Бош саҳифа / Қишлоқ хўжалиги / Kelajakka sarmoya tikib…

Kelajakka sarmoya tikib…

Qishloq bolalari qorli-qirovli kunlarda olis hududdagi maktabga borishga qiynalardi. Ba’zi birovlarning bolalari esa yo‘llar nosoz va maktabga boribqaytish qiyinlik tug‘dirganidan bir necha kun-haftalab ta’limdan uzilib qolardi. Bu holatdan esa pedagog sifatida Soat muallimning ham yuragi ezilardi.

Qishloq bolalariga uylariga yaqin joydan va qulay sharoitlarga ega maktab qurib berish kerak, degan qarorga keladi. Bu ish uchun kimdir tashabbus bilan chiqmasa, davlatdan ko‘mak kutib o‘tiraverish yaramaydi. Shundan so‘ng, paxta dalasining bir chetidan kichikkina maktab bunyod etish payida ish boshlaydi.

 — Eng yaxshi sarmoya — ta’limga qilingan sarmoya, deya bejiz aytilmagan, — deydi qumqo‘rg‘onlik Soat Xo‘jaqulov. — Bir zamonlar o‘zim ham tengdoshlarim bilan maktabga qiynalib qatnardik, loy tom ostidagi besh-oltita stol-stulda biz Vatanni sevishni, yaxshi inson bo‘lishni, ota-onani hurmatlashni, jamiyatga hissa qo‘shadigan komil inson bo‘lish kerakligini o‘rganganmiz. Birgina harf o‘rganish uchun yalangoyoq, yirtiq-yamoq kiyimlarda bo‘lsak-da maktabga oshiqardik. Men maktabga bormasdan, bilim olmasdan, yaxshi inson, yetuk mutaxassis bo‘lish mumkinligini, rosti, tasavvur ham qilolmayman. Yo‘llar nosozligi, qatnashga qiyin bo‘lgani uchun ham bolalar ta’limdan uzoqlashib, uyda turmush tashvishlari bilan o‘ralashib qolishini istamaganman.

Sifatli va uzluksiz ta’lim olib, bu yerdagilar ham bir kun kelib, katta odam bo‘lib yetishar, jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lar, degan maqsad ila maktab qurish harakatiga tushgan Soat muallimning mablag‘i, qolaversa, homiylarning ko‘magi kichikkina maktab binosi qad ko‘tarishida as qotdi. Bu voqea mustaqillikdan to‘rt yil burun boshlangan edi. Oradan bir yil o‘taro‘tmas qurilib foydalanishga topshirilgan Qumqo‘rg‘on tumanidagi 52-sonli umumta’lim maktabining bunyodkori ham, tashabbuskori ham Soat Xo‘jaqulov bo‘ldi. Muallim o‘zi bunyod etgan maktabda yoshlarga saboq berish barobarida 2002-yilga qadar rahbarlik ham qilib keldi. Nafaqaga chiqqach, o‘zini tamomila o‘zga sohaga urgan Soat bobo bugun 75 yoshida ham anchayin tetik va bardam. Yoshligida qiziqqan va yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun ham olis shaharda qolib agro sohaga baxshida bo‘lolmagan hayotining keksalik gashtini 10 gektar maydondagi bog‘ida barq urib turgan to‘rt mingga yaqin mevali daraxtlarga bag‘ishlaganiga nima deysiz?

Ta’lim bilan bog‘bonlik tamomila o‘zga soha. Ammo har ikkisida ham ezgu niyat mushtarak. Ta’limtarbiya negizida yoshlarga saboq berib jamiyatga munosib kadrlar chiqarish yotsa, bog‘bonlik orqali odamlar dasturxoniga sarxil, shirindan shakar mevalar tortiq qilish va farovon turmushni ta’minlashga bel bog‘lashning ham o‘z ziynati bor Mo‘jazgina intensiv bog‘dan to‘rt kishi muntazam ish bilan band. O‘tgan yili 20 tonnadan oshiq olma olingan bo‘lsa, bu yil 100 tonna mo‘ljalda. Katta nabirasi Shoxruh esa bobosiga esh. Samarqandga borishdi, voha bo‘ylab bog‘bonlardan mevalarni qanday ekish, qanday payvandlash, qachon o‘g‘itlash-u qaysi paytda sug‘orish kerakligining miridan sirigacha o‘rganishdi. Maqsad esa bitta —yaxshi bog‘bon bo‘lish, sifatli hosil olib, elni mevalardan bahramand etish. Tumanning oldi bog‘bonlaridan bo‘lgan Soat boboning aytishicha, mevalardan sifatli va mo‘l hosil olish borasida 10 ga yaqin tajribam ham o‘tkazishayotgan ekan. Ayni damda olma, anor, behilar yashnab, ko‘zni quvnatib turibdi. Olmaning ham sara, “Golden” navini ekishgan. Iqlimga moslashtirilgan amerikancha navi ham yaxshi hosilga kirgan.

—Hech kim birdaniga bog‘bon bo‘lib qolmas ekan, — deydi Soat bobo. — Avvaliga bog‘bonlardan soha sirlarini o‘rgandim, kitoblardan ham o‘qib keraklicha ma’lumotlar olyapman. Tonna-tonna olmalarni bir o‘zimiz yeb bitira olmasligimiz aniq. Shuning uchun ham mahalladagi ehtiyojmand oilalarga ham olma tarqatamiz, shu hududda joylashgan uch bog‘chadagilarga ham olma ilinamiz. Tunov kuni bog‘cha bolalari olma bog‘imizga sayohatga kelishdi. Men keksayib qolgan bo‘lsam-da, daraxtlar bilan doim birgaman, barg yozib, to kech kuzda xazonrezgi mahaligacha ular bilan hamnafasman. Daraxtlarni murg‘ak qalbli bolalarga qiyoslash mumkin. Ta’limda ham beg‘ubor, beozor va oqko‘ngil bolalar bilan birga edim. Bog‘bonlikda ham o‘sha muhit meni tark etgani yo‘q. Daraxtlar ham bolalarga o‘xshaydi. Yomonlikni sog‘inmaydi, sizni aldab, yoinki vafosizlik qilolmaydi.

Umrining 33 yilini yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi uchun bag‘ishlagan Soat Xo‘jaqulov keksalik gashtini daraxtlar ila hamohang o‘tkazib, o‘zini mehnatga urgani quvonarli. Qariyalar uyimizning farishtasi, degan gapda jon bor. Ayni paytda ikki farzandi, yetti nabirasi qurshovida, qolaversa, minglab daraxtlari qo‘ynida umrguzaronlik qilayotgan Soat bobo ham bir uyning fayzi, bir mahallaning farishtasi misoli.

A. Safarova

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Келгуси йил ғалла ҳосили мўл бўладими?

Қумқўрғон туманида 2022 йил ғалла ҳосилига бағишланган кўрғазмали семинар ташкил этилди. Бу ҳақида туман ҳокимлиги …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan