Бош саҳифа / Маданият / “Qalbim menga yo’lchi yulduz”

“Qalbim menga yo’lchi yulduz”

Dunyoni ikki juft ko’zi ila idrok etuvchilar qatori ko’ngil ko’zi bilan bu borliqni his qiladiganlar ham oramizda bor. Ular taraqqiyot odimlarini, zamon nafasini faqatgina qalb ko’zlari ila turfa ranglarda, nafis tuyg’ular orqali ilg’aydi. Bu kabi insonlarning jismoniy imkoniyatlari cheklangan bo’lsa ham ular aslo ortga chekinmasliklari, intilish va qiziqishlarini, o’zlaridagi iqtidorni baralla ko’rsata bilishlari kishini xushnud etadi.

Viloyat ko’zi ojizlar kutubxonasi va 125-sonli viloyat ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar maktab-internati hamkorligida viloyat qo’g’irchoq teatrida “Ulug’ yurtga, ulug’ elga ehromlardan baland ehtirom” deb nomlangan tadbir tashkil etildi.

Yurtboshimiz ilgari surayotgan “Beshta muhim tashabbus” ijrosiga bag’ishlangan ushbu tadbirda o’zgacha ruh mujassam.

Sahnaga kimningdir yordamida chiqib kelayotgan yigit-qizlarning ko’nglida zarracha g’ubor, harakatlarida esa soxtalikdan asar ham yo’q. Ular dunyoning sof va beg’uborligiga, atrofdagilarning samimiyatiga shu darajada ishonishadiki, kuy-qo’shiqlarini, sahnaviy chiqishlarini, raqslariyu, she`rlarini baralla kuylashga chog’lanishayotir.

Alisher Navoiyning hayotiga oid sahna asarini ko’zi ojiz bo’la turib shu darajada qoyilmaqom ijro etayotgan, hatto zamonaning dolzarb masalasi bo’lmish yot illatlar ta`siriga tushib qolayotgan yoshlarning oila muhiti, tarbiyasidagi illatlarni ochib berishga urinishlari tahsinga sazovor. Qariyb uch soat davom etgan konsert dasturida qilt etgan tovush, qimir etgan harakat sezmaysiz. Hamma imkoniyati cheklangan o’quvchi-yoshlarning iste`dodiyu mahoratiga qarsak chalishga tutinishardi.

“O’zbekiston” operasini maktab-internati tarbiyalanuvchisi bor ovozi bilan kuylayotganini butun zal jon qulog’i bilan tingladi, desam mubolag’a bo’lmas. Bu kabi iste`dodlarni faqatgina qo’llab-quvvatlash, ularni har tomonlama rag’batlantirish va imkoniyatlarini namoyon qilishlariga keng yo’l ko’rsatish lozim. Ammo tadbir davomida bu kabi imkoniyati cheklanganlarning iste`dodlarini munosib rag’batlantiradigan kimsa topilmadi. 

-Men san`atni juda sevaman, raqsga tushish jonu dilim, – deydi 125-sonli viloyat ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar maktab-internati tarbiyalanuvchisi Sabrina Orziqulova. – Boshqalarga qaraganda jisominiy imkoniyatim cheklanganidan aslo ranjimayman. Olamni qalbim ila tasavvur qilaman.

Buyuk ajdodlarimizni faxr bilan tilga olayotgan, yorug’ kelajakka umid bilan boqayotgan bu giryon ko’zlarning kelajagi porloq bo’lishiga, iqtidorlarini munosib rivojlantira borishlariga hech shubha yo’q.

Tadbir ishtirokchilariga ko’tarinkilik bag’ishlash maqsadida viloyat qo’g’irchoq teatri jamoasi tomonidan raqslar, kuy va qo’shiqlar ijro etildi. Ijodkorlar tomonidan “No’xat bola” spektakli ham armug’on etildi.

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ijodkor o‘qituvchilar nazmi

“Surxon nashr” nashriyotida chop etilgan “Ustoz va shogird” kitobining mualliflari — mutaxassisligi bo‘yicha fizika-matematika fani …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan