Бош саҳифа / Иқтисодиёт / Muammo bugunniki emas, ertaniki

Muammo bugunniki emas, ertaniki

Aslida, qorni och, ehtiyoji bor kishi sabab hayotni yengillashtiruvchi yangiliklar, ixtirolar yuzaga keladi, degan qarash ham bor. Bugun ishsizlik iskanjasidagi hamyurtlarimiz mamlakatda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib qolish payida. Lekin… Sherobod va Oltinsoy tumanlarida faoliyat olib borayotgan kasbga o‘qitish markazlari ham kasb o‘rganishga ishtiyoqmand yoshlar bilan gavjum. Bugun Sherobod kasbga o‘qitish markazida tikuvchilik, chorvachilik, ayollar va erkaklar sartaroshi singari yo‘nalishlarda tahsil olayotgan yoshlar soni 300 nafarni tashkil etadi. Markazda tahsil olayotganlarning asosiy maqsadi markaz tomonidan beriladigan sertifikat ortidan bankdan kredit olib o‘z ishini boshlash.

— O‘quvchilarga har oy 245 ming so‘m stipendiya to‘lanadi. Xalq orasida targ‘ibot kamligi sababdir yoshlar befarq, — deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ortiq Ro‘ziyev. — Bugun Boysun, Qiziriq, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida ham markazning filiallari ishlab turibdi. Ham nazariy, ham amaliy bilimlarni uch oyda mukammallashtirib, malakali mutaxassis tayyorlanmoqda desak ishonchsizlik kayfiyati yuz-ko‘zingizdan ma’lum bo‘ladi, aniq. Ammo, hali tikish-bichishning ilk ta’limini olgan Ruxsora Oltiboyeva singari yetti nafar qiz Sherobod kasbga o‘qitish markazida tikuvchilik sirlarini o‘rganmoqda. Ular sumka tikib, allaqachon mehnatidan mablag‘ ham topishga ulgurgan. Uzog‘i bilan 20 minglik xarajat ketadi deb tikkan sumkasini ko‘rsatar ekan, mar-kaz faqat kadr tayyorlamayapti, balki layfxak (uy sharoitida yaratilishi mumkin bo‘lgan narsa)lar uchun ham yaxshi g‘oya berayotganligining guvohi bo‘lish mumkin. Tikuvchilik guruhlarida ish qizg‘in. Kimdir ko‘ylak, kimdir kurtka, kimdir sumka tikayapti. Qavish sirlaridan tortib kiyimlarga qo‘lda bezak berishga qadar o‘rgatilayotgan kurslarda qizlarni besh kunlik qizg‘in ish jarayonida uchratasiz.

— Bizda baliqchilik yo‘nalishida ta’lim berishga va amaliyot o‘tashga sharoitimiz bo‘lmaganligi sababli hozir bu yo‘nalish bo‘yicha Muzrabot tumanidagi filialimizda guruh ochilgan, — deydi O. Ro‘ziyev. — Markazning yana bir muammosi mutaxassislarni topish qiyin. Misol uchun, oliy ma’lumotli limonchi, oliy ma’lumotli asalarichilik mutaxassisi topishning o‘zi bo‘lmaydi. Qola-versa, talabga ko‘ra yo‘nalishlar ochiladi. Rejaga qo‘yilgan ko‘plab yo‘nalishlarda mutaxassis ham, talabgor o‘quvchilar ham yo‘q.

Erkaklar sartaroshi yo‘nalishi bo‘yicha kasb o‘rganayotgan yigitlar allaqachon Sherobodda o‘z saloniga ega. Ular bilan suhbatlashayotganingiz sari so‘zamol yigitlarning qariyb uch oydan buyon band bo‘lgan kursdan minnatdorligini payqaysiz.

— Stipendiyamizga sartaroshlik anjomlari xarid qilamiz. Ham nazariy, ham amaliy o‘rganayapmiz. Avvaliga shogird tushganman, keyin kredit olish uchun kursga qatnay boshladim, — deydi Umidjon Toshboyev. — Hozir soch turmaklarining nomi va turmaklanish jihatlarini o‘rganayapman. Qatnaganim foydali bo‘ldi. Endi, ishonasizmi, kredit kerak emas. O‘z biznesimni boshlab oldim.

Chorvachilik guruhida o‘rta yoshlilar jamlangan. Ularni o‘ylantirayotgan savollar va takliflar talaygina.

— O‘tgan yili har biri 35 million so‘mlik ikkita sigir xarid qildik. Biri o‘lib qoldi. Ikkinchisini so‘yib topshirdik. 20 million so‘mlik bo‘ldi…

— Zotdor sigirlarning iqlim-lashtirilmaganligi evaziga ularga sharoit yaratish, salqinlatish tizimi va yaylovlarimiz bo‘lmaganligi sabab qiynalamiz…

— Vaqtida chorvaga deb kredit olib, odamlar to‘y qildi, mashina oldi. Endi chorva olmoqchi bo‘lganlar davlatning ko‘ziga yolg‘onchiday ko‘rinib qolgan. Shu sabab pul fermaga o‘tkaziladi. Biz esa rost gap, fermalardan qimmatiga olamiz. Undan ko‘ra naqd pul bersin. Mahalladan va yoki bankdan odam biriktirsin. Jaydari molni tortishib sotib olaylik.

— 35 million so‘mga bitta mol olgandan ko‘ra to‘rtta-beshta mol olgan foydali biz uchun. Jaydari moldan foyda ko‘ramiz. Va yoki Qozog‘istonning sigirlari yaxshi deyishayapti.

— Xalq banki bilan gaplashdik, chorvachilikka kredit yo‘q deyishdi. Biz nima uchun o‘qiyotganimizni tushunmayapmiz. Kredit olish uchun har kuni 20 ming so‘m sarflab, 30-35 kilometr yo‘l bosib, shu o‘qishga qatnayman.

— Agar mening qo‘limga naqd pulni bersa, uchta kishini ish bilan ta’minlayman. Qo‘limda biznes rejam ham bor.

— Zotdor mol talabi xalqni kambag‘allikdan chiqarish o‘rniga battar kambag‘al qilishi ham mumkin. Kreditdan maqsadli foydalanish kerak…

Bunday savollar va o‘ylarga mutaxassislar javob qaytarmasa, biz ojiz ekanligimiz, muammoni eshitish va yetkazish bilan fuqarolarning ishini yengillata olmasligimizdan afsusdamiz.

Xurshid Qarshiev

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ангорда жун ва ипакчилик ривожлантирилади

Президентимиз жорий йилнинг 1-2 июнь кунлари Сурхондарё вилоятига ташрифи чоғида Ипакчилик ва жун саноатини ривожлантириш …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan