuman hokimi Elmurod Avazovga, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi raisi Abdukarim Ahmedovga alohida minnatdorchilik bildiramiz. O‘z vaqtida biz nuroniylarga viloyat Kasaba uyushmasi tomonidan maxsus avtobus ajratilib, ko‘hna Samarqand shahriga ikki kunlik sayohat uyushtirdik. Buning uchun tashabbuskorlarga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Borish-kelish, mehmonxona xarajatlari homiylar tomonidan to‘liq qoplab berildi. Samarqand shahridagi ko‘hna obidalarga qilgan sayohatimiz taassurotlarga boy bo‘ldi, — deydi Jonpo‘lat Ermurodov.
Ayni paytda yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Tan olish kerak, umrida bir marotaba Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi dunyo tanigan shaharlarni ko‘rmagan vohadoshlarimiz qanchadan-qancha. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida shahar va kentlarning infratuzilmasi tubdan o‘zgarib, go‘zal bir qiyofa kasb etmoqda. Hatto dunyoning manaman degan davlatlari fuqarolari ham ko‘hna Samarqandga bir bora kelishni orzu-havas qilishadi. Yer yuzining sayqali deya ta’riflanadigan ushbu afsonaviy shahar o‘zining ko‘hna va sharqona go‘zal tarixiy imoratlari-yu boy madaniy merosga egaligi bilan ham alohida e’tirof etishga arziydi.
Hazrat Amir Temur tomonidan bunyod etilgan mazkur shahar, asrlar davomida jahon madaniyati va savdo-sotiq markazi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham Samarqand o‘z salobati, go‘zalligi va mehmondo‘stligi bilan har yili minglab mahalliy va xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Bu yerda barcha millat vakillarini uchratish mumkin. Bu manzilda har bir qadamingizda shonli va qudratli tarix bilan yuzma-yuz kelasiz. Ko‘hna va mahobatli tarixiy obidalarning har bir kunjida go‘yo o‘tmish ajdodlarning siymosi jonlanayotgandek, ularning nafasini his qilib turasiz. Registon maydonidagi mahobatli madrasalar, Bibixonim masjidining ulug‘vorligi-yu Shohi Zinda ansamblining rang-barangligi va albatta, Amir Temur maqbarasi – bularning barchasi o‘tmishning buyuk sahifalarini yodga soladi.
Qisqasi, Samarqand – bu ko‘rish, his qilish va yashash kerak bo‘lgan shaharlardan biridir. Bu yerda siz tarix bilan uchrashasiz, madaniyatni his qilasiz va buyuk o‘tmishning avlodlariga bo‘lgan merosidan bahramand bo‘lasiz. Agar siz hali Samarqandni ko‘rmagan bo‘lsangiz, unda bu ko‘hna shaharga sayohat qilishni maslahat beramiz.
Alim AHMEDOV,
TerDU o‘qituvchisi

