Бош саҳифа / Жамият / Termizni bosishgani yolg’on

Termizni bosishgani yolg’on

—  “Ayritom” mahallasida 3 492 nafar fuqaro istiqomat qiladi, — deydi Umida Karimova. — O‘zbek, turkman, ruslar, tojiklar ham bu yerda inoqlikda kun ko‘radi. Eng muhimi, chegara hududda yashasak-da, odamlarimiz hech bir vahimalarsiz, qo‘rquvlarsiz yashaydi. Chunki, chegarachilarimizga, harbiylarimizga tamomila ishonamiz. Odamlarning hayotiga havf tug‘diradigan holatlarni uchratganimiz yo‘q. Bizda hech kim ishsizlikdan aziyat chekmaydi. Tomorqadan, chorvadan unumli foydalanadi. Fuqarolarga Afg‘oniston bilan chegara huddaligimiz ham qaysidir ma`noda qo‘l kelardi. Termiz kargo markaziga yuk mashinalarda xorijdan import qilingan mahsulotlar keladigan bo‘lsa, odamlarni yuk tushirishga jalb etishadi. Bu ham mehnat qilib non topaman deganlarga qulay. Bitta tikuv seximiz, kulolimiz, issiqxonachilik bilan shug‘ullanadigan fuqarolarimiz talaygina.  “Yoshlar daftari”dagi 60 ta fuqaroning barchasiga ko‘mak berilgan. “Ayollar daftari”dagi ishlarimiz ham ko‘ngildagidek. Ularga ham tegishlicha yordamlar ko‘rsatilayapti. To‘ylarimiz odatdagidek davom etayapti.

Yonginasida muammoli vaziyat bo‘layotganini ko‘cha-ko‘yda o‘ynab yurgan bolajonlar hayollariga ham keltirishmayotganidan ko‘rinadiki, demak, kattalarda ham shu darajada hotirjamlik, ular aynan ikki qo‘shni davlat chegarasida istiqomat qilishib, bu kabi vaziyatlarni xayollariga ham keltirishmaydigan bo‘lib ketishgan. Qo‘shni davlatda bo‘layotgan vaziyat zarra bo‘lsa-da, ularni cho‘chitgan emas. Buni mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan suhbat chog‘ida yaqqol anglash mumkin.

Navbatdagi manzilimiz Ro‘zimurod kuloning xonadoni bo‘ldi. Chayir kulolning tandirlari ham shunga yarasha chidamli, u kishining mehnati mahsulini butun voha bo‘ylab izlab kelisharkan.

Hovlining bir chekkasida tandirlar uchun 10 ta qolib. Ularning barida yangi solingan tandirlar bor. Oyda o‘ttizga yaqin, mavsumida, to bahordan kech kuzga qadar uch yuzdan ortiq tandirni o‘z egalariga yetkazib, hatto tandirni joyiga joylashtirib, birinchi patirini ham yopib berishga oshiqadigan kulolning tandirchilikda pishishida ham bir sir bor ekan.

— Uzoq yillar oldin “qorategin”  ustalar uyimizda ishlashganda, Ro‘zimurodingiz usta-kulol bo‘lsin, loy bilan tirikchilik qilsin, deya niyat qilishgandi, — deydi onasi. — Zotimizda kulollarimiz yo‘q. Biz avval oilaviy to‘y-tomoshalar, bayramlarda musiqiy ansambl sifatida ishtirok etardik. Ro‘zimurod do‘l, kichik ukasi yamaha, otasi tor, men esa doira chalib davralarni qizdirardik.

Ayritomlik Aminov Ro‘zimurod aka uch farzandini kulolchiligi ortidan boqib katta qilgan. Ishini yaxshi biladigan ustaligini tandirlari hali biror marta pand bermaganidan ham bilish mumkin.   

—  Halol mehnat qilib, xotirjamlikda ro‘zg‘or tebratishga nima  yetsin, — deydi Ro‘zimurod Aminov. — Tandirlarni yasashning ham o‘z zavqi, qiyinchiligi va vaqti bor. Avval maxsus tuproq tarozida o‘lchanadi. Har bir tandirga 12 kilogarmm tuproq solinib, echki junidan qo‘shib, somon va qum aralashtirgan holda loydan xamir tayyorlayman. Har bir tandirga to‘rt soat loy tepib zuvala yasayman. Keyin esa qolipga solib, biroz quriguncha kutib, uni zuvaladan qolgan loy bilan urib chiqiladi. Buning uchun albatta, kuch kerak bo‘ladi. Ammo terlab ishlaganim, doimoiy mehnat bilan band bo‘lganim uchun ham mutlaqo sog‘lom ekanman. Yaqinda tibbiy tekshiruvdan o‘tsam, shifokorlar ham “qoyil, aka, mutlaqo sog‘lom ekansiz, nima yumush bilan shug‘ulanasiz”, deyishdi.

Zuvalasi ham tayyorlagan “xamiri” kabi pishiq bu odam qishloqdagi uylarni qurishda ham yordam beradi. Qishda tinib, yozgi mehnatdan charchab dam olish o‘rniga undan xamir qorib somsa-yu mantilarni qiyomiga yetkazib, oshpazlikni ham do‘ndirishiga nima deysiz? Hovli joy-u, mashinali bo‘lishda, qiz uzatib dang‘illama to‘y qilishda tandirlardan tushgan daromad qo‘l kelgani quvonarli. Har bir tandir 10 kunda tayyor bo‘ladi-yu undan qoladigan sof foyda ham yaxshigina.

Usta bilan suhbatlashayotib Afg‘onistondagi vaziyat sizni biroz bo‘lsa-da cho‘chitmaydimi, deya og‘iz juftlaganimizga uyalib qolamiz.

— Internetda ko‘rdim, Termizni bosishibdi, odamlar qanday yashayapti, degan vahimali gaplarni yozishibdi, ammo biz judayam tinch, xotirjam yashayapmiz. Tunov kuni ham samolyotlar uchdi, vertalyotlar harakati ko‘payib qoldi,  lekin bu bizga zarra bo‘lsa-da qo‘rquv solgani yo‘q.

Xurshid KARSHIYEV,

Adolat MO‘MINOVA,

Ikrom AMIRQULOV

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Термизда Афғонистонга гуманитар ёрдам бериш учун логистика маркази ташкил этилади

БМТ Афғонистонга гуманитар ёрдам бериш учун Ўзбекистонда логистика марказини ташкил этади. Бу ҳақда БМТ расмийси …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan