Бош саҳифа / Жамият / Vaksina vahimasi

Vaksina vahimasi

Bir necha yillardan buyon butun dunyoni tashvishga solgan, jamiyat hayotining barcha jabhalariga birday jabr ko‘rsatgan, qanchadan-qancha oilalar boshiga tashvish, kulfat solgan mittigina virusning ham nihoyat chorasi topildi.

Virusga qarshi faqat immunitetni tayyorlash, immun tizimini virus va uning tarkibiy qismlari bilan tanishtirish, kurashtirish orqali organizmni bu balo bilan jangga o‘rgatish, chiniqtirish mumkinligi, shu yo‘l orqaligina ulardan saqlanish, ehtiyotlanish mumkinligini mutaxassislar yaxshi biladi. Ammo, virus tarqalib, epidemiyadan pandemiya darajasiga chiqib boshlashi virusning qayerdan paydo bo‘lgani, nima sabab yuzaga kelganiyu vaksina yaratilgach, uning organizmga ta’siri borasida turli xil “fitna” nazariyalari, miflar, afsonalar avj oldi.

2015-yilda Janubiy Afrikada Ebola virusi tarqalgandayoq, dunyo ahlini viruslardan ogohlikka chaqirgan, o‘z boyligi, bilimidan xayrli maqsadlarda foydalanishga uringan Bill Geytsni chip (teri ostiga joylashtiriladigan juda kichik qurilmacha) yaratib, butun odamzodni boshqarmoqchi bo‘layotganlikda ayblashdi, so‘ngra vaksina yaratilgach, vaksinaning salomatlikka, organizmga ta’siri borasida ham turli xil afsonalar, yolg‘on tushuntirishlar ko‘paydi. Nega? Nima uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, dunyoning, mintaqaning, mamlakatning eng yaxshi olimlari, tibbiyot vakillari va davlat arboblari, din vakillari, ulamolar tavsiya etayotgan vaksinaga ishonmayapmiz? Nima sabab ongimizda, ko‘nglimizda turli xil shubha gumonlar, shu gumonlardan quvvat olgan mulohalar avj olyapti? Qaysi sabab tufayli bu mulohazalarga yon atrofdan, tanish-bilishdan tasdiq topib, o‘zimizni ovutib yuribmiz? Bu hodisaga sabab bo‘luvchi ruhiy hodisa bizning fikrlashimiz, hislarimiz, xulqimizni tadqiq etuvchi, bashorat qiluvchi psixologiyada kognitiv dissonans (bilimlar kelishmovchiligi) deya nomlanadi. Xo‘sh, miyamizda kechadigan bu bilimlar kelishmovchiligi nima o‘zi va uning vaksina vahimasiga nima daxli bor? Gap shundaki, inson nimadandir qo‘rqsa, bu qo‘rquviga asosli vaj topa olmasa (qo‘rquv obyekti haqida ma’lumotlar, bilim yetarli bo‘lmasa, u narsa yoki hodisa tanish, u haqida ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa), u shu qo‘rquvini asoslash, tushunarli qilishga harakat qiladi.

Inson miyasi anchagina dangasa. Bizga doim sodda, lo‘nda, tushunarli narsalar va hodisalar yoqadi. Ayni shu tushunarsizlik qo‘rquvi (vaksina nima ekanligini bilmaslik, kovid, umuman odam, uning tana qurilishi borasida bilimlar yetishmasligi) o‘ziga asos talab qila boshlaydi. Tashqariga qaraymiz, hayot davom etyapti, ko‘zga ko‘rinarli jiddiy talafotlar kamroq, ammo kovid, uning oqibatlari haqida kun ora o‘qiymiz, eshitamiz. Shu ruhiy hodisa, ya’ni tashqi olam tinchligi va ichki dunyo notinchligi o‘rtasidagi kelishmovchilik — kognitiv dissonans. Ichki dunyomizni tinchitishda esa bizga murakkab ilmiy izohlardan ko‘ra, sodda, o‘ng‘ay, mas’uliyatni kimlargadir (shaxslarga) yuklab yuboradigan izohlar, tushuntirishlar, nazariyalar ko‘proq yoqadi. Hodisa sabablarini kimningdir g‘araz niyatiga, siyosiy o‘yinlarga, mifologik qahrlarga bog‘laydigan nazariya bu fitnadir. Respublikamizda, jumladan viloyatimizda ilmiy bilimlar targ‘iboti, o‘qitish va o‘rgatish masalasida nuqsonlar mavjudligi ham “fitna” nazariyalariga yaxshigina quvvat beradi.

Miyamiz, hislarimiz aldamchi ekanligini, ishonch, yaxshi kayfiyat, yaxshi niyat, harakat salomatligimizga quvvat bo‘lishini esdan chiqarmaylik. Ko‘ngilni keng qilib, vaksina oling. Shubha tug‘ilayotgan bo‘lsa, bilingki, qo‘rqayapsiz, ammo uni tushuntira olmayapsiz. Qo‘rquvingiz fitna boshlab, sizni yaxshi yo‘ldan qaytaryapti.

Buyuk bobakalonimiz Abu Rayhon Beruniy aytgan: “Inson tushunmagan narsalaridan qo‘rqadi”. Shu fikrni bir mulohaza qilib ko‘ring.

Farhod Norboyev,

Termiz davlat universiteti

Ijtimoiy ishlar fakulteti tayanch doktoranti

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

61 nafar xizmatchining farzandi imtiyoz asosida talaba bo’ldi

Termiz xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta`minlash alohida batalonida Ichki ishlar vazirligi xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta`minlash bo’yicha …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan