Бош саҳифа / Жамият / “Youtube” yutaman desa…

“Youtube” yutaman desa…

Dugonam hali esini-da tanimaydigan qizining “youtube”da multfilm ko‘rishini aytib, og‘zining tanobi qochadi. Bu suhbatga ham 2-3 yil bo‘libdi. O‘sha qizaloq onasiga dastyor bo‘ladigan yoshda.

Ammo, mehmon bo‘lib borganim zamon qiziga bir-ikki yumush buyurgan bo‘ldi. Internetdan foydalana olishidan faxrlangan qizi ko‘zlarini telefonidan uza olmayapti. Wi-fi o‘lgur esa tizginsiz ishlaydi… tarbiyaga ham darz ketibdi, deyman ichimdan. Bugun momosidan, ota-onasidan ertak tinglab uyquga ketish yo‘q. Ertaklar aytilmay qolgan. Momolar qishloqdagi kulbasida oq yuvib oq taraganining diydorini kutgancha ko‘zlari yo‘l tersa, oq yuvib oq tarangan o‘g‘il va kelin shaharda, shirin diydorni nasiya qilgan holda maishiy hayotning havoyi hislariga berilish ila band. Ana shunaqa, ular ertak aytishmaydi, ular hayot tashvishlari, turmushning mushtiga tayyorlanayotgan, chap berishga hozirlik ko‘rayotgan ringdagi boksyorga o‘xshaydi…

Alla aytish qayoqda deysiz. Orzu-havas, sevinch va hayajonlar negadir xonishga aylanmaydi. Yuraklarni yayratadigan, farzandining kelajagi nurli bo‘lishini tilaydigan qo‘shiq notaga tushmaydi. Aytiladigan gap yo‘qdek, yuraklar toshga aylangan-u onalikni-da his etishga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo, buning ham uddasidan chiqishgan. Allaning “mp3 varianti”ni telefonidan qo‘yib qo‘yadilar. Qarabsizki, bola begona ona xonishidan mast. Texnika rivojlangan, yumushlarimizni yengillatgan davrda yashayapmiz. Yumushlar bilan band onaning bolasi ham bugun beshikda yig‘lab qolmaydi. Beshikning zamonaviysiga nima yetsin, quvvati bo‘lsa, o‘zi tebratadi, ovutadi. Uyg‘onganda ham ovunsin deb telefon tutqazadigan, o‘yin yo multfilm tomosha qildiradigan ermak bor. Bola ulg‘aygan sari bu ermaklardan chetlashtira olarmikansiz? Istaklari, injiqliklarini to‘xtattirishning imkoni bormikan? Hayotimizga kirib keladigan, bir qarashda vaqtimizni mazmunli o‘tkazadigan vositalar nechog‘lik foydali?

 Sevib tomosha qiladigan kinolar, seriallar vaqtini o‘tkazmaslikka urinish, kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketish, soatlab vaqtni video va suratlar tomoshasi va “like” bosishga sarflash… bu ketgan vaqtimizga arzirmikan? “Imkonim yetadi, ishlatsin”, degan maqsadda farzandingizga olib bergan telefondan u qanday foydalanadi?

 Albatta, barcha funksiyalaridan o‘rinli foydalanadi. Aks holda minglab, millionlab yoshlarning internet sahifalari erta tongdan tish yuvishi, har bosgan qadami, tanovul qilgan ovqati-yu uyquga ketgunicha bo‘lgan lahzalar muhrlangan mantiqsiz foto va video lavhalar bilan to‘lib-toshmagan bo‘lardi. Butun bir kunini, umrini ana shunday yengil-yelpi hayotda, virtual olamda o‘tkazib, ketayotgan vaqti, sovrilayotgan umri borasida o‘ylamayotganlarni bir kuzatib ko‘ring-chi, ularning ertangi kun, kelajak hayot haqida na o‘ylashi va na qayg‘urishini payqaysiz. Ular bilan suhbatlashadigan mavzuyingiz ham “podpisk”chilariyu ularga beriladigan baho va yana shunga o‘xshash oldi-qochdi mavzular… internet xayollarni, ong-u shuurlarni zabt etyapti, egallab olyapti. Bu onglar endi mashinadek o‘ylasa, noqiziq mavzulardan zavq olsa-yu foydasiz mashg‘ulotlarni kasb etsa… Biz farzandlarimizni texnikaga boy bermayapmizmi? His-tuyg‘usiz, sovuqqon qilib qo‘ymayapmizmi? Aks holda ayolini samosud qilayotgan erlar, erining joniga qasd qilayotgan ayollar, ota-onasining urush-janjallarini bir chekkada videoga olib, internetga joylayotgan farzandlar soni ortmasdi.

(Davomi gazetaning 57-sonida)

Sayyora Allayeva

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ёмон гумон омад йўлимизни боғлайди

Толҳа ибн Абдурроҳман ибн Авф ўз замонасида Қурайшнинг энг саховатли кишиси эди. Бир куни унга …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan