Бош саҳифа / Қишлоқ хўжалиги / Otang bozor, onang bozor, bizga kerak jahon bozor

Otang bozor, onang bozor, bizga kerak jahon bozor

Qishloq joylarda yashovchilar bu kabi imkoniyatni o‘z tomorqalaridan izlashga chog‘lanishadi. Pomidor, bodring, olma-yu anori, uzum-u shaftolisi, qovundan tortib, tarvuzigacha tomorqasidan chiqarishga harakat qilishadi. Kimdir mavsumida kartoshka yoki o‘z iste’moliga yarasha sabzi-piyoz ekmasa, uyat hisoblanadi. Vohamizning boy tabiati, iqlim sharoiti tufayli ham sara, vitaminlarga boy, quyosh nurlarida erkalanib, zilol suvdan sipqorib, yumshoq tuproqda yayrab yetilgan mevayu sabzavotlar, bog‘dorchilik nishonalari, poliz ekinlari mazasi va vitaminlarga to‘yinganligi bilan boshqa davlatlardagidan tamomila farq qiladi. Aynan shuning uchun ham mamlakatimizda, xususan, vohamizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon bozorida oshig‘i olchi. Ammo…

Mahsulot ko‘p va xo‘p yetishtirilgani bilan uni sotishda faqatgina ichki bozor bilan cheklanib qolinsa, ichki bozor talablaridan ortiqcha mahsulotlar isrof bo‘ladi va dehqon kasodga uchraydi. Peshona teri bilan yetishtirgan mahsulotini ichki bozordan tashqari tashqi bozorga, xorijiy davlatlarga eksport qilish dehqon uchun koni foyda. Qolaversa, talab yuqori bo‘lganidan keyin, dehqon ham o‘z navbatida mahsuloti sifatiga ahamiyat qaratadi. Qishloqning bir chetidagi dehqon dunyoning u chekkasiga borib o‘zi yetishtirgan mahsulotni sotishi mushkul, ammo bu viloyat miqyosida tashkillashtirilgan holda yo‘lga qo‘yilsa, xorijiy davlatlar bilan shartnomalar tuzilsa, mana bu boshqa gap.

Qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlarimizni jahon bozorida muqim o‘rin egallashida viloyat hokimi har galgidek tashabbuskor. Viloyat rahbari boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Novosibirsk viloyati va Krosnoyark o‘lkalarida bo‘lib qaytishdi. Tashrif davomida qishloq xo‘jaligi, xususan, mevasabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Bu esa dehqon uchun qator qulayliklar eshigi ochiladi, degani. Shu o‘rinda voha qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar va hududlar kesimida ekin ekish ixtisoslashuviga ham bir nazar solsak…

Kimda qancha, nima bor?

 — Boshqa hududlarga nisbatan bizda hali ishlab chiqarish, sanoat sohasi jadal emas, vohamiz iqtisodiy taraqqiyotida asosan qishloq xo‘jaligining o‘rni yuqori, — deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, kartoshkachilik, polizchilik va issiqxona xoʻjaligi boʻlimi mutaxassisi Akmal Umarov. — Bugungi kunda viloyatda fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 55,8 ming gektar maydonda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Jumladan, Angor, Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Uzun tumanlari sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan. Bandixon va Qiziriq poliz mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Sherobod va Muzrabot tumanlari anor yetishtirishga ixtisoslashgan. Qishloq xo‘jaligiga issiqxona xo‘jaligi ham yaqin yillarda jadallik bilan kirib keldi Ayni damda, 1,5 ming gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etilgan bo‘lib, jami yetishtirilayotgan mahsulotlarning 5 foizi mazkur issiqxonalardagi mehnat mahsuli. Asosan, Qiziriq va Termiz tumanlarida issiqxonachilik rivojlangan. Qishloq xo‘jaligidan olinadigan hosilning cho‘g‘iga keladigan bo‘lsak, ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida 486,9 ming tonna sabzavot, 27,3 ming tonna poliz, 143,1 ming tonna kartoshka, 48,1 ming tonna turli xil mevalar, 10,5 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirildi. Fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarida 457,8 ming tonna sabzavot, 65,7 ming tonna poliz, 142,2 ming tonna kartoshka, 32,3 ming tonna turli xil mevalar, 4,1 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirildi.

Birlamchimi, ikkilamchi?

Yetishtirilayotgan hosilni shu turishida sotishdan ko‘ra uni qayta ishlab, ikkilamchi mahsulot sifatida ham sotishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. 2020-yilda mevasabzavot mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar soni 11 tani tashkil etgan boʻlib, ushbu korxonalar tomonidan 140 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlangan. Joriy yilda viloyatda qayta ishlash korxonalari soni yana 2 taga koʻpayib jami 13 tani tashkil etadi. Joriy yilda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash quvvati yiliga 158 ming tonnaga (113 foiz) yetkazish belgilangan. Bundan tashqari, uzum yetishtirish va ushbu turdagi mahsulotlarni qayta ishlashga muhim vazifa sifatida qaralayotgani quvonarli. Bugungi kunda viloyatda uzumni qayta ishlashga ixtisoslashgan 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda (Denov tumanida 4 ta, Oltinsoy tumanida 5 ta). Ushbu qayta ishlash korxonalari tomonidan o‘tgan yilda 1,6 ming tonna uzum mahsulotlari qayta ishlanib, vino va uzum sharbati ishlab chiqarilgandi.

Talab yuqorimi taklif?

Viloyatda ichki bozor talabini qondirish uchun yiliga oʻrtacha 857,7 ming tonna meva-sabzavot (sabzavot, kartoshka, poliz, meva-uzum) mahsulotlari talab etiladi. 2020-yilda viloyatda 1 198,2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilgan boʻlib, shundan 857,7 ming tonna ichki bozorga, 140 ming tonna qayta ishlashga, 200,5 ming tonna eksportga yoʻnaltirilgan. Qishloq xo‘jaligi eksportiga keladigan bo‘lsak, yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari asosan, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Afgʻoniston, Qozogʻiston davlatlariga eksport qilinyapti. Bir so‘z bilan aytganda, voha rahbarining bu galgi xorijga qilgan tashriflari ham viloyatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va yetishtirilayotgan mahsulotlarining dunyo bozorida bo‘y taratishida yuqori ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

 Adolat MO‘MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Келгуси йил ғалла ҳосили мўл бўладими?

Қумқўрғон туманида 2022 йил ғалла ҳосилига бағишланган кўрғазмали семинар ташкил этилди. Бу ҳақида туман ҳокимлиги …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan