Бош саҳифа / Маданият / Surxonliklarni quvnatgan Navro’z sayli

Surxonliklarni quvnatgan Navro’z sayli

Bu yil tag’in  Navro’z bayrami qoldirilarmikin, degan hadik ko’plarni o’ylantirayotgan edi. Negaki, pandemiya hali tugamagan shu kunlarda yana muammoli vaziyatga aylanib ulgurdi. Biroq bu yilgi Navro’z to’xtatilmadi. Aksincha, bu yilgi bayram tantanalari ochiq osmon ostida, bog’lar, xiyobonlarda, jamoat tartibini saqlagan, karantin qoidalariga rioya qilingan holda viloyatimiz bo’ylab nishonlanmoqda.

Erta tongdan Termiz tumanidagi “Otchopar” maydonida ham Navro’z sayli boshlanib ketdi.

Unda jam bo’lgan fuqarolar ijtimoiy masofa saqlagan, niqoblar taqqan holda bayram tantanalarini tomosha qilishdi. O’rtada bezatilgan sahna. Unda viloyatimizning ko’zga ko’ringan folklor dastalari, xonanda, sozandayu raqqosalari, qiziqchilari Surxon ahliga ko’tarinkilik ulashish uchun xizmatda. Sahnaning chor atrofida esa tumanlarning milliy ana`analariyu, osori-atiqalarini ko’z-ko’z etib turgan maydonlarga ko’zingiz tushadi. Har bir tuman uchun alohida maydonlar ajratilgan bo’lib, unda tuman mutasaddilari bor mahorati ila o’z tumanining milliyligini tarannum etish payida. Saylga tashrif buyuruvchilarni dastlab oltinsoyliklar qarshi oladi. Ushbu tuman uchun ajratilgan maydonda o’z urf-odatlari, milliy hunarmandchiligi bilan ajralib turishi aks ettirilgan. Bir yonda kayvoni momolar urchuq yigirib, paxta savashayotgan bo’lsa, bir yonda mohir oshpazlar sumalagu halimlarni tayyorlashga kirishgan.

-Oltinsoy o’zining milliy urf-odatlari, qadriyatlari bilan mashhur, — deydi tumandagi chanqovuzchi-hunarmand Muhabbat Abrayqulova. — Men uzoq yillardan beri chanqovuz chalaman, milliy to’nlar tikaman. Ushbu saylga kayvoni momolar qatorida taklif etilganimdan quvonchim cheksiz. Navro’z rizq-baraka keltirsin, xotirjamlik va tinchlik, sixat-salomatlik hamrohimiz bo’lsin. Bu yilgi Navro’z juda xushchaqchaqlik bilan o’tayotganidan xursandman. Odam bayramlarni ham sog’ingan ekan. Yoshlarning o’yin-kulgilarini, milliy libosda tovlanishlarini ko’rib men ham o’yinga tushib yuboray deyapman. Quvongan dillarni ko’rib, ularga hamrohlik qilging kelar ekan. Hamisha kunimiz Navro’zday o’tsin. Surxon eliga shodu xurramlik yarashadi-da.

Men sendan kammi, qabilida o’zaro milliy an`analar bahsiga kirishayotgan tumanlarning har birining chiqishlari, bezatilgan ko’rgazmalariyu, sarxil mevalaridan tortib biri biridan ajoyib taomlarini aytmaysizmi, bularning bari o’zgacha bayram shukuhini uyg’otmasdan qolmaydi. Navro’z sayliga chiqqan borki, noodatiy bayram nishonalaridan bahramand bo’lib, niqobda bo’lsa-da ko’zlarda kulgu zohir.

Saylga yig’ilganlar Oltinsoydan chiqib, Sho’rchi tomon yuzlanadi. Bu yerda ham jarayon qizg’in. Chor atrofda milliylik ufurib turibdi. O’tov atrofida gilamdo’zlar gilam to’qish bilan ovora bo’lsa, yosh rassomlar chizayotgan suratlar, bir tomonda esa folklor chiqishlar, tag’in boshqa tomonda milliy hunarmandchilik durdonalari terib qo’yilgan. Bir so’z bilan aytganda, sho’rchiga borib qolganday his etasiz o’zingizni.

O’zining anorlari bilan dunyoga mashhur Sherobodning hatto tuz koni ham Navro’z sayliga kelib qolgan ko’rinadi. Bir burchakda qad rostlagan tuz koniga odamlar katta qiziqish bilan qaramoqda.

-Pandemiya tufayli o’tgan yili ham bayramni nishonlay olmagan edik, ammo ko’ngillar Navro’zni sog’ingan, — deydi Sherobod tumanidagi “Qizg’aldoq” namunali bolalar ashula va raqs jamoasi boletmeystri Musurmonqul Hayitmurodov. — Saylda jamoamiz bilan ishtirok etayapmiz. Vohamiz qadriyatlarga naqadar boy ekanligiga yana bir bor amin bo’lib turibman. Har bir tumanning o’ziga xos jihatlari bor ekan. O’zim uchun ko’plab yangiliklarni bilib oldim. Masalan, sariosiyoliklarning milliy taomlaridan “kochi”ga qiziqib qoldim. U ham ma`nan ham jismonan sog’lom bo’lishda foydali ekan. Termizning dutorchilariyu, oltinsoyning hunarmandlari bilan tanishdim. Boysunning bahavo joylariga sayr etgandek bo’ldim. Bugun ayyomda jamiki go’zalliklar, urf-odatlar mavjlanib, yanada quvonch berayapti, desam adashmagan bo’laman.

Navro’z sayliga tashrif buyurgan mehmonlar o’tovlar, loydan qurilgan cho’ponlarning qo’nimjoylarida bezatilgan milliy hunarmandchilik buyumlarini ko’zdan kechira turib, xalq kuy-qo’shiqlaridan jamlangan dasturlarni tomosha qilishdi.

— Bu yil viloyatning Navro’z saylida ilk bor ishtirok etayapman, —  deydi Jumagul Jo’rayeva. — Har yilgidan o’zgacha shukuhda o’tayotgan bayram tantanalari milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni tarannum qilishda, yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashda o’ziga xos maktab vazifasini o’tashi turgan gap. Odam bayramlarni, sayllarni sog’ingan ekanmi, bu bayram kayfiyatni ko’tarib yubordi. Doshqozonlarda sumalak qaynayapti, bir tomonda halim-u ko’k somsalar hidi dimoqni qitiqlaydi. Bularning bariga shukrona keltirishimiz, vohamizda to’y-bayramlar, sayllar ko’payaversin, degimiz keladi. Qachon odam xotirjam bo’ladi? Mana shunaqa bayramlarda, yaxshi kunlarda-da, albatta. Shuning uchun ham har kuning Navro’z bo’lsin, deya bejiz aytilmagan. Shodiyonalar tarannum bo’lgan yurtda rivojlanish, yuksalish bo’laveradi.

Navro’z sayliga yig’ilgan odamlarning ko’zida quvonch, qalbida shukrona. Shu kunlarga yetkazganingga, shukur, deya yoshi kattalar qo’llari duoda.

Bularning bari tinchlik, osoyishtalikning ne’matidir. Yurtimizda milliy qadriyatlarimiz kun sayin ulug’lanayotganidan yana bir darak.

Shu tariqa milliy namoyishlar qiziqarli bayram dasturiga ulanib ketdi. Unda xonandalarning chiqishlari, folklor dastalari tomonidan ijro etilgan milliy raqslar va kuy-qo’shiqlar, ayniqsa, poytaxtdan kelgan o’nlab taniqli  xonandalaru qiziqchilarning chiqishlari bu yilgi Navro’z sayliga fayz kiritdi.

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ijodkor o‘qituvchilar nazmi

“Surxon nashr” nashriyotida chop etilgan “Ustoz va shogird” kitobining mualliflari — mutaxassisligi bo‘yicha fizika-matematika fani …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan