Бош саҳифа / Таълим / “Maktabda komissiya, JIM!”

“Maktabda komissiya, JIM!”

Uchinchi Renessans ostonasida turibmiz. Tom ma’noda yangi uyg’onishning poydevori, deya maktab partalarida o’tirgan, o’qituvchilardan ta’lim-tarbiya olayotgan yosh avlodga umid bog’laganmiz, albatta. Biz ham ana shunday umidli o’quvchi-yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning bugungi ahvoli bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumanidagi 1-umumta’lim maktabiga bordik. Afsuski, ostonadanoq xunuk manzaraning guvohi bo’ldik.

Ikkita sumkani shirinliklaru xoddoklarga to’ldirgan ayol navbatchining stoliga o’tirgancha, bamaylixotir uni o’rab olgan o’quvchilardan pullarini olib cho’ntagiga tiqayapti. Ayol tuli xil shirinliklar, “fast-food”larni sotib o’tirgan ekan. Maktabga kelgan-ketganni ro’yxatga olish, antiseptik vositalarni sepib, maktabga kelgan mehmonlarni nazoratga olishi lozim bo’lgan navbatchi esa sotuvchiga o’z o’rnini bo’shatib bergan. Ushbu holatga ham ko’z yumdigu, sinfxonadagi dars jarayonlari, o’quvchilarga berilayotgan ta’limning qay ahvoldaligi bilan qiziqdik. Maktabning sakkizinchi sinfi tahsil olayotgan xonadamiz. Tarbiya darsi. Mavzu ham qiziq va o’quvchilarning mulohazakorligini oshiradigan, fikrlashga undaydigan “Tushkunlik va besaranjomlikni boshqarish”.

Bolajonlar qalin kiyimlarda, ba’zilari qo’lqoplarda xonaning sovuqligidan diydirab o’tiribdi. Bizning orqa partada o’tirib, darsni kuzatayotganimizni sezmagan shekilli, shu payt eshik ochilib, tashqaridan kimdir “hammang maskangni taq (vaholanki, tibbiy niqoblar komissiya uchun taqilar ekanda, degan xulosa chiqadi), jim o’tirlaring, maktabda komissiya”, dedi.

Bolalar ham komissiya, degan gapdan yuragi zada shekilli, yoki jim bo’lishga o’rgatib qo’yilganidanmi, dars bo’yi faqat jim o’tirdi-qo’ydi. Ba’zi bir o’quvchilar mavzuning shu darajada qiziqligidan qo’l ko’tarib o’qiganini gapirib bera olishdi xolos.

“Tarbiya”ni o’tayotgan Musulmon Botirov mavzuga oid ko’rgazmali materiallardan ham multimediya vositalari va innovatsion metodlardan ham umuman foydalanmadi. Yangiliklarniku asti qo’yavering. Shunchaki tushkunlik haqida ikki og’iz gapirib, uning og’ir oqibatlarga olib kelishini ayta oldi xolos. O’quvchilarga “konspektga yozinglar”, deya qayta-qayta takrorladi. Hamma narsa har doim ham moddiy texnikaga bog’liq bo’lavermaydi. Albatta, ta’lim olishga sharoit bo’lishi kerak. Ammo bular bo’ldi, ta’lim sifati yaxshilandi, degani emas. Eng asosiy masala o’qituvchida va u bera oladigan motivatsiya va ta’lim sifatida.

Xonaning sovuq bo’lishiga qaramay o’quvchi-yoshlarning ko’zlarida bilim olishga ishtiyoqi baland, ammo… ularning ham yangicha yondashuv asosida, mavzuning mohiyatini anglashga, mustaqil fikrini bayon qilish va darsda qiziqarli bahs-munozara muhiti yaratilishini istayotganliklari yuz ko’zlaridan ma’lum. Axir bugungi kun o’quvchilarining ta’lim olishi, o’qib-o’rganishiga, ularning zamonaviy bilim olib, kelajakda o’z o’rnini topishiga, jahon arenalarida o’z so’ziga ega bo’lishiga barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.

Yurtboshimiz yosh-avlodga katta ishonch bildirmoqda. Vaholanki, “Yangicha dunyoqarash, Yangi O’zbekiston”ga, Uchinchi Renessansga eskicha fikrlash, ma’ruzayu konspektlar bilan erishib bo’lmasligini bu bolalar ham bilishadi chamasi. Ammo ularning ham puxta bilim olishga, munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olishga haqlari bor, albatta. Oxir-oqibat mavzuga qiziqtira olmagan ustozidan hafsalasi pir bo’lgan o’quvchilar o’zaro pichir-pichirga o’tib, qachon tanaffus bo’ladi, deya bir-biriga so’z qota boshladi.

Mana sizga o’quv darsliklari orasidan joy olgan “Tarbiya” darsi. Bu fanning kiritilishidan maqsad esa tamomila boshqa edi…

Adolat MO’MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

42 yil avval uchinchi Renessansni boshlagan ayol

Aksariyat odamlardan rahbarlikka ishtahasi boryo‘qligini so‘rasangiz, jon-jon, deya bunga rozi bo‘lishini aytadi, tag‘in boshqa birovlar …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan