Бош саҳифа / Спорт / Jarqo’rg’ondan “Jenoa”gacha

Jarqo’rg’ondan “Jenoa”gacha

Bola dunyoga kelganida ota-onasi unga ezgu niyatlar ila turli o’yinchoqlar olib berishadi. Bolalarning barkamol bo’lib ulg’ayishi va  kelajakda qaysi kasbning etagidan tutishida bevosita o’ynagan birinchi o’yinchog’i ham turtki bo’lishi mumkin.

Bizning qahramonimizga ham otasi u tug’ilganidayoq koptok olib beradi. Bolaligida biror marta bo’lsa ham to’p tepmagan, qo’liga to’p ushlamagan bola bo’lmasa kerak, nazarimda. Bizning qahramonimiz esa nafaqat koptokni yoshligidan o’ynardi, balki unda to’p tepishga, futbol o’ynashga bo’lgan qiziqish shu darajada ediki, u boshqa narsa haqida, yoinki boshqa bir kasbni egallash haqida o’ylamasdi ham. Bolalikdanoq faqat va faqat futbolchi bo’lishni maqsad qilgandi. U tug’ilib voyaga yetgan oilani esa futbolchilar oilasi deyishardi. Endigina 25 yoshni qarshilagan bo’lsa-da u bugun dunyo maydonida to’p surmoqda. Italiya osmonida charaqlab turgan o’zbek yulduzining futboldagi shiddatiyu, shaxdi dunyoni lol qoldirmoqda.

Gap yer sharining bir chekkasidagi olis bir makonda tug’ilib, dunyoning boshqa bir nuqtasida o’zbek nomini futbolning ortidan ko’klarga ko’tarayotgan O’zbekistonning birinchi raqamli hujumchisi Eldor Shomurodov haqida ketayotganini payqagandirsiz. Ko’pchilik ushbu futbol yulduzining vohamizda tug’ilib o’sganidan bexabar bo’lsa kerak. Eldor Shomurodov 1995-yil 29-iyun sanasida Jarqo’rg’on tumani “Nurli diyor” mahallasida tug’ilgan.

Eldor ayni paytda Italiya A seriyasida “Jenoa” jamoasida hujum chizig’ida sobit qadamlik bilan to’p surayapti. Ammo bu nomga, bu mashhurlikka Eldor bir zumda erishib qoldimikin? U nega futbolga bunchalik shiddat bilan kirib keldi? Uning mashhurligiyu, haqiqiy futbolchi bo’lib yetishishida, yashil maydonlarni larzaga keltirib to’p bilan sirlashib yuqori natijalarga erishishida qanday omillarning ta`siri ko’proq?

Bu kabi savollarga javob topish, Eldor Shomurodovning bolaligi, futbolga kirib kelishi haqida kengroq tasavvurga ega bo’lish, uning bolalik xotiralari, u tarbiya topgan muhit bilan yaqindan tanishish maqsadida u tug’ilib o’sgan, o’ynab-katta bo’lgan bobosi Qulboy boboning xonadoniga bordik. U yerda bizni Eldorning buvisi 74 yoshli Xadicha Shomurodova kutib oldi.

Xadicha aya “Eldorjonni sog’indim-da, bolajonim palovni juda yaxshi ko’rardi, boyagina uni eslab o’tirgandim-da”, deya gap boshladi.

— Besh o’g’il bir qizim bor, Eldorjon to’ng’ich o’g’lim — Azamatning uchinchi farzandi bo’ladi, – deydi Xadicha Shomurodova. – Nabiram Eldor yoshligidan o’g’ir, bosiq, doimo kulib turadigan bola. U bilan bir yilda tug’ilgan amakilari Shavkat, Umid uchalasini bobosi kichkinaligidan to’p qo’ltiqlagancha stadionga olib borardi. Uch o’g’lim Azamat, Otabek va Ilhomlar ham futbolchi bo’lishgani uchun ham “O’g’illarim to’pning izidan quvib kam bo’lishmadi, nabiralarim ham ularga o’xshab futbolchi bo’lishsin, sportni sevishsin”, deya bobosi deya niyat qilardi. Sportga qiziqish, futbol o’ynash Eldorning qonida borda. Eldor futbolchi bo’lishni orzu qilardi. Umidjon bilan Shavkatjonlar boshqa sohaning etagini tutib ketishgan bo’lsa-da Eldor maqsadida qat`iy turdi.

Xadicha aya bilan Eldor haqida suhbatimizga Ilhom Shomurodovning ayoli, Eldorning yangasi Umida Turopova ham qo’shildi.

Eldorni maqtay ketdi. “Eldor mashhur futbolchi bo’lgan bo’lsa-da hech mehnatdan qochmaydi. Uyimizga kelganida tomorqa ishlariga ham kirishib ketaveradi. Qo’shni bolalar ham yig’ilib qolsa, ularga ham mehnatdan qochmasdan harakat qilish, sportni sevish va eng asosiysi oldinga intilib yashash, inson o’ziga berilgan umrni chiroyli va mazmunli o’tkazish kerakligini aytadi. Ba`zi birovlar ozgina mashhur bo’lsa kibrlanib odam tanimaydigan bo’lib qoladi. Ammo Eldorjon unaqalardan emas. Kamtarlik, yuzidagi tabassum unga yarashib turadi. Xarakteri ham, qarashlari ham bir biriga o’xshash bo’lganidanmi, futbolga qadam qo’yganidan boshlab, mening turmush orto’g’im Ilhom aka bilan   sirdosh. Har bir o’yindan keyin, albatta, telefon qilib suhbatlashishadi. Fikr almashishadi, futbolda yo’l qo’ygan kamchiliklariyu, yutuqlari bilan o’rtoqlashadi. Otasiga aytolmagan sirlarini ham amakisi bilan bo’lishadi. Otasidan biroz iymanadi-da. Uning yana bir yutug’i kattalar gapirganda labbay, deb turadi va hech gap qaytarmasligida, deb o’ylayman”.

— Eldor nabiram 6 yoshidan futbol o’ynashni, 11 yoshidan esa “Mash’al” futbol akademiyasida o’qishni boshladi. U yerdagi murabbiylari undagi intilishni, futbolga bo’lga qiziqishni ko’rib, qolaversa, o’yinlarda sinab, keyin “harakati bor, bundan kelajakda yaxshi futbolchi chiqadi” deb olib ketishdi. Keyinchalik u aynan shu “Mash’al” jamoasida futbolchilik faoliyatini boshladi.

— O’g’lim Otabek Shomurodov ham o‘z vaqtida “Neftchi”dagi o‘yinlari orqali nom qozongan va O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham to‘p surgan, – deya so’zini davom etadi Xadicha aya. –  Oilamiz katta. Futbolchilarimiz ko’p. Biz ayollar ham futbolni o’tkazib yubormasdan, ko’ramiz. Oilamizda ham asosiy mavzu futbol haqida bo’ladi. Eldor ham bu suhbatlarni jon qulog’i bilan tinglardi.

Balki Eldorning futbolga qiziqishiga oilaviy muhit ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Otasi bilan birga amakilari ham “Mash’al” akademiyasiga Eldorning o‘yinlarini ko‘rgani borishardi. Uning o‘zining ham kelajakda futbolchi bo‘lib etishishga ko‘zi etardi, ishonchi baland edi.

— Jiyanim “Rostov”ga ketganidan keyin ancha o‘sdi, o‘yini ham rivojlandi, deydi Eldorning tog’asi. – Futbolga bo‘lgan qarashlari ham o‘zgardi. Evropa futbolida o‘ynab yanada o‘sishni istardi. Uni hamma qarindosh urug’ qo’llab-quvvatlaydi. Jiyanim Evropada baribir futbol saviyasi boshqacha, derdi. Shuning uchun ham u bugun “Jenoa”da. Shuning uchun biz ham Eldorning qarorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Muhimi, jarohatlardan saqlasin. Sportchi uchun bu juda muhim. U hammaga yaxshilik qilishni yaxshi ko’radi. Kimdir unga yomon muomala qilsa ham u yaxshilik bilan javob qaytarishga tirishadi.

– Qo’shnimning farzandlari kichikligidan futbolni yaxshi ko’rishgani uchun ham ularni hamma “futbolchilar oilasi” deyishardi, – deydi Zubayda Qobulova. – Eldor ilk bor yutuqqa erishganida onasi ko’zida yosh bilan o’g’lini tabriklaganini bot-bot eslayman. Otang bilan sen bilan faxrlanamiz, deya uzoq duo qilgandi o’shanda. Men ham ushbu sportchiar oilasi bilan yonma-yon qo’shni bo’lganimdan faxrlanaman. Farzandlarimga ham ulardan o’rnak olishini, sport bilan shug’ullanish insonni ham jismonan ham ma`nan yetuklikka boshlashini takrorlayman. Eldor ham mahallamizga kelganida doim qo’li ko’ksida salom beradi. hol-axvol so’raydi. Havas qilsa arziydigan yigit, ota-onasining baxti.

“Ot izini toy bosar”

Buvisining aytishicha, Eldorning otasi “Sho‘rchi” jamoasida o‘ynagan. Qizig‘i, Eldor singari hujum chizig‘ida to‘p surardi. Keyinchalik Termizning “Avtomobolist” jamoasiga borganida oyog‘idan jiddiy jarohat olib qaytgach, uydagilar xavotirlanib, futbol o‘ynashiga qarshilik qilishgan.

Ilhom Shomurodovning ayolining aytishiga qaraganda, ularning ikkita o‘g‘li ham ayni paytda “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olishayapti. Ular ham Eldorga qiziqib ketishgan. “Mash’al” akademiyasida o‘qigani va “Bunyodkor”da to‘p surganidan zavqlanishib, unga o‘xshashni istashgani uchun o‘sha erda futbolchi bo‘lish uchun tinimsiz mashq va harakatda.

Adolat Mo’minova

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ким шоҳ, ким мот?

Сурхондарё вилояти Ички ишлар органлари аёл ходималари ва ходимларининг фарзандлари ўртасида соғлом турмуш тарзини тарғиб …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan