Бош саҳифа / Таълим / Iste’dodning yorqin uchquni

Iste’dodning yorqin uchquni

Jahon mumtoz asarlarini tinglagan zahotingiz, ko‘z oldingizda gavdalanadigan dunyo — asl san’atdan yaralganligini anglaysiz. Xoh Shubert, xoh Shopen, xoh Betxoven bo‘lsin, barida yetti notaning mutanosib uyg‘unligi, ta’sirchan va yurakka esh hissiyot mujassamligi seziladi. Endi tasavvur qilingki, maktab o‘quvchisi qariyb yigirma daqiqalik “Carol of the bells (Qo‘ng‘iroqlar jarangi)” shedevrini maromiga yetkazib chalmoqda. Unga ustozi hamroh.

Men esa bu kuyni ustozim yordami, hamda mustaqil harakatlarim evaziga to‘rt oy davomida mukammal o‘rgana oldim. Ustozim Shahriniso Sarfarazova bu kuyni tanlab, uni menga o‘rgatishi zamirida ham hikmat bor. U hamjihatlik bilangina to‘laqonli kuyga aylanadi. Va o‘rganishning o‘ziyoq sabringizni sinaydi. Suhbatdoshim Sarvinoz Toshmuhammedova — san’atning shinavandasi. Hali maktabning 9-sinfida tahsil oladi. Pianino chalishni sevadi. Gohida “Pianinongni ding‘illatishni bas qil” degan e’tirozlarga javoban hech kimga xalaqit bermaydigan paytlardagina o‘zi sevgan pianinosiga yaqinlashadi. Otasi uchun alohida, onasi uchun alohida kuy chalib beradi. Ularning talabidan shodlanadi.

—Shopenning o‘rtacha qiyinchilikdagi “Unutilgan vals” ijodiy ishi menga omadli keldi, — deydi Sarvinoz. — Xalqaro “Sozvezdie talantov” ko‘rik-tanlovida ushbu kuy bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Aslida, bu kuyni tanlov uchun o‘rganmagandik. Uning ohangi va ritmi yoqqanligi sabab o‘rganishni istagan edim.

Sarvinoz film va seriallarni ko‘rar ekan, uning musiqasiga alohida e’tibor qaratadi. Bo‘sh vaqtida eshitgan kuylarini pianinosi bilan birga qayta tiklaydi. O‘xshatmaguncha tinchimaydi. —Sarvinozning eshitish qobiliyati juda yaxshi, — deydi Termiz tumanidagi 13-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Shahriniso Sarfarazova. — U o‘ziga berilgan topshiriqni bajonidil qabul qiladi. Tanlangan musiqani avval eshitadi, his qiladi. Keyingina uni chalishga kirishadi. Jahon klassikasidan tashqari o‘zi mustaqil bir necha film va seriallarning musiqasini ijro etishi ham buni isbotlaydi. Unga eng yoqqani esa “Hatiko” filmidagi musiqadir.

Kelajakda pianino bo‘yicha ustoz bo‘lishni istayotgan Sarvinoz sportning voleybol turi bo‘yicha maktab peshqadami ham. Qolaversa, tasviriy san’atga ishtiyoqi baland. Suratlar mashq qiladi. San’atdan bir nafas uzoqlashmaslikka intilar ekan, musiqa hayoti mazmuniga aylanganligini ta’kidlashdan erinmaydi.

— Kim bilandir tortishib, asabiylashib qolsam ham pianino chalaman, — deydi Sarvinoz. — Bir kuy ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga ulanib ketaveradi. Hammasi unut bo‘ladi. Samimiyat va baxtiyor dunyo ifoda topgan kuylarda o‘zimni topaman.

Davomi gazetaning 48-sonida

Xurshid Karshiyev

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Боладек фикрлаш завқи

Севимли ёзувчимиз Саид Аҳмад «Болалар учун ёзаётган ёзувчи то ўша асар тугамагунича бола бўлиб турмаса …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan