Milliylikning kuni boʻlmaydi

Date:

Milliy liboslarda xalqimizning tarixi, qadimiy urf-odat va an’analari, didi, estetik qarashlari mujassam bo‘lib, hozirgi kunda milliy liboslar jozibasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan… Toshkanti azimda boshlanib…Yanvar oyining so‘nggi haftasida Toshkent shahri hokimining tashabbusi bilan ezgu maqsadlarni ko‘zlagan loyiha start oldi.

Qalbida milliyat ufurib turgan borki, bu tashabbus mash’alasini qo‘lma-qo‘l qilganlar yetarlicha topildi. Shunday qilib, haftaning juma kunlarida tashkilotlarda milliy liboslarda ko‘rinish beruvchi xodimlar va ularning chellenjlari avj oldi. “Toshkent shahrida milliylikni keng targ‘ib qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ortidan “Milliy Toshkent” loyihasi tasdiqlandi. Ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylik mavqeyini mustahkamlash, milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, mavzuga oid o‘quv-seminarlari, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish belgilandi.

Shundan so‘ng, respublikaning viloyat va tumanlarida ham mazkur tashabbusga esh bo‘lganlar safi kengaydi. Tashkilotlarda milliy libos kuni ko‘tarinki kayfiyat bilan qabul qilindi. Maxsus formasidan zerikkanlar uchun juma kuni ayni muddao, axir.

— Bizning tashkilotimizda ayollar kamchilikni tashkil etadi, — deydi termizlik V.Aliyeva. — Ammo milliy liboslar kiyishni boshlagan kunimizdan buyon xuddi o‘zimizni hammaning e’tibor markazida ekandek his qilyapmiz. Ayniqsa, yaqinda turmushga chiqqan hamkasbimning bu kunni intiqib kutishi esa formadan bezigan biz kabilar uchun chinakam ma’noda xursandchilik. Men bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Hozir nima ko‘p, milliy matolardan tikilgan zamonaviy kiyim-kechaklar ko‘p. Didingizga moslab tanlaysiz, eng yaxshi tomoni esa, hech kim inkubatordan chiqqandek bir xil bo‘lib yurmaydi. Darhaqiqat, ezgu ishning davomchilari ko‘p bo‘ladi, yelka tutgan-u har nafasda hamrohi bo‘lganlar ham ayni maqsadda hammaslak. Vohada ham mazkur tashabbusning tarafdorlari yetarlicha, biroq…

“Viji-viji gap kerakmas”

Qashqadaryolik maktab direktorining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videosi ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. “Ota-onalardan yetmish ming so‘mdan pul yig‘ishni sinf rahbarining mahoratiga bog‘lagan” ta’lim muassasasi rahbari nutqi davomida “viji-viji gap qilmaslik”ni alohida ta’kidlaydi. Demak, tashabbus kimo‘zar bahsiga aylanib ketdi. Maktablar juma kungi milliy liboslarga e’tibor va buning ortidagi asl maqsaddan chalg‘ib, modalar podiumiga aylandi-qoldi. Sinflarda milliy kiyimlarda o‘qishga kelgan o‘quvchilardan farqli o‘laroq maktab formasida kelganlar alohida “o‘qqa tutildi”.

— Men bu fikringizga qo‘shilmayman, — deydi F.Xushboqova. — Men ham bir maktabda 26 nafar o‘quvchiga sinf rahbarman. Aslini olganda, ota-ona farzandining yirtiq-yamoq shimi, zamonaviy ko‘rinishi uchun millionlab pul sarflaydi. Lekin maktab partasida milliy kiyimlarda o‘tirishiga 35-40 ming pul bera olmaydimi? Ikki nafar qizim uchun milliy matodan forma tikib berdim. Sinfimdagi bolalar uchun ham xuddi shunday matodan nimcha tikyapmiz. Pul bera olmaganlariga esa o‘z yonimdan pul qo‘shaman. Ammo, aytganimdek, o‘quvchilarning bir xil formada bo‘lishi, hattoki milliy liboslarda ham bir xilligi ayni zarurat. Tenglik shakllanadi, axir!Sinf rahbarlarining ham bu tashabbusdan peshonasi tirishgani yo‘q. Lekin ota-onalarning aksari “nimaga kerak” deyishni bunda afzal bilishayotir.

— Jahon tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, ayrim maktablarda hatto maxsus o‘quvchi formasi yo‘q, — deydi qiziriqlik M.Allamurodova. — Nima, shu bilan ularning fikri o‘smay qolyaptimi?! Bizda forma, davomat masalalarini “birinchi plan”ga chiqarishadi. Milliy liboslar deb majburiy juma kuni kiyimini kuzatib o‘tirganlar maxsus bir kunni tanlasin-da, bolaning o‘zlashtirishini o‘rgansin. Bu ham haqiqat, ammo… Tanganing hamisha ikki tomoni bo‘lgan!

Azasida ko‘z yoshini pullaydi

Sal sovuq bo‘lib, qor yog‘sa, yo‘lkira narxini osmonga chiqaradigan ham, elning ehtiyoji tibbiyot niqobi bo‘lganda shundan foyda ko‘rishga urinadigan ham, bozordagi mahsulotning narxini tannarxidan 5 barobar oshiradigan ham o‘zimiznikilar…

— Angordan bir hafta oldin atlasnusxa matoni 18 mingdan olgandim, — deydi N.Jo‘rayeva. — Bu hafta xuddi o‘sha material 45 ming so‘m turibdi. Sadag‘ang ketay, xalq pulni supurib olayotgani yo‘q, axir. Hamma shu matodan olishni boshlagach, maktablarda, tashkilotlarda milliy liboslar kiyila boshlagach, narxni ko‘tarib olishibdi. Soatlab tortishib, o‘g‘limga do‘ppi olaman desam, 70 ming-da. Agar otasining narxini qo‘shganda ham buncha qimmatlamasligi kerak edi. Biznikilar foyda ko‘rish uchun hamma narsaga tayyor.

Kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmaysan. Allaqachon tadbirkorlar o‘z taklifini berishga shay ekan, talabdan kelib chiqib narx belgilasa, nur ustiga nur bo‘lardi. “Azasida ko‘zyoshini pullaydigan” olg‘irlarning “elga kelgan to‘yda”gi tomoshasi e’tirozlarga sabab bo‘lishi tabiiy. Zero, milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshlangan tashabbus millatni uyg‘otish-u milliyatga qaytish uchun xizmat qilmog‘i lozim edi. Ammo…

Bundayin sun’iy ravishda narxni oshirish ortidan tashabbusga ham qo‘l siltaydiganlar soni ko‘payadi, birgina moddiyatni ustun bilganlarning “ochko‘zligi” ortidan ko‘zquvnatar milliy matolarimiz asabbuzar qiyofa kasb eta boshlaydi. Milliy matolarga qaytish, o‘zlikni anglash tashabbusning maqsadi ekan, atlas-u adraslar Navro‘zi olamdagina kiyiladigan bo‘lib qolmasligini istar ekanmiz, narxni epaqaga olish ham kerak.

Atlas kiygan yigitlar — gul yigitmi, go‘l yigit?

Milliy liboslar mavzusi kun tartibiga ko‘tarilgani buyon turli fikrlarni eshitdim-u, professor, jamoat faoli Abduqahhor Iminoxunovning fikri e’tiborimni tortdi: “Hozir O‘zbekiston deb atalayotgan yurtda yashaydigan erkaklar millatidan qat’i nazar hech qachon atlas kiyim kiymaganlar. O‘zbekligimizni yo‘qotmaylik. O‘zbekchilikda atlas kiygan erkak juda yomon taassurot uyg‘otgan. O‘g‘il bola o‘g‘il boladek kiyinsin, qiz bolalar qiz boladek kiyinsinlar. Mana shunda milliy kiyimlar kiygan bo‘lamiz”.

Diniy qadriyatlardan tashqari milliy qadriyatlar ham mavjud. Chellenjga ko‘r-ko‘rona ergashib, atlas nimchada ko‘rinish berayotgan yigitlar masalasi yana bir muammoni — asliyatdan bexabarlikni ko‘z-ko‘z etayotir. Kimga qanday bilmadim-u “yumshoq supurgilik”ni kasb qilishning avvali tarbiyaning sustligidan ekanligi tayin. O‘zligi unut, ipak mato kiyib, ipakdek mayinlashib, muloyimlashib borayotgan “gulyigitlar” millatning menini uyg‘ota olmaydi. Yoxud kimningdir istaklari qurboni, mohiyatni unutgan, shaklga mahliyo — libossevarlar sabab bilmayin atlasnimcha kiyib ulg‘ayayotgan er-yigitlar uchun kim javob beradi?! Milliy liboslar talabini qo‘yganlarning o‘zi-da bilishi lozim:

Erkaklar milliy libosining asosini chopon tashkil etadi, u belga qiyiqcha bilan bog‘lanadi. An’anaviy bosh kiyim esa do‘ppidir. O‘zbek ayollar libosi xon-atlasdan tikilgan ko‘ylak bo‘lib, rang va naqshli kashtalarga, zardo‘zilarga e’tibor qaratilgan.

Milliy kiyim chellenji — salla desa kallaChellenjlarda janda kiyib, chanqovuz chalayotgan, do‘mbira chertayotgan yigitlarga nigohingiz tusharkan, milliylik namoyishidan sarmast bo‘lasiz. Ammo, do‘ppining chust va marg‘ilon do‘ppi ekanligi asablaringizni beixtiyor qitiqlaydi. Shuncha milliylikni, surxonga xos liboslarni namoyish etarkansiz, do‘ppi muammo emasdi-da…

Do‘ppido‘zlikda o‘z tajribasi va maktabiga ega hududda yashab, milliy do‘ppisini farqlay olmagan avlod emasdirmiz, axir. Yoki shoir aytganidek…

Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar,

Bir shoir, bir nosirdan boshqa.

Sochlar silliq,Silliq qadamlar,

U og‘irlik qilyapti boshga…

Zo‘rma-zo‘raki chellenjlarga qanchalik ehtiyojmandmiz?! Qanchalik milliyligimizni namoyish etishga muhtojmiz?! Hech qancha?! Qachonki ichki xohish va yurakning zarbiga tutash millatga doxillik bo‘lsagina, ehtiyoj paydo bo‘ladi. Do‘ppi og‘irlik qilmaydi, qachonki do‘ppi kiyish iftixor bo‘lsa, ko‘ngil ixtiyor etsa…Bu qandayin ko‘rgulik savdo,

Do‘ppi kiymay qo‘ydi xaloyiq.

Boshga loyiq do‘ppi yo‘qdir yo bosh qolmadi do‘ppiga loyiq.

Xuddi shuningdek videolarda hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizlarning momolar kiygan sallasimon bosh kiyimni kiygani esa yanada kulgili. Zero, vohaning qizlari do‘ppisifat qalpoqcha kiyib, uning ustidan kichkina rang-barang ro‘mol o‘rashgan. O‘rta yoshli ayollar kiygich deb nomlangan bosh kiyim ustidan katta ro‘mol, keksa ayollar katta oq ro‘mol o‘rashgan. Farzandi bor o‘rta yoshli va qo‘ng‘irotning keksa ayollari sallasimon – bir necha qismdan iborat murakkab tuzilishga ega bosh kiyim kiyganlar. Bosh deb nomlanuvchi bu kiyim baland silindr ko‘rinishida bo‘lib, tepa qismi keng edi.

Milliy libos ekan deb, bo‘rining tirnog‘i-yu ignaqadoqni marjon qilish shart emas. Salgina boshni ishlatmoq joiz. Siz yaratayotgan obraz tugal bo‘lsin! Chellenjda milliy ko‘rinaman deb millatni uyatga qo‘ymang. Aqli mukammal elga komil avlod bo‘libgina munosib bo‘lish mumkin! Majburiymas, majburiy ixtiyoriyMaktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyatining matbuot anjumanida vazir maslahatchisi Azizbek Turdiyev vazirlik o‘quvchilarga maktabga milliy kiyimda kelish bo‘yicha majburiyat yuklamaganini aytib o‘tdi.

“Milliy libos kiyish hududdagi ta’lim boshqarmalari yoki maktab jamoasi bilan kelishilgan holda tashkillashtirilgan bo‘lishi mumkin. Lekin vazirlik bu haqda majburiy ravishda ko‘rsatma yoki buyruq bermagan”, — dedi vazir maslahatchisi.

Buyog‘i necha puldan tushdi. Juma kunlari eshik og‘zida turib olib milliy kiyimlar sarhisobini olayotgan, maktab guruhlarida o‘qituvchilarning milliy kiyinishi-yu o‘quvchilarning atlas kiyishini talab qilayotgan mutasaddilarning talablari qanchalik ahamiyatli. Bozorda oshgan narx-u sinfi uchun nimcha tiktirish payida yurgan o‘qituvchilar kimning yo‘rig‘ida?!

“Ustozlar, milliy liboslar sinflarda har xil bo‘lsa ham, bitta sinf bir xil libos qilish kerak, do‘ppilar ham har xil, kiyimlar ham har xil bo‘lyapti”, deb topshiriq berayotgan maktab direktori qayerdan bu xulosaga keldi ekan unda… Boshidan dumining xabari yo‘q bo‘lgan tizimda taraqqiyot qayerda bo‘lsin.

Aslida, hammasi a’lo! Tashabbus ham, ezgu g‘oya atrofida birlashganlar ham… Faqat salbiy qarashlarga tayangan esam-da, milliylikning kuni bo‘lmaydi. Milliy liboslarga urg‘u qaratgan kunimizda esa libosning ahamiyatini-yu mohiyatini ham anglatishni istadik, xolos. Serjilo atlaslar qizlarimiz egnida tovlanar ekan, do‘ppilar viqor ulashar ekan, millat o‘zligini tanishi aniq. Va yana eng muhimi, xalqning sevimli shoiri Muhammad Yusufning kinoyaomuz she’ri she’rligicha qoladi:

Aylanaman, Sharqni kezib aylanaman,

Iboli bir yor topolmay o‘ylanaman.

O‘z yurtimning suluvlari til uqmasa,

Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman…

Xulosa oʻrnida

Milliy libos deganda atlas va adrasnigina tushunish ko‘lmakni ummon deb baholash bilan tengdir. Shunday ekan, milliy liboslar bilan avval yaxshigina tanishing, so‘ngra xulosalaringiz egningizda namoyon bo‘ladi. Millat ma’naviyati, istaganingizdek, milliy liboslaringizda aks etar shunda…

Xurshid KARSHIYEV

Oldingi sahifaImkoniyatlar kengaydi
Keyingi sahifaHam hunar o‘rganadi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun