Бош саҳифа / Bo'limsiz / 10 barmog’idan hunar tomsin

10 barmog’idan hunar tomsin

Esimda qishi bilan jundan ip yigirib kalava qilgan buvim yozda ularga turli rang berib, katta yong‘oq tagida o‘rmak qurardi. Rangli iplarni kamalak misol terib chiqqach, shirin bo‘g‘irsoqlar bilan biz, bolalarni, siylar va gilam to‘qishni boshlardi. Sovuq tushguncha 4-5 gilamni kelinlari-yu qo‘shni ayollar yordamida to‘qib bitkazardi. Bugun ham gilamchilik bilan mashg‘ul vohadoshlarimiz talaygina.

Sho‘rchi tumanining “Guliston” mahallasida yashovchi Guljahon Kenjayeva “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Ayni vaqtda u ham Shohida Xasanovadan gilam to‘qish sirlarini o‘rganmoqda.

— Tikuvchilikdan xabarim bor. Momolarimizdan meros bo‘lib qolgan “Qiz bolaning o‘n barmog‘idan o‘n hunar tomsin” naqliga amal qilib o‘n besh kundan buyon gilam to‘qish sirlarini o‘rganayapman, — deydi Guljahon Kenjayeva. — Turli ranglardagi tabiiy junlar yordamida bejirim gilam to‘qiyapmiz. Buning uchun dizaynerlik qobiliyati, ranglar uyg‘unligini tasavvur qila olish, “chiqishadigan” ranglarni tanlay ola bilish lozim. Bu borada ustozim bilan maslahatlashib, yo‘l-yo‘riq olyapman. Tabiiy jundan to‘qilgan gilamlar sog‘liq uchun ham foydali.

 — Bu hunar bizga momolarimizdan qolgan merosdir, ular vaqtida gilam to‘qib ro‘zg‘or tebratishgan, — deydi hunarmand Shohida Xasanova. — To‘qigan gilamlarimizning daraxtcha, chinaqay, taroqcha, yetti takcha, atlas nusxalari xaridorgir. Ayniqsa, chinaqay gilamlarimizga e’tibor katta. Bu gilamimiz mayda katakchalardan iborat bo‘lib, to‘qish biroz qiyinroq. Lekin, o‘ziga xos jimjimador. Bitta 4 metrga 2 metr chinaqay gilam to‘qish uchun taxminan 20 kilogramm qora, jigar, oq rangli jun, buyoqlar ishlatiladi. Gilamdo‘z Shohida Xasanovaning aytishicha, gilam turlarining sarasi, mashaqqati bisyor bo‘lgan “Qizgilam”ni ham shogirdlari bilan to‘qishmoqda. Bu gilamni o‘ng va chap tomoni bir xil bo‘larkan. — “Qizgilam” milliyligimiz bilan uyg‘unlashgan, — deydi hunarmand. — Uning gullaridan tortib, nomida ham o‘zligimiz aks etgan. Azaldan o‘zbek qizlarining tashqi ko‘rinishi, ichki dunyosi bilan uyg‘unlashib ibo-hayo, odob kabi insoniy go‘zal tuyg‘ularni yanada yorqinroq aks ettirgan. Bu gilam ham shunday: o‘ng tomoni chiroyli, chap tomoni esa undan-da go‘zal. Shu sabab bu gilam turiga “Qizgilam” deb nom berilgan.

Darhaqiqat, qadimiy urfodat va an’analarimizdan biri – gilamchilik. Ko‘pgina qishloqlarida qiz bola turmushga chiqishdan oldin, albatta, o‘z qo‘li bilan to‘qigan “Shohgilam”, “Arabi”, “Qoqma”, “Dovrug‘” kabi gilamlar uning sepini bezab turishiga xizmat qilgan. Aynan shu urfodat zamon taraqqiy etib, turli sun’iy xomashyodan ishlangan gilamlar iste’molga kirgan bo‘lsa-da, bardavom yashamoqda. Dastgoh, to‘qmoq va qayirma. Birgina gilam tayyor holga kelgunicha o‘rtacha bir oy ketadi, deb hisoblasak, ana shu bir oy davomida bu ish qurollari bilan tillashiladi. Asosiysi, gilamdo‘z bundan zerikmaydi. Har safar bu ish qurollarini qo‘liga olib buyum to‘qir ekan, vaqtning hisobini esdan chiqaradi. Sabrini sinovdan o‘tkazib, irodasini mehnatda toblaydi. Gilamdo‘z gilamga ko‘z nuri bilan birga qalb qo‘rini qo‘shib to‘qiydi va mahsulot ham ko‘zni quvnatuvchi, dillarni yayratuvchi bo‘ladi.

Nigina Shoyeva,

jurnalist

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

27 сентябрь – Бутунжаҳон туризм куни

1970 йил 27 сентябрь куни Испаниянинг Торремолино шаҳрида  Бутунжаҳон туризм ташкилотининг Устави қабул қилиниб, унинг …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan