Бош саҳифа / Адабиёт / Ko‘rinmay gullagan shoir

Ko‘rinmay gullagan shoir

Birov bor o‘zining borligini, qilayotgan ishlarini olamga baralla aytgisi, jar solgisi keladi, yana birov bor jimgina yashab, ulkan iz qoldirib, borliginida bildirmay yashaydi… Lekin, arzigulik ishlari ortida boqiy qoladi.

Vohamizning ko‘zga ko‘ringan taniqli ijodkorlaridan biri Shafoat Rahmatullo Termiziy ham ana shunday jimgina, o‘z ta’biri bilan aytganda, ko‘rinmay gullagan shoir edi.

“Haqparast shoirlar insoniyat ko‘ksidan otilib chiqqan “oh” kabi abadiy zulumotga tahdid solib, ruhining quvvatiga yarasha shu’lalar sochadi”, degan edi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim Shafoat Rahmatullo Termiziyning “Ozod so‘z” kitobiga yozgan so‘zboshisida. U kishi shoirni kamtarlik, xushtabiatlilik, sabr-qanoatlilikda yuksaklarga ko‘tarib, “adabiyotning beminnat xizmatkori” deya ham siyrati, ham she’riyatiga eng munosib so‘z aytgan edi.

Shafoat Rahmatullo Termiziy umr bo‘yi o‘zini, borlig‘ini, ko‘rgan-kechirganlarini she’riyatga, adabiyotga urgan haqiqiy elsevar edi. Hayotini bor bo‘yicha ko‘rsatishga, hashamdan qochishga uringan, kerak bo‘lsa, tom-toshini-da jilvalashga qiziqmagan.

“Odamlar meni va oilamni borligimizcha, qanday bo‘lsak shundayligimizcha qabul qilsin”, degan so‘zlarini ijodkor bilan 32 yil birga turmush kechirgan ayoli Xosiyat Rahmatullayeva esga oladi. — Ijodkor bilan yashash ham baxt, ham mushkulot. Negaki, ijod ahli tabiatan injiq va o‘ziga xos xarakterga ega bo‘ladi. Manfaatlardan ko‘ra ijodini ustun qo‘ygan, asosiy vaqtini she’r yozishga, asarlar bitishga, kitob mutolaa qilishga baxshida etgan Shafoat Rahmatullo Termiziy qayerga borsa, bir olam kitob bilan qaytardi. Shirinliklar, zeb-u ziynatlarni emas, insonga bilim beruvchi asarlarni olib kelishdan hech char-chamasdi.

Shoirning ayoli ta’kidlaganidek, ijodkorning uyi kamtargina, odmigina edi. Turmush sharoiti ham haminqadar bo‘lib qolgandi. Dabdabadan uzoqda, she’riyat va ijod olami og‘ushida umrguzaronlik qilgan shoirimiz hayoti mobaynida boylik orttirmagan, uy-joyining ham ta’miri biroz e’tibordan chetda qolgandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun ijod-korlar, shoir va yozuvchilarni qadrlash, ularning xotirasini ulug‘lashga e’tibor kuchaydi. Ijod ahli har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayapti. Turmush sharoitlarini yaxshilashga ham alo-hida e’tibor berilayapti. 

Shafoat Rahmatullo Termiziy bugun oramizda bo‘lmasalar-da, u kishining oilasi Termiz shahridagi “Tuproq-qo‘rg‘on” mahallasida istiqomat qiladi. Viloyat hokimining tashabbusi bilan shoir yashab o‘tgan, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan xonadon yangidan ta’mirlandi. Zamonaviy jihozlar o‘rnatildi. Uy kutubxonasi ham qayta ta’mirlanib, kitoblar javoniga terildi. Bugun shoir ijodidan el bahramand. Navro‘z ayyomi arafasida esa Shafoat Rahmatullo Termiziy xonadonida u kishining yor-birodarlari, hamkasblari, ijodkorlar hamda shoir ijodiga ko‘ngil bog‘lagan talaba-yoshlar jam bo‘lishdi. Maqsad esa shoirni eslash, xotirlash va u kishining oilasidan xabar olib, kelayotgan “Navro‘z” ayyomi bilan tabriklash. 

— Shafoat aka bilan 20 yil Termiz davlat universitetining musiqa kafedrasida faoliyat yuritganmiz, — deydi dotsent Abdurayim Tusunov. — Sirojiddin Sayyid u kishini “Termiziydan qolgan sham”, deya ta’riflaganlar. Haqiqatda shoir, avvalo, chinakam inson, iste’dodli ijodkor va yaxshi ustoz edilar. Toshkent davlat konservatoriyasining vokal yo‘nalishida tahsil olganlar. Universitetimizga ishga kelishlaridan oldin Samar-qandda opera xonandasi bo‘lib ishlaganlarini aytib berardilar. Birga Vandobga borganlarimiz, xushchaq-chaq gurunglashganlarimiz hali-hamon qulog‘im ostida jaranglab turadi. Shafoat Rahmatullo Termiziyning “Meni yo‘qlab bahor keldimi?” she’rini qo‘shiq qilib ijro etganman. Ayni paytda ushbu qo‘shiq respublika “Oltin fondi”dan joy olgan.

Xurshid Karshiyev

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

JURNALISTIKANING TIRIK OSHIG‘I

Turdimurod Mustafoyev — ko‘pchilik jurnalistlar yanglig‘ sevgan sohasi ortidan naf ko‘rmay ham, nolimay ijodda bardavom …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan