Бош саҳифа / Жамият / “Robot odam”

“Robot odam”

«Insoniyat uqubatlarining kishanlari idora qog‘ozlaridan yasalgan. «

Frans KAFKA

Uch oy ichida ilk bor kun bo‘yi tabiat qo‘ynida bo‘ldim. Daraxtlarning mehribon ekanligi, oqibati haqida o‘yladim. Qo‘l telefonimni daryoga otganim yodimdan ko‘tarilib, har 10-15 daqiqada qo‘limni cho‘ntagimga tiqaman. “Robot odam”ni eslatib turuvchi telefondan qutulganimga hali ham moslashib ulgurmadim, shekilli.

“Robot odam”ni onasi ko‘zoynak bilan tugqqan. Har kuni 10 soat kompyuter oldida o‘tirganidan, faqat yuqoridan kelgan topshiriqlarni bajarganidanmi, uning yuzida tiriklik alomati yo‘q. Lekin turli jadvallarni to‘ldirishni qoyillatadi. Uch oy ichida “Robot odam”dan birorta yangi g‘oya eshitmadim. U tashkilotda boshliq o‘rinbosari bo‘lsa-da, buyruqlarni bajarishga o‘rganib qolgan. Har doim mening g‘oyalarimga xavotir bilan qarar va “Bu haqida buyruq yo‘q”, — derdi shosha-pisha.

 Daraxtlarda his-tuyg‘u bor deb hisoblayman. Ba’zan “Robot odam”ni ishxonamiz qarshisidagi balxi tut bilan taqqoslayman. Va bir paytning o‘zida yig‘lagim va kulgim qistaydi. Qabulxonadagi kotibani kompyuterda qarta o‘ynayotgan yoki qaysidir qimmatbaho libosini maqtayotgan holdagina ko‘rardim. Hali ham kotibaning obro‘si “Robot odam”dan baland turishini tushunolmayman.

 O‘tgan uch oy ichida birorta she’r yozolmaganimni, faqat allaqanday jadvallar to‘ldirganimni, hisobotlar yozganimni eslasam, o‘kirib yig‘lagim keladi.

 Daraxtlar… Archaning yam-yashil ekanligining siri nimada? Balki, mevali daraxt emasligidadir. Tashqi ko‘rinishi chiroyli narsalarning ko‘pchiligi foydali bo‘lmaydi. Lekin daraxtlar… Ularni odamlardan ko‘proq yaxshi ko‘raman.

Shu paytgacha birorta daraxt meni aldamadi, birorta daraxt bergan hosilini yoki soyasini minnat qilmadi. Ayniqsa, majnuntolni yaxshi ko‘raman. Hayoli daraxt. Uning sochlari uzun. Yaratganga ta’zim qilishni, vositalarga emas, maqsadga sano aytishni biladi.

Bir kuni boshliqning haydovchisi “Robot odam”ga “Siz mo‘ylov qo‘ysangiz, yarashar ekan”, — dedi. “Robot odam” bir muddat sehrlangandek turdi-da, “buyruq…” — dedi va jimib qoldi. Haydovchi tirjaydi.

Ertaga ijarachi bilan hisob-kitob qilishim kerak. Keyin qishloqqa — daraxtlar eng ko‘p joyga qaytaman. Daraxtlar meni sog‘ingan. Men esa ‘‘Robot odam’’ va uning hisobotlarini sog‘inmasam kerak…

Obid QO‘LDOSH

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ёмон гумон омад йўлимизни боғлайди

Толҳа ибн Абдурроҳман ибн Авф ўз замонасида Қурайшнинг энг саховатли кишиси эди. Бир куни унга …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan