Ta’lim-tarbiyada, ilm-fanda xalqaro standartlarga moslashish, dunyo tajribasini o‘zlashtrish yoshlar taqdiri, davlatning ertangi kuni uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan yurtimizda, ayniqsa, Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim tizimida xalqaro aloqalarga keng e’tibor qaratilib kelinmoqda. Ayni shu maqsadda Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Manish Prabxat Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, Termiz davlat universitetida bo‘ldi. Universitet rektori, professor Avazjon Maraximov bilan uchrashgandan so‘ng, oliygohda talabalarga yaratilgan qulay va zamonaviy shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot beruvchi rolik namoyish etildi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Oliy taʼlimni rivojlantirish istiqbollari xususida soʻz yuritib, bu borada qator loyihalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida taklif va tashabbuslar bildirdilar. Xususan, Manish Prabxat mamlakatimizda dasturchilik sohasiga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, Termiz davlat universitetida IT markazini tashkil etish va uni yoʻlga qoʻyishga oid taklifni bildirdi. Ushbu taklifga binoan 2 ta loyiha — ICCR-Hindiston madaniy aloqalari Kengashi hamda keng imkoniyatlarni taqdim etuvchi I-Tech markazi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Qolaversa, bakalavr hamda magistratura bosqichida tahsil oluvchi talabalarni Hindiston oliy oʻquv yurtlariga oʻz mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olishi, Hindiston-Oʻzbekiston madaniyatini oʻrganish maqsadida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tarix va arxeologiya borasida yangi ilmiy qoʻshma ekspeditsiyalar joriy etish va Hindiston tajribasidan unumli foydalanish boʻyicha oʻzaro kelishuvlarga erishildi.
Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi boshchiligidagi delegatsiyaning keyingi manzili Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti bo‘ldi. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Hind o‘quv markazi”ni ochib berish hamda hamkorlik memorandumini imzolashdir. Dastlab, Hindiston elchisi boshchiligidagi delegatsiya DTPI rektori G‘. Raximov tomonidan tantanali kutib olinib, institut haqidagi muhim ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Xususan, mehmonlar institutning arxeologik-etnografik muzeyi, mehmonxonalari, RIM markazi, Axborot resurs markazi hamda talabalar turar joylarida bo‘lishdi. U yerdagi nodir topilmalar, yaratilgan imkoniyat va sharoitlar elchi Manish Prabhatda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng, Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “India study room” — “Hind o‘quv xonasi” ochildi. Ushbu xonada ilk bor Hindistonning nufuzli Mumbay universiteti hamda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hamkorlik aloqalari ikkala oliygohlararo o‘qituvchi hamda talabalar almashinuvi, tajriba almashish kabi muhim ta’limiy maqsadlarni o‘z ichiga oladi.
Hindistonlik mehmonlar “Termiz Xalqaro savdo markazi”, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida ham bo‘lishdi.
Tashrif davomida mehmonlar Axborot resurs markazi, o‘quv va laboratoriya xonalari hamda markazda tashkil etilgan “Hind o‘quv xonasi” faoliyati bilan tanishdilar. O‘z o‘rnida mehmonlar tomonidan keltirilgan 100 ga yaqin badiiy va ilmiy kitoblar markaz ARM uchun sovg‘a sifatida topshirildi.