Бош саҳифа / Жамият / Uchovlonning to’rtinchisi

Uchovlonning to’rtinchisi

Ommaviy axborot vositalari odatda to‘rtinchi hokimiyat sifatida tilga olinadi. Jurnalistlar esa bevosita jamiyatda mavjud uch hokimiyat ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatuvchi, aholi va davlat o‘rtasida adolat mayog‘ini yoquvchi ko‘prik sanalishi haqida ko‘pdan ko‘p fikrlarni keltirish mumkin.

Ammo, qo‘lida qalami, yuragida o‘ti, ko‘ksida vijdoni bor jurnalistlar hecham o‘zini to‘rtinchi hokimiyat vakiliman, deya g‘o‘ddayishni, kimgadir buyruq berishni, balandparvoz gaplar aytib odamlarning ko‘nglini puch yong‘oqqa to‘ldirishni o‘ylamaydi. Xokisor va kamtarinlik, samimiy va mulohazakorlik bilan ish tutishga urinadi. Otning kallasidek maosh olmasa-da, hech nolish bilmaydi, berganiga shukr qilib kun ko‘radi. Dilidagi haqiqatni tiliga chiqarishga urinadi, kuyunchaklik ila el dardi bilan yashaydi. Jurnalistlarning katta ketib, osmondan kelganini ham ko‘rmaganim rost. Ba’zi bir jurnalistlar uysiz, ijarama-ijara, ba’zan esa o‘zining muammolari girdobida yashasa-da, baribir xalqning muammolarini, jamiyatdagi voqea-hodisalarni taqdiridan ustun bilib yashayveradi…adolat uchun kurashishdan, dunyoda ro‘y berayotgan jadalliklarni, xabar va yangiliklarni ommaga uzatishdan charshamaydi.

O‘zim ham shu sohaning vakili sifatida jurnalistlarni maqtash yoinki tanqid qilish nuqtai nazaridan yiroqman. Balki, ushbu sohada jon kuydirib, mehnat qilayotgan qalam ahlining mehnati-yu harakatlarini, fidoyiligini, jamiyat rivojida, insonlar taqdiridagi o‘rnini uzundan uzoq gaplar bilan maqtashdan, tilga olishdan ko‘ra jurnalist hayotida tub burilish yasagan, taqdirini bir o‘zandan boshqa bir o‘zanga burib yuborgan, bir so‘z bilan aytganda, jurnalist ko‘magi bilan yangitdan yashay boshlaganlarning fikri soha vakillari uchun hammasidan muhimi.

— Jurnalist kim? Uning qilar ishi, o‘y-u tashvishi nimadan iborat, jamiyatda uning o‘rni qay darajada ekanini bilmaganim uchun ham, muammo-yu masalalarimni hal etishda baribir hokimlikdan, tashkilotlardan, qolaversa, suddan ish bitirish osonroq kechadi deb o‘ylardim, — deydi angorlik Ilhom Qo‘ng‘irotov. — Angor tumanidagi mahallalardan birida raislik qilardim. Mahallamizdagilarning ko‘pchiligiga tuman majburiy ijro byurosidan elektr energiyasidan noreal qarzdorliklar haqida ijro xatlari kela boshladi. Tag‘in deng, mahalla idorasining elektr hisoblagichi yo‘qligini ro‘kach qilib, katta miqdordagi qarzdorlikni bo‘ynimizga ilishdi. Bu muammolarni bartaraf etish, noo‘rin qarzdorliklarni bo‘ynimizdan soqit qilish borasida kirmagan idoramiz, bormagan joyimiz qolmadi, bizni sudga ham chaqirishdi. Xullas, qo‘limizda bir talay xat-hujjat bilan sudma-sud sarson kunlarimizning birida tumanimizga jamoatchilik nazorati guruhi keldi. Ular orasida odmigina kiyingan, kamtar, lekin bilimi va shijoati o‘ziga yarashgan bir kishi ham bor edi. Keyin bilsam, notanish odam jurnalist ekan.

Davomi gazetaning 49-sonida

Adolat Mo’minova

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

252 нафар ёшнинг контракти тўлаб берилди

Яхшилик икки жаҳонни орттирур, дейди донолар. Ҳақ гап. Чунки яхшилик кун келиб яхши самаралар бериши …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan