Бош саҳифа / Спорт / “Yil talabasi”da Umarbek

“Yil talabasi”da Umarbek

Samarqand shahrida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida o’tkazilgan “Yil talabasi” respublika tanlovi g’oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Bizni quvontiradigan jihati shundaki, ushbu tanlovda e`tirof etilganlar orasida vohadoshimiz ham bor. “2020-yilning eng yaxshi sportchi talabasi” nominatsiyasi bo’yicha Termiz davlat universiteti talabasi Umarbek Shoxnazarov 2-o’ringa munosib deb topildi. Umarbek universitetning 3-bosqichida jismoniy madaniyat fakultetida tahsil olmoqda.

Vaholangki ushbu talabamiz bungacha ham qator yutuqlarga erishib kelayotgan peshqadam yoshlarimizdan hisoblanadi. Umarbek Termiz shahridagi Al-Jome mahallasida o’qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Otasi ham yoshligidan sportga qiziqqan. O’g’lining ham ma`nan ham jismonan sog’lom o’sishi uchun sportning og’ir atletika turiga qiziqtiradi.

-O’n bir yoshimdan sport to’garaklarida muntazam ishtirok etib kelaman, – deydi Umarbek Shoxnazarov. – Men “Yil talabasi”da ikkinchi o’ringa munosib ko’rilishimni kutmagandim ham. Bu xushxabardan dilim yanada ravshanlashdi. Kamtarona mehnatlarimni rag’batlantirishganidan quvonchim cheksiz. Sport menga juda ko’p narsa berdi. U, avvalo, er yigit qanday bo’lishi kerakligini o’rgatdi. Yutuqlarga erishdim, sportdagi faoliyatim tufayli universitetga ham imtiyozli grand asosida o’qishga qabul qilindim. Sportning ortidan ketishimda ustozlarimning ham xissasi katta deb o’ylayman. Menga har doim motivatsiya berib boradigan ustozlarimdan minnatdorman. Yaxshi sportchi bo’lib yetishishimda jismoniy madaniyat fakulteti o’qituvchisi Fayzulla Xolmurodovning mehnatlari beqiyos.

Umarbek endigina 21 yoshda. Tinib-tinchimas sportchi-talaba mehnatdan qochmaydi. Ko’ksini to’ldirib turgan medallar shodasi buni isbotlab turganday. U faoliyati davomida 30 dan ortiq medallarni qo’lga kiritgan. Bu esa kishiga quvonch bag’ishlash barobarida havas uyg’otadi. Sportning etagidan tutib kam bo’lmaganidan dilida shukrona, ko’zida quvonch, yuragida o’zgacha ishonch bor. Maqsad qo’yib olg’a intilayotgan yoshlarga qarata sportni sev, sport bilan yasha, deyotgandek dadil fikr-mulohazalari ko’plarga o’rnak.

U yoshlar va kattalar o’rtasida sportning og’ir atletika turi bo’yicha o’tkazilgan O’zbekiston chempionatida ishtirok etib bir necha bor chempionlikni qo’lga kiritgan. Xalqaro tanolovlarda ham ko’zga ko’rina boshlagani e`tirof etishga arzigulik. Sportchimiz o’tgan yilda Toshkent shahrida o’tkazilgan Osiyo chempionatida ham faol qatnashib bronza medal sohibiga aylandi. 

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Salla desam, kallami?!

Sherobod tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Hakim Choriyev bilan suhbatimiz ta’lim tizimiga oid keskin …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan