Sherobod anorlari yetti iqlimga maʼlum va mashhur

Date:

O‘zbekistonda anor yetishtirish ham bog‘bonlar, ham mamlakat rasmiylari tomonidan istiqbolli hisoblanadi. Respublikada barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 15, 5 ming gektar, shundan 12, 3 ming gektar fermer va qishloq xo‘jaligi korxonlarida va 3, 2 ming gektar dehqon va aholi tomorqalarida anorzorlar mavjud. Shundan, hosilli anorzorlar 6, 4 ming gektar (3, 6 ming gektar fermer va q/x korxonalarida, 2, 8 ming gektar dehqon va aholi tomorqalarida) va yosh anorzorlar 9, 1 ming gektar bo‘lib, ularning o‘rtacha hosildorligi 160-170 sentnerni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan va qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestriga anorning 5 ta, jumladan, “Achiq-dona”, “Desertniy”, “Kazake-anar”, “Tuya tish” va “Qizil uluchshenniy” kabi mahalliy navlari kiritilgan. Anor yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olib, anor yetishtirishga ixtisoslashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, Surxondaryo viloyatining Sherobod, Muzrabot tumanlari, Qashqadaryoda Kitob tumani, Namanganda Chust tumani, Sirdaryoda Mirzaobod, Sardoba tumanlari hamda Farg‘onada Quva va Toshloq tumanlarining ayrim hududlari anorchilikka ixtisoslashtirildi.

Yer yuzida shifobaxsh neʼmat – anorning yuzlab turlari uchraydi va mevasi tarkibida inson salomatligi uchun koʻplab foydali mikroelementlar mavjud. Uning nafaqat mevasi, balki poyasi, shoxi, guli, ildizi va poʻstlogʻi ham koni foyda. Anor yer yuzidagi eng foydali mevalardan biri hisoblanadi. Uni qadim zamonlardan beri sevib iste’mol qilishadi. Tarkibida turli-tuman vitaminlar, biriktiruvchi to‘qimalar, mikroelementlar mavjud. Undan musallas, punsh va mevaning lotincha nomi sharafiga qo‘yilgan grenadin ichimligi tayyorlanadi. Grenadin — bu anorning oddiy sharbati. Anor sharbati vitaminlarga boy mahsulot hisoblanadi. Shu bois uni organizmning sillasi quriganida, kamqonlikda, aterosklerozda, nafas olish yo‘llari infeksiyalarida, bronxial astmada, anginada, radioaktiv nurlanishida ichish tavsiya etiladi.

Anorning shirin navlaridan olinadigan sharbat infeksiya kasalliklari va jarrohlik operatsiyalaridan keyin, buyrak sanchiqlari va oshqozon-ichak buzilishlarida samarali tiklovchi vosita sifatida yaxshi foyda beradi. Anorning nordon navlaridan olinadigan sharbat esa, diabet kasalligida yordam beradi. Agar maxsus tavsiyalar bo‘lmasa, ichiga bir osh qoshiq asal solingan anor sharbatini kuniga bir stakandan ichish tayinlanadi. Diqqat: anor sharbati oshqozon yarasi kasalligida, oshqozon shirasining kislotalilik darajasi katta bo‘lgan gastritda tavsiya etilmaydi! Tabiiy anor sharbatiga biroz suv qo‘shish lozim, chunki uning tarkibidagi kislotalar tish emalini yemirishga qodir.

Anor mevasi po‘chog‘idan tayyorlangan qaynatma ichak yoki oshqozon yallig‘lanishi holatida yordam beradi. Dizenteriya va gemorroyga qarshi kurashda qo‘shimcha samara beradi. Anorning hamma qismlari foydali: po‘chog‘i ham, donalari ham, sharbati ham, danaklari ham, gullari ham, ildizi ham… U xo‘l meva sifatida ham, murabbo ko‘rinishida ham shifobaxsh hisoblanadi. Anor o‘z tarkibi va foydali xususiyatlariga ko‘ra, shu darajada noyobki, uni ham tibbiyotda, ham kosmetologiyada qo‘llashadi. Anorli surtmalar va vannalar kosmetologiyada pigment dog‘lar, sepkillar, husnbuzarlarni yo‘q qilishda, yuz terisini oqartirishda, tirnoq va sochlarni mustahkamlashda faol ishlatiladi. Ayni jihatlar inobatga olingan holda Surxon vohasi, xususan, Sherobod tumanida oʻziga xos anorchilik maktabi yaratilgan va u muttasil rivoj topib bormoqda. Gap shundaki, vohaning boshqa hududlariga nisbatan Sherobodning yeri, suvi, iqlimi anor yetishtirish uchun juda ham qulay. Eng muhimi, mirishkorlarning koʻp yillik tajribasi bois bugungi kunda Sherobod anorlari yetti iqlimga maʼlum va mashhur. Respublikadagi anorzorlarning uchdan bir qismi, yaʼni 33 foizi Surxondaryo viloyatida joylashgan. Aynan Sherobod tumanida 33 ta mahalla anor yetishtirishga ixtisoslashgan. Tumanning drayver tarmogʻiga aylangan anorchilik tajribasini oʻrganish va uni yondosh tumanlar — Bandixon, Qiziriq hamda Muzrabotda joriy qilish maqsadida amaliy harakatlar boshlangan.

Sherobodda mavjud anorzorlarning 1 ming 521 gektari aholi tomorqasi, 3 ming 551 gektari esa fermer xoʻjaliklariga qarashli. Ana shu bogʻlardan har yili aholi 5 ming 815 tonna, qishloq xoʻjaligi korxonalari esa 8 ming 612 tonna hosil oladi. Eʼtiborli tomoni shundaki, viloyatda yetishtirilayotgan anor mahsulotlari eksport geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Hozirda hosilning qariyb 50 foizi dunyoning oʻndan ortiq davlatiga eksport qilinyapti. Joriy yilda esa Surxon vohasidan eksportga yoʻnaltiriladigan 15 ming tonna, yaʼni 12 mln. 442 ming AQSH dollariga teng boʻlgan mahsulotning 8 ming tonnasi sherobodlik dehqonlar tomonidan yetkazib beriladi. Darvoqe, oʻtgan yili viloyatda 6 ming tonna anorni qadoqlash, 2 ming tonna meva sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ham ishga tushirildi. Umumiy qiymati 50, 7 mlrd. soʻm boʻlgan loyiha asosida qariyb yuz kishi ish bilan taʼminlangan. Kelgusi yili Surxon vohasida yana 3 ming 114 gektar maydonda (1 ming 655 gektari Sherobod tumanida) yangi anor bogʻlarini barpo etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda iqlim sharoitiga mos serhosil anor koʻchatlari ham yetishtirilmoqda. Yangi anorzorlar barpo etilishi hisobiga birgina Sherobod tumanida yillik anor ishlab chiqarish koʻrsatkichini 100 ming tonnaga yetkazish imkoniyati yaratiladi. Umuman olganda anor va anordan olinadigan ichimlik mahsulotlarini Yevropa va MDHdavlatlariga eksport qilish va bu borada esa Italiya va Fransiya davlatlari tajribasini o‘rganish va ularni amalda qo‘llashimiz kerakdir.

Jahongir Azimov

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Loyihalar qog‘ozdan hayotga ko‘chmoqda

Bugun shahrimiz tobora chiroy ochib, yangidan yangi binolar qad...

Ekologik barqarorlikni ta’minlab

Ayni qish faslida ham bahor nafasi ufurib turgan kunlarda...

Ayrim tashkilotlarning ishtiroki cheklandi

Oliy Majlis Senati Kengashining 2025-yil 13-yanvardagi KQ-V-34-sonli qaroriga asosan...

Ijtimoiy va iqtisodiy holat yaxshilanmoqda

Hududlarda og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan...
KunTun
KunTun